8-avgust kuni Parijda bo‘lib o‘tayotgan yozgi Olimpiya o‘yinlarining 13-kunida O‘zbekistondan sakkiz nafar sportchi kanoeda eshkak eshish, erkin kurash, boks, zamonaviy beshkurash, taekvondo va badiiy gimnastika bo‘yicha musobaqalarda ishtirok etadi, deb xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi.
Badiiy gimnastika
Soat 13:00 dan so‘ng ko‘p karra Osiyo chempioni va ikki karra Osiyo o‘yinlari chempioni 20 yoshli Taxmina Ikromova yakkalik bahslarida ko‘pkurash dasturi bo‘yicha saralashda ishtirok etadi.
Taekvondo
Soat 13:35 dan so‘ng Tokio Olimpiadasining O‘zbekiston tarixidagi eng yosh chempioni, jahon chempionatining bronza medali sovrindori, 68 kilogramm vazn toifasida jang qiluvchi 22 yoshli Ulug‘bek Rashitov 1/8 final bahslarini boshlaydi. Uning raqibi keyinroq ma’lum bo‘ladi.
Kanoeda eshkak eshish
Soat 13:50 dan so‘ng 2017-yilgi Osiyo chempioni, 2019-yilgi jahon chempionati va 2023-yilgi Osiyo o‘yinlarining bronza medali sovrindori 27 yoshli Nilufar Zokirova Kanada, Nigeriya, Ispaniya, Senegal, Rossiya va Moldova vakillari bilan birga 200 metrga kanoeda eshkak eshish bahsida startga chiqadi.
Erkin kurash
Soat 14:35 dan so‘ng 1/8 final bosqichida 2017-yildan buyon O‘zbekiston nomidan kurashadigan, Dog‘istonda tug‘ilgan 27 yoshli rossiyalik Javrail Shapiyev (-86 kg) 23 yoshli gruziyalik Vladimir Gamkrelidzega qarshi gilamga chiqadi. Raqib vitse-jahon chempioni va Yevropa bronza medali sovrindori. Shapiyev Osiyo vitse-chempioni va Osiyo o‘yinlarining bronza medali sovrindori bo‘lib, Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarida beshinchi o‘rinni egallagan.
Soat 15:00 dan so‘ng 1/8 final bosqichida 25 yoshli G‘ulomjon Abdullayev (-57 kg) 2023-yilgi Yevropa chempioni, 2021-yilgi yoshlar o‘rtasidagi jahon chempioni ozarbayjonlik Aliabbas Rzazodaga qarshi kurashadi.
G‘ulomjon Abdullayev 1998-yil 11-noyabrda Xorazm viloyatida tug‘ilgan. Murabbiyi — Baxtiyor Sobirov. 2016-yildan yoshlar terma jamoasi vakili, 2018-yildan esa terma jamoa a’zosi. 18 yoshida kurashchi U-20 jahon chempionatining bronza medali sohibiga aylangan. Yoshlar o‘rtasida ikki karra Osiyo chempioni. U Konya-2021 Islom birdamlik o‘yinlarida ham oltin medalni qo‘lga kiritdi. Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi.
Zamonaviy beshkurash
Soat 17:30 dan keyin 34 yoshli Alise Faxrutdinova zamonaviy beshkurashning saralash bosqichida (sakrash, qilichbozlik, otish, yugurish, suzish) ishtirok etadi.
Alise Faxrutdinova 1990-yil 23-fevralda Moskvada tug‘ilgan. U murabbiy Muhammad Okashi qo‘l ostida Olimpiadaga tayyorgarlik ko‘rdi. 2009-yil yoshlar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lgan. Estafeta bo‘yicha 2013-yilgi jahon chempionatining bronza medali sovrindori. 2019-yildan buyon O‘zbekiston terma jamoasi sharafini himoya qilib kelmoqda. O‘sha yili aralash dastur bo‘yicha Osiyo chempionatida bronza medalini ham qo‘lga kiritgan. Tokio-2020 Olimpiadasi ishtirokchisi.
Boks
9-avgustga o‘tar kechasi soat 00:30 da O‘zbekistonning 24 yoshli bayroqdori, jahon, Osiyo va Osiyo o‘yinlari chempioni Abdumalik Xalokov yarim finalda avstraliyalik 22 yoshli Charli Senior bilan kuch sinashadi.
Soat 01:34 dan so‘ng 2016-yilgi Olimpiada chempioni, jahon chempioni, uch karra Osiyo chempioni Hasanboy Do‘smatov (-51 kg) finalda jahonning ikki karra bronza medali sohibi, fransiyalik 26 yoshli Bilal Bennama bilan jang qiladi. U Yevropa o‘yinlari hamda Yevropa chempionidir. Bu raqiblar shu vaqtgacha o‘zaro to‘qnash kelmagan.