Kolumbiya okrugi federal sudi Google qidiruv tizimlari o‘rtasidagi raqobatni “bo‘g‘ish” uchun o‘z bozor imkoniyatlarini suiiste’mol qilgan degan qarorga keldi, deb yozadi The Washington Post.
“Google — monopolist va u o‘z monopoliyasini saqlab qolish uchun harakat qildi”, — deyiladi sudya Amit Mehta qarorida.
Sud AQSh Adliya vazirligining kompaniya Apple va boshqa smartfon ishlab chiqaruvchilar bilan shartnomalar tuzib, ularni Google’ni standart qidiruv tizimi sifatida belgilashga ko‘ndirgani, bu orqali monopoliyaga qarshi qonunlarni buzgani haqidagi xulosalariga qo‘shildi. Sudya, shuningdek, kompaniyaning raqobatchilarga teng sharoitlarda ishlashga imkon bermagan boshqa harakatlarini ham qoraladi.
AQSh bosh prokurori Merrik Garland sudda Google ustidan qozonilgan g‘alabani “tarixiy” deb atadi. “Hech qanday kompaniya, qanchalik katta yoki kuchli bo‘lmasin, qonundan ustun emas”, — dedi u.
Kompaniyaning global masalalar bo‘yicha prezidenti Kent Uokerning aytishicha, Google sud qarori ustidan shikoyat qilishni rejalashtirmoqda. “Sud o‘z qarorida Google eng yaxshi qidiruv tizimini taklif qilishini tan oldi, ammo biz uni osonlik bilan barcha uchun ochiq qilib bera olmasligimiz kerak, degan xulosaga keldi”, — dedi u. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu jarayon davomida kompaniya “odamlarga foydali va foydalanish oson bo‘lgan mahsulotlarni yaratishga e’tiborini qaratadi”.
Bu qaror Google’ning kelajakdagi biznesiga qanday ta’sir qilishi noma’lum, chunki dastlabki xulosa faqat kompaniyaning javobgarligiga taalluqli, zararni qoplashga emas. Google’ning taqdiri sud jarayonining keyingi bosqichida aniqlanadi, bu esa ba’zi biznes amaliyotlarini to‘xtatish buyrug‘idan tortib Google qidiruv biznesining bo‘linishigacha bo‘lgan har qanday narsaga olib kelishi mumkin, deb yozadi The Verge.
Google nimada ayblandi?
Adliya departamenti Google ustidan uch yil avval sudga murojaat qilgan. AQSh rasmiylari, xususan, kompaniya cheklovchi va raqobatga qarshi choralar ko‘rish orqali onlayn qidiruv va qidiruv reklama bozorida monopoliyani noqonuniy ushlab turishini da’vo qilmoqda.
AQSh Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Google butun dunyo bo‘ylab qidiruv so‘rovlarining qariyb 90 foizini tashkil qiladi. Bu esa, o‘z navbatida, kompaniyaning har yili 160 milliard dollardan ko‘proq daromad keltiradigan va Alphabet daromadining asosiy qismini tashkil etuvchi reklama biznesini faollashtiradi.
Kompaniya, AQSh Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Google qidiruv tizimi ko‘pchilik qurilmalarda standart sifatida ishlashi uchun Apple va Samsung kabi mobil telefon ishlab chiqaruvchilarga yiliga 10 milliard dollardan ko‘proq pul to‘laydi.
Bundan tashqari, Google’ning Android qurilmalar ishlab chiqaruvchilari bilan alohida kelishuvlari raqobatchi qidiruv tizimlarini oldindan o‘rnatish yoki reklama qilishni taqiqlaydi. Buning evaziga bu ishlab chiqaruvchilar Google’ning qidiruv tizimidan tushgan reklama daromadining bir qismini oladi.
Amerika rasmiylariga ko‘ra, Google’ning hamkorlar bilan tuzilgan eksklyuziv kelishuvlari boshqa qidiruv xizmatlariga bozorda samarali raqobatlashish yoki o‘z mahsulotlarini yaxshilash imkonini bermaydi. Shuningdek, Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Google qidiruv natijalari sahifalarida reklama narxlarini oshirish uchun o‘zining monopol mavqeidan foydalangan.
Sud qarori texnologiya sohasidagi raqobatga qanday ta’sir qilishi mumkin?
Google monopoliyasini tan olish texnologik kompaniyalar o‘rtasidagi raqobat uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, deb yozadi The New York Times.
Hukumatning Apple, Amazon va Meta kompaniyalariga oid monopoliyaga qarshi da’volari hozirda sudda ko‘rib chiqilmoqda. Nashrning ta’kidlashicha, Google’ga qarshi sud jarayonidagi qaror bu ishlarga katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Gazetaga intervyu bergan ekspertlarning ta’kidlashicha, qaror muhim ahamiyatga ega, chunki u yirik texnologik platformalarga kompaniya hukmronlik qilishi mumkin, lekin bu hukmronlikni suiiste’mol qila olmaydi, degan tamoyilni uqtiradi.