Bangladeshda bosh vazir Shayx Hasina ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketgan talabalar noroziliklari ortidan iste’foga chiqib, chet elga qochib ketganidan keyin tuzilgan muvaqqat hukumatga tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Muhammad Yunus rahbarlik qiladi.
84 yoshli Yunus Parijda davolanib, 8-avgust kuni Dakkaga qaytdi, deya xabar bermoqda Reuters. “Uyga qaytganimdan o‘zimni yaxshi his qilyapman”, — dedi iqtisodchi aeroportda. Uning qo‘shimcha qilishicha, namoyishga chiqqan talabalar mamlakatni saqlab qolgan va erkinlik himoya qilinishi kerak.
Yunus prezident Muhammad Shahobiddinning rasmiy qarorgohida muvaqqat hukumat maslahatchilari guruhi rahbari sifatida qasamyod qilishi kutilmoqda.
Muhammad Yunus kim?
Muhammad Yunus “kambag‘allar bankiri” sifatida tanilgan. U, shuningdek, sobiq bosh vazir Shayx Hasinani uzoq vaqtdan beri tanqid qilib keladi.
Yunus 1940-yilda Chittagongda tug‘ilgan. Poytaxtdagi Dakka universitetining iqtisod fakultetini tamomlagan, so‘ngra Fulbright stipendiyasini qo‘lga kiritib, Tennessi shtatidagi (AQSh) Vanderbilt universitetida o‘qishni davom ettirgan va u yerda iqtisod fanlari doktori ilmiy darajasini olgan.
1971-yilda Bangladesh mustaqillikka erishgach, vataniga qaytib, Chittagong universitetining iqtisod fakultetini boshqargan.
1974-yilda Bangladeshda 1,5 million odam halok bo‘lgan og‘ir ocharchilik paytida Yunus qashshoqlikka qarshi kurashda qatnashgan.
“Menga Bangladeshdagi dahshatli ocharchilik fonida universitet darslarida nafis iqtisod nazariyalarini o‘rgatish qiyin kechdi. To‘satdan men yuz berayotgan ochlik va qashshoqlik oldida bu nazariyalarda bo‘shliq his qildim”, — degan Yunus Nobel mukofotini olgandan keyingi ma’ruzasida.
“Atrofimdagi odamlarga yordam berish uchun zudlik bilan nimadir qilishni xohlardim, hatto bir kishiga bo‘lsa ham”, — degan u.
Yunus kambag‘al aholiga o‘z cho‘ntagidan kichik kreditlar berishni boshlagan va 1983-yilda u Grameen Bank’ka (“Qishloq banki”) asos solgan, bu keyinchalik mikrokreditlar orqali qashshoqlikka qarshi kurashda jahon yetakchisiga aylangan. Bank tezda o‘sib borgan va butun dunyo bo‘ylab shu model ostida ishlaydigan filiallarini ochgan.
2006-yilda Yunus qashshoqlikka qarshi kurashga qo‘shgan hissasi uchun Tinchlik mukofoti bilan taqdirlangan. O‘shanda bank 6 milliard dollarga yaqin mablag‘ni uy-joy, talabalar va kichik tadbirkorlik uchun kreditlar sifatida ajratgan edi.
Nega norozilik namoyishlari boshlandi?
Bangladeshda norozilik namoyishlari iyul boshida boshlangandi. Mamlakatning elita universitetlari talabalari 1971-yilda Pokistondan mustaqillik uchun urushda qatnashgan faxriylarning qarindoshlariga davlat sektoridagi ish o‘rinlarining uchdan bir qismini zaxiralash tizimini o‘zgartirishni talab qilib ko‘chalarga chiqqan. Ularning aytishicha, tizim adolatsiz va ishchilar lavozimlarga xizmati asosida tanlanishi kerak.
Rasmiylar namoyishlarni kuch bilan bostirdi. Politsiya bilan to‘qnashuvlarda 200 dan ortiq odam halok bo‘ldi, 10 mingga yaqin odam hibsga olindi. Bu namoyishchilarni vaqtincha tarqatib yuborishga yordam berdi, ammo o‘limlarning ko‘pligi xalq noroziligini kuchaytirdi, deya ta’kidlaydi The New York Times. Natijada hafta oxirida namoyishlar mamlakat bo‘ylab tarqaldi va tartibsizliklarga aylanib ketdi, namoyishchilar Hasinaning iste’fosini talab qildi.
Armiya namoyishlarni bostirishdan bosh tortdi
Shayx Hasinaning Bangladeshdan to‘satdan qochib ketishi arafasida armiya shtabi boshlig‘i general Vaker-Uz-Zamon generallar bilan uchrashuv o‘tkazdi va norozilik namoyishlari fonida qo‘shinlar mamlakatda komendantlik soati joriy etish uchun tinch aholiga qarata o‘t ochmasligi haqida qaror qildi, deb yozadi Reuters manbalarga tayanib.
Shundan so‘ng Zamon Hasinaning idorasi bilan bog‘lanib, bosh vazirga askarlari buyruqqa rioya qilmasligini ma’lum qildi. Agentlik suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, xabar juda tushunarli edi: armiya endi Hasinani qo‘llab-quvvatlamaydi.
Reuters’ning qayd etishicha, bu Hasinaning 15 yillik boshqaruvi nega bunchalik tartibsiz yakuniga yetgani va mamlakatdan qochib ketganini izohlaydi.
Zamon nega sobiq bosh vazirni qo‘llab-quvvatlamaslikka qaror qilganini ochiqchasiga tushuntirmadi. Ammo Bangladesh armiyasining uch sobiq zobitiga ko‘ra, namoyishlar ko‘lami va qurbonlar soni Hasinani har qanday holatda ham qo‘llab-quvvatlashni imkonsiz qilib qo‘ygan.
“Qo‘shinlar orasida tashvish ko‘p edi, — dedi iste’fodagi brigada generali M. Sahovat Hussayn Reuters’ga. — Ehtimol, aynan shu armiya shtab boshlig‘iga bosim o‘tkazgan, chunki qo‘shinlar ko‘chada edi va nima bo‘layotganini ko‘rdi”.