Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturi Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida quyosh energiyasidan foydalanadigan yangi tomchilatib sug‘orish tizimini ishga tushirdi, deb xabar qildi BMTTDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati.
Xabarda qayd etilishicha, O‘zbekistonning qishloq joylarida ko‘plab oilalar o‘z tomorqalarida sabzavot yetishtiradi, ammo suv taqchilligi ortib borayotgani sabab sabzavot ekinlaridan barqaror hosil olish qiyinlashib bormoqda.
Oqqo‘rg‘on tumani suv ta’minoti holati og‘irligi bilan tanilgan, shuning uchun u yer tomchilatib sug‘orish tizimini joriy qilish uchun tanlandi. Ushbu tizim uchun 180 metr chuqurlikdan suv chiqaradigan vertikal sug‘orish qudug‘ining suv nasoslari quyosh panellaridan quvvatlanadi.
Loyiha doirasida bugungi kunda mazkur tizim 10 ta xonadonning 0,8 gektar yerini tomchilatib sug‘orishi orqali egatlab sug‘orishga nisbatan 60 foizga yaqin suv tejab qolinmoqda. Shu bilan birga, ushbu sug‘orish tizimining umumiy quvvati uning foydasini yana 20 dan ortiq xonadonga kengaytirib, jami 3 gektar yerni sug‘orish uchun ham yetadi.
Quyosh panellari quvvatidan ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasi davlat elektr tizimiga sotiladi, olingan daromad esa sug‘orish qudug‘i va tomchilatib sug‘orish tizimini saqlash va boshqarish uchun sarflanadi.
YIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi hamkorlik bo‘limi rahbari Vim Riepmaning ta’kidlashicha, “quyosh energiyasi bilan ishlaydigan ushbu tomchilatib sug‘orish tizimi nafaqat suv tanqisligini bartaraf etadi, balki O‘zbekistonda yanada barqaror qishloq xo‘jaligiga yo‘l ochadi. Eng muhimi, mahalliy tomorqa yer egalari muqobil elektr energiya va sug‘orish tizimidan samarali foydalanish imkoniyatini qo‘lga kiritmoqda, bu esa oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda ularning daromadlarini oshirishga xizmat qiladi”.
BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii ta’kidladi: “Bugun quyosh energiyasi yordamida ishlaydigan tomchilatib sug‘orish tizimining ishga tushirilishi butun O‘zbekiston aholisi hayotini yaxshilash yo‘lidagi muhim voqea bo‘ldi. Bugun texnologik innovatsiyalar qashshoqlikni qisqartirish, ochlikka barham berish, suv va energiya xavfsizligi ta’minlash hamda yerlarni muhofaza qilish bo‘yicha bir nechta Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga yordam berayotganiga guvoh bo‘lyapmiz”.
Ochilish marosimida suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Timur Butunboyev, qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov, Oqqo‘rg‘on tumani hokimi To‘ra Bobolov, shuningdek, Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari hamda mahalliy aholi ishtirok etdi.
Tashabbus Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshka ilmiy-tadqiqot instituti, Qishloq oziq-ovqat mahsulotlarini rivojlantirish xalqaro strategik markazi (ISCAD) yetuk mutaxassislari, Toshkent viloyati Agroxizmatlar markazi (AKIS) hamda Qo‘shtepa mahallasi vakillaridan iborat Innovatsion guruh tomonidan amalga oshirildi.
“Iyun oyida qurg‘oqchilik bo‘lib qolar edi. Tomchilatib sug‘orish kelib, hatto yozning kunida ham, bog‘imiz yam-yashil, yangi pomidor, baqlajon va bulg‘or qalampirlarimiz pishib turibdi. Maza qilib bog‘dorchilik qilyapmiz”, — deydi xonadonlardan birida yashovchi Maftuna Axmedova.
Yangi tomchilatib sug‘orish tizimi va Innovatsion guruhni ishga tushirish “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot"ga inklyuziv o‘tishini qo‘llab quvvatlash va iqlimga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish” (EU-AGRIN) loyihasi doirasida amalga oshirildi. Loyiha BMTTD tomonidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yiladi va YI tomonidan moliyalashtiriladi.