O‘zbekistonlik bokschi Lazizbek Mullojonov Parij-2024 Olimpiadasi finaliga chiqdi va o‘ziga kamida kumush medalni kafolatladi.
4-avgust kuni 92 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida Osiyo chempioni, harbiylar o‘rtasida jahon chempioni, 2022-yilgi jahon chempionati bronza medali sovrindori yarim finalda Osiyo o‘yinlari chempioni tojikistonlik Davlat Boltayevga qarshi ringga ko‘tarildi.
O‘zbekiston vakili 4:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Finalda unga asli kubalik bo‘lgan ozarbayjonlik bokschi, 2021-yilgi jahon chempioni va 2023-yilgi jahon vitse-chempioni, Tokio-2020 o‘yinlari bronza medali sovrindori Lauren Alfonso Dominges raqiblik qiladi.
“Oltin” uchun jang 10-avgustga o‘tar kechasi soat 01:34 da bo‘lib o‘tadi.
Bungacha Hasanboy Do‘smatov 51 kilogramm vazn toifasida finalga o‘tgandi. Erkaklar terma jamoasining yana uch nafar vakili yarim final janglarini o‘tkazadi.