Tarmoqlarda Toshkent shahrida eri bilan ajrashgan ayolning tanishi undan alamini olish uchun bolasini pichoqlab o‘ldirgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, holat 9-iyul kuni Yashnobod tumani Yakkatol ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylarning birida sodir bo‘lgan.

Uyda ijarada turgan 30 yoshli erkak qonuniy nikohdan o‘tmasdan yashab kelgan ayol bilan o‘zaro janjallashgan. Oqibatda u ayolning birinchi turmushidan bo‘lgan 3 yoshli o‘g‘il farzandiga pichoq bilan bir necha marotaba jarohat yetkazgan.

Shundan so‘ng erkak hodisa joyidan yashiringan. Bola shifoxonaga olib kelingunga qadar vafot etgan.

Holat bo‘yicha tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Oliy sud matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudining 10-iyuldagi ajrimlari bilan iltimosnomalar qanoatlantirilib, gumon qilinuvchi S.M.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Unga sud-psixiatriya ekpertizasi o‘tkazish belgilandi.