6-avgust kuni erta tongda Ukraina qurolli kuchlari (UQK) Kursk viloyatida Rossiya bilan chegarani kesib o‘tib, rus harbiylari bilan jangga kirishdi.

UQKning Sudja va Korenevo tumanlariga hujumi haqida xabar bergan birinchi rossiyalik rasmiy manba Kursk viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov bo‘ldi. Uning yozishicha, “FSB” chegarachilari va harbiylar “chegarani buzishga yo‘l qo‘ymagan”.

Biroq seshanba kuni kechqurun Rossiya Mudofaa vazirligi chegarada janglar davom etayotgani haqida xabar berdi. Harbiy tashkilotning aytishicha, UQKning 300 ga yaqin harbiy xizmatchilari Kursk viloyatining Nikolayevo-Darino va Oleshnya aholi punktlari hududlaridagi rossiyalik chegarachilar pozitsiyalariga 11 tank va 20 dan ortiq zirhli habiy mashina yordamida hujum qilgan.

7-avgust kuni tushdan keyin Rossiya Mudofaa vazirligi rossiyalik harbiylar “FSB” bilan birgalikda “Kursk viloyatining Rossiya-Ukraina chegarasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tutash hududlarida UQKning qurolli tuzilmalarini yo‘q qilishda davom etayotgan"ini ma’lum qildi. Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina armiyasi “260 ga yaqin harbiy va 50 dona zirhli texnikasini” yo‘qotgan. Ushbu ma’lumotni mustaqil manbalar tasdiqlagani yo‘q.

Shu bilan birga, rossiyalik harbiy mavzudagi blogerlar UQK 10 kilometr oldinga siljiganini yozmoqda. 7-avgust kuni kechqurun blogerlar Ukraina harbiylari ikki shahar — Sudja va Korenevoga bostirib kirganini xabar qildi, deya aniqlik kiritmoqda “Agentstvo”.

Hududda o‘q otish va dron hujumlarida kamida 3 kishi halok bo‘ldi, 18 kishi yaralandi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin chorshanba kuni hukumat a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda UQKning Kursk viloyatiga hujumini “keng ko‘lamli provokatsiya” deb atadi va hudud aholisiga yordam ko‘rsatishni buyurdi. Keyinroq u huquq-tartibot idoralari rahbarlari bilan vaziyat yuzasidan yig‘ilish ham o‘tkazdi.

Yig‘ilishda RF Bosh shtabi rahbari Valeriy Gerasimov UQKning Kursk yo‘nalishida oldinga surilishi to‘xtatilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, UQKning yo‘qotishlari 315 kishini tashkil etgan — kamida 100 nafari halok bo‘lgan, qolganlari yaralangan. Bundan tashqari, u Ukrainaning 54 ta zirhli texnikasi, jumladan, yetti tanki yo‘q qilinganini aytdi.

BBC rus xizmati Ukraina armiyasining Kursk viloyatidagi yutug‘i UQK proksi tuzilmalari — Rossiya ko‘ngillilar korpusi va “Rossiya ozodligi” legionining 2023-yilda Bryansk, Kursk va Belgorod viloyatlari hududida o‘tkazgan avvalgi reydlariga o‘xshamasligini ta’kidladi. Nashr ko‘p sonli harbiy guruhlar, zirhli mashinalar va hujum qo‘shinlarining harakatlari “aniq muvofiqlashtirilgani"ni ta’kidladi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy chegaraning oldingi chiziqlarida xizmat qilayotgan vatandoshlariga minnatdorchilik bildirdi.

“Dushmanni yo‘q qilishda davom etish muhim… Ukrainaga urush olib kelgan tajovuzkor Rossiyaga qanchalik ko‘p bosim o‘tkazsak, tinchlik shunchalik yaqin bo‘ladi”, — deb yozdi u X tarmog‘ida.