Toshkent xalqaro aeroporti uchish zalining “steril” hududi yana 2000 kvadrat metrga kengaytirildi, deb xabar berdi Uzbekistan Airports kompaniyasi matbuot xizmati.
Yangi maydon kutish zalidagi Art bazar savdo nuqtalarining chap tomonida ochildi. Loyihaga ko‘ra, ushbu hududda o‘rindiqlar bilan jihozlangan keng kutish maydoni hamda fudkort tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Ayni paytda E-auksion platformasidagi savdolar natijalariga ko‘ra ikkita kompaniya bilan shartnomalar tuzildi, ulardan biri aeroportda The Border by Teriyaki restoranini, ikkinchisi o‘z hududida to‘rtta brendni: Hardee’s, Pizza Hut, La Croissanterie va Pinkberry’ni birlashtiradi.
Tez orada restoranlarning qurilishi boshlanadi. Hozircha fudkortga mo‘ljallangan joylar tez orada ish boshlaydigan brendlarning logotiplari tushirilgan bannerlar ortida yashiringan.
Hozirda yangi zalda o‘zbek Caffelito tarmog‘ining qahva burchagi joylashgan bo‘lib, u yerda yo‘lovchilar uchun issiq va sovuq ichimliklar, shirinliklar va yangi pishiriqlar taqdim etiladi.
Qo‘shimcha zalning qurilishi umumiy jo‘nash zalini B5-B6-B7 chiqish yo‘laklari bilan ulash imkonini berdi. Bundan tashqari, kelajakda kelayotgan va ketayotgan yo‘lovchilar oqimini ajratib turuvchi alohida galereya va pastki zaldan bortga chiqish yo‘laklarini ochish mumkin bo‘ladi, deya qayd etdi aeroport matbuot xizmati.
Eslatib o‘tamiz, ayni paytda Toshkent aeroportida 2025-yil oxirigacha davom etadigan rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Xalqaro aviaqatnovlar terminali maydoni ikki barobar kengayadi, jo‘nab ketish hududiga kirish yo‘llari o‘zgaradi, uchib kelish va uchib ketish zallari yagona majmuaga birlashtiriladi, terminalning ikkinchi qavatida ochiq terrasa paydo bo‘ladi.