Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida noqonuniy usulda baliq ovlaganlar ushlandi, deb xabar bermoqda Ekologiya vazirligi.

Tashkilotning hududiy boshqarmasi va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan Sho‘rchi tumanida tezkor nazorat tadbiri o‘tkazilgan. Unda Tamaddun mahallasida yashovchi 4 nafar fuqaro Surxondaryoning mahalladan oqib o‘tuvchi qismida noqonuniy baliq ovlagani aniqlangan.

Huquqbuzarlar tomonidan 182 bosh kumush tovon balig‘i (karas), 37 bosh orol moy balig‘i, 2 bosh Samarqand xramulyasi (tupak) baliqlari taqiqlangan usul — elektr qarmoq bilan ovlangan.

Hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar 1 milliard 439 million 900 ming so‘mni tashkil etdi.

Holat yuzasidan huquqiy baho berish va hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar summalarini undirish maqsadida barcha to‘plangan hujjatlar viloyat prokuraturasiga yuborildi.