Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik (DXSH) loyihasi bo‘yicha tenderning birinchi bosqichi e’lon qilindi. U O‘zbekiston hukumati tomonidan Uzbekistan Airports kompaniyasi, Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirliklari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabariga ko‘ra, loyiha “Qurish, foydalanish, topshirish” (Build-Operate-Transfer — BOT) modeli bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bunday loyihalarni amalga oshirishda tajribaga ega bo‘lgan manfaatdor kompaniyalar ishtirok etishga taklif etiladi.
Bugungi kunda Urganch aeroportiga 8 ta aviakompaniya muntazam reyslarni, 40 ga yaqin aviakompaniya charter reyslarni amalga oshirmoqda. 2023-yilda aeroport 590 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2024-yilda yo‘lovchi tashish hajmi 17 foizga oshishi kutilmoqda. Dastlabki prognozlarga ko‘ra, DXSH davrida yo‘lovchilar tashish hajmi yiliga o‘rtacha 7,5 foizga o‘sadi.
Modernizatsiya loyihasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- 3500 m uzunlikdagi yangi uchish-qo‘nish yo‘lagini qurish;
- asosiy burilish yo‘lagini qurish;
- 2 bosqichli burilish yo‘laklarini qurish;
- 2 ta tutashuvchi burilish yo‘laklarini qurish;
- mavjud apronni rekonstruksiya qilish;
- yangi ma’muriy terminal qurish;
- yangi yuk terminalini qurish;
- maxsus jihozlar binosini qurish;
- yangi umumiy ovqatlanish majmuasini qurish;
- maydoni 39 ming m² bo‘lgan xalqaro reyslar uchun soatiga 1000 yo‘lovchiga (ham jo‘nash, ham qo‘nish) va ichki reyslar uchun soatiga 300 yo‘lovchiga (ham jo‘nash, ham kelish) xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan yangi yo‘lovchi terminalini qurish.
Eslatib o‘tamiz, 20-iyuldan 5-avgustgacha aeroport uchish-qo‘nish yo‘lagini kapital rekonstruksiya qilish uchun yopilgandi. 5-avgust oqshomida u ta’mirdan so‘ng ilk parvozini amalga oshiradi.
Prezidentning 2022-yil apreldagi farmoni bilan 2023-yil oxirigacha Toshkent xalqaro aeroporti va samaradorligi past bo‘lgan boshqa aeroportlarni, shuningdek, Buxoro va Urganch xalqaro aeroportlarini modernizatsiya qilish va DXSH boshqaruviga o‘tkazish rejalashtirilgan.