Siyosat
Doniyor G‘aniyev deputatlik faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi
O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Doniyor G‘aniyev deputatlik faoliyatini muddatidan avval yakunlaganini e’lon qildi. “Bu faoliyatda davom etish o‘zim uchun ham, saylovchilar uchun ham manfaatli bo‘lmasligini tushunib yetdim”, — deb yozdi u. G‘aniyev ishini Vazirlar Mahkamasida davom ettiradi.
Iqtisodiyot
Renovatsiyaga tushgan hududlar aholi murojaatlari asosida taklif etilgan — Toshkent hokimligi
Toshkent hokimligining ta’kidlashicha, renovatsiyaga tushgan hududlar mahalliy aholining murojaatlari asosida taklif etilgan. Uy-joylarning tahlili shaharsozlik me’yorlariga javob bermasligini tasdiqladi, deya qayd etdi hokimlik. Loyiha hududlarni yaxlit rivojlantirishni nazarda tutadi.
Uzbekistan Airways’ning foydasi birinchi yarim yillikda 5,4 baravarga oshdi
Uzbekistan Airways aviakompaniyasining 2024-yilning birinchi yarmidagi sof foydasi 269 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu 2023-yilning shu davriga nisbatan 5,4 barobarga ko‘pdir.
Termiz davlat pedagogika institutining 2 mlrd so‘mlik tenderi natijalari bekor qilindi
Raqobat qo‘mitasi tanlov takliflarini baholash mezonlarining nisbiy qiymati ishlab chiqilmagani uchun Termiz davlat pedagogika institutining 2 mlrd so‘mlik tenderi bekor qilinganini ma’lum qildi. Institutga nisbatan ish qo‘zg‘atildi.
O‘zbekistonda qalbaki markirovkali mahsulotlar savdosi uchun jinoiy javobgarlik joriy etish reja qilinmoqda
O‘zbekistonda kontrafakt yoki qalbaki markirovkalangan mahsulotlarni sotganlik uchun jinoiy javobgarlik, shuningdek, markirovka qoidalarini buzganlik uchun jarima jazosini joriy etish reja qilinmoqda. Belgilangan tovarlarning ulgurji savdosi naqd pulsiz shaklda amalga oshiriladi.
Urganch aeroporti UQY rekonstruksiyasidan so‘ng birinchi reysni qabul qildi (foto)
Urganch aeroporti uchish-qo‘nish yo‘lagining kapital ta’miridan so‘ng birinchi samolyotni qabul qildi. Toshkentdan uchib kelgan Uzbekistan Airways layneri havo arkasi bilan kutib olindi, yo‘lovchilarga Xorazm nonlari uzatildi. Foto.
Avtokredit berish ikki baravar qisqardi, mikroqarzga talab keskin oshdi
O‘zbekistonda birinchi yarimyillikda avtokreditlar berish hajmi ikki barobardan ko‘proqqa — 18,5 trln so‘mdan 8,9 trln so‘mga, shuningdek, uning kreditlash umumiy hajmidagi ulushi 40,2% dan 19,7% ga qisqardi. Buning fonida mikroqarz va mikrokredit berish 1,5 barobar oshdi. Ipoteka kreditlash sekinlasha boshladi.
O‘zbekiston davlat budjeti defitsiti 36,4 trln so‘mga yetdi
Joriy yilning yetti oyida O‘zbekiston davlat budjeti defitsiti 36,4 trln so‘mni (taxminan $2,88 mlrd) tashkil etdi. Iyulda defitsitning o‘sish sur’ati pasayib, 2,5 trln so‘mni ko‘rsatdi. Sobiq deputat Doniyor G‘aniyev iyun o‘rtalarida nega birinchi yarimyillikda xarajatlar daromaddan oshib ketganini tushuntirgandi.
