8-avgust kuni bo‘lib o‘tgan jang yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi bokschisi Bahodir Jalolov Parijdagi Olimpiya o‘yinlari finaliga chiqdi.
92 kg dan yuqori o‘ta og‘ir vazn toifasi yarim finalida 2020-yilgi jahon va Olimpiada chempioni Bahodir Jalolov 2022-yilgi Yevropa chempioni va 2023-yilgi jahon chempionatida bronza medali sohibi bo‘lgan kelib chiqishi kamerunlik nemis bokschisi Nelvi Tiafak bilan jang qildi.
Jalolov uzun qo‘llari va baland bo‘yi tufayli masofani nazorat qildi va o‘ng qo‘li bilan aniq zarbalar berdi. O‘zbekistonlik uch raundning barchasida 5:0 hisobini qayd etdi.
Finalda u Jamili-Dini Abudu (Fransiya) — Ayyub Gadfa (Ispaniya) juftligi g‘olibiga qarshi bahs olib boradi. “Oltin” uchun jang 11-avgustga o‘tar kechasi soat 1:51 da bo‘lib o‘tadi.
Shu tariqa Bahodir Jalolov Hasanboy Do‘smatov (51 kilogrammgacha), Lazizbek Mullojonov (92 kilogrammgacha) va Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayevdan (71 kilogrammgacha) keyin finalga chiqqan to‘rtinchi o‘zbekistonlik bokschi bo‘ldi. Hali yana bir bokschi Abdumalik Xalokov yarim final jangini o‘tkazishi kerak.