Toshkent Fotosuratlar uyida 2-iyul kuni balet san’atini suratga tushirishi bilan tanilgan fotograf Bobur Alimxo‘jayevning “Fransiya o‘zbek fotosuratchisi nigohida” nomli ko‘rgazmasi ochildi.

Toshkent fotosuratlar uyi. Foto: Murod Yusuf / “Gazeta.uz”Toshkent fotosuratlar uyi. Foto: Murod Yusuf / “Gazeta.uz”

Bobur Alimxo‘jayev — 1993-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Maktabni bitirgach, shifokor bo‘lish maqsadida tibbiyot kollejiga kiradiyu, o‘qish davomida bu sohani yaxshi ko‘rishi, biroq kasb sifatida ko‘ra olmasligini anglab yetadi. 3-kursda esa mobilografiya bilan shug‘ullanishni boshlaydi. O‘zining ta’rifi bilan aytganda, mobilografiyaga qiziqishi uning keyingi yo‘nalishi — hayotda o‘zini qaysi kasb egasi sifatida ko‘rishini belgilab beradi. Kollejni tamomlab, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida badiiy foto yo‘nalishiga o‘qishga kiradi.

Nima uchun Fransiya?

Fransiya Boburni yoshligidan o‘ziga jalb qilib kelgan. Institutda o‘qigan paytlari san’atshunoslik darslarida rassomlarni davrlar bo‘yicha o‘rganib chiqish davomