Prezident 6-avgust kuni “Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Markaz O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari tomonidan 2023-yil 9-noyabrda imzolangan uning faoliyatini tartibga solish to‘g‘risidagi bitimga muvofiq tashkil etilmoqda.

Uni tashkil etish uchun Sirdaryo tumanidagi 50 gektar sug‘oriladigan yer uchastkasi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar toifasiga o‘tkazilmoqda.

Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari qisqarib ketishining oldini olish maqsadida Sirdaryo viloyati hokimligiga 2026-yil 1-yanvarga qadar yer fondi toifasi o‘zgartirilayotgan yer uchastkasining ikki baravari miqdorida yangi yer uchastkalari o‘zlashtirish hamda sug‘oriladigan yerlar toifasiga o‘tkazish topshirildi.

Markaz faoliyatini boshqarish “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi" unitar korxonasiga yuklatildi.

Markazning faoliyat ko‘rsatish muddati 30 yil va ushbu muddat keyinchalik qonunga muvofiq uzaytirilishi mumkin. Faoliyati davomida uning ishtirokchilariga erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari uchun belgilangan alohida soliq, bojxona imtiyozlari va boshqa preferensiyalar tatbiq etiladi.

Markaz hududida “yagona darcha”, interaktiv mexanizmlarga asoslangan bojxona, sertifikatlashtirish, fitosanitariya, veterinariya, transport, bank va valyuta ayirboshlash, uyali aloqa, shuningdek, mijozlar uchun tibbiyot, mehmonxona, avtotransport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish hamda boshqa xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi.

Markazda faqat O‘zbekiston va Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ishlab chiqarish sertifikati nazorati ostida sotiladi.

O‘zbekiston hududida bo‘lgan xorijiy davlat fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uning hududiga alohida nazorat o‘tkazish punkti orqali kirishi mumkin bo‘ladi.

Markaz hududida shaxslar, transport vositalari va yuklar erkin harakatlanadi.

Qozog‘iston va u orqali tashrif buyuruvchi chet el fuqarolari uchun markaz hududiga maxsus nazorat o‘tkazish punkti orqali vizasiz tartibda, shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan kirish, 15 kun mobaynida hududda bo‘lish va kirgan nazorat punkti orqali chiqish imkoniyati yo‘lga qo‘yiladi.