Jamiyat
“Saidaziz medgorodok” sudi yakuni: kimga qanday hukm o‘qildi? (to‘liq ro‘yxat)
“Saidaziz medgorodok” va yana 28 kishiga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Saidaziz Saidaliyev 20 yilga qamaldi. Sudlanuvchilarning ba’zilari 5 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa, ayrimlariga axloq tuzatish ishlari va ozodlikni cheklash jazosi berildi. Bir sudlanuvchi jazodan ozod etildi. Batafsil.
Toshkentning uchta tumanida 6 mingga yaqin xonadon bir kunga gazdan uziladi
Poytaxtning Bektemir, Yangihayot va Sergeli tumanlaridagi jami 5786 ta xonadon va 37 ta ulgurji iste’molchi 6-avgust kuni tabiiy gaz ta’minotidan uziladi.
Sirdaryoda tadbirkordan 4 ming dollar olgan soliq xodimiga hukm o‘qildi
Sirdaryo viloyati Soliq boshqarmasining bosh inspektori 2 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. U kompaniyalarning soliq qarzlarini bankrot deb topish yo‘li bilan bartaraf qilib berish evaziga 4 ming dollar olayotganida ushlangandi.
Surxondaryoda poyezd urib yuborgan Lacetti haydovchisi halok bo‘ldi
Qumqo‘rg‘on tumanida yo‘lovchi poyezdi urib yuborgan Lacetti haydovchisi halok bo‘ldi. U svetoforning taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmay harakatini davom ettirgan.
Uchta viloyatda noqonuniy yer sotmoqchi bo‘lganlar ushlandi
DXX Farg‘ona, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida noqonuniy yer sotish holatlarini aniqladi. Uchko‘prik tumanida 56 yoshli shaxs o‘ziniki bo‘lmagan 12 sotix yerni 130 ming dollarga sotmoqchi bo‘lganida ushlandi. Qashqadaryoda esa hokimlik xodimi 25 gektar yerni 5 ming dollarga pullayotganda qo‘lga tushdi.
Madaniyat
Oradan 5 yil o‘tib, yana “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali o‘tkaziladi
Samarqandda 26−30-avgust kunlari “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali bo‘lib o‘tadi. Bu gal tadbirlar Registon maydonida emas, “Boqiy shahar” majmuasida tashkil etiladi. Unda 70 ga yaqin mamlakatdan vakillar qatnashishi kutilmoqda. Festival oxirgi marta 2019-yilda o‘tkazilgandi.
Sport
Parij-2024: Bugun sport kurashchilari gilamga chiqadi, bokschi Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev yarim finalda jang qiladi
Parij Olimpiadasining 11-kunida Aram Vardanyan va Rustam Assakalov Yunon-rum kurashi bo‘yicha, Aktenge Keunimjayeva esa erkin kurash bo‘yicha gilamga chiqadi. 7-avgustga o‘tar kechasi bokschi Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev amerikalik raqibiga qarshi yarim finalda jang qiladi.
Jahon
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Salim Abduvaliyevni qidiruvga berdi
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi “Salimboy” nomi bilan tanilgan o‘zbekistonlik Salim Abduvaliyevni qidiruvga berdi. U uyushgan jinoiy guruh faoliyatini moliyalashtirishda gumonlanmoqda.
Kamala Harris demokratlardan prezidentlikka nomzod bo‘ldi
AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris Demokratik partiya delegatlarining 99 foiz ovozini oldi va prezidentlik sayloviga uning nomzodi ko‘rsatildi. U 6-avgust kuni vitse-prezident nomini aytishi kutilmoqda.
AQSh sudi Google’ni monopolist deb topdi
AQSh sudi Google monopoliyaga qarshi qonunlarni buzgan, deb qaror qildi. Kompaniya smartfonlarda standart qidiruv tizimi bo‘lish uchun shartnomalar tuzgan. “Google — monopolist”, — dedi sudya va IT gigantining harakatlari “monopoliyasini saqlab qolish"ga qaratilganini ta’kidladi.
Bizni o‘qiyotganingiz uchun rahmat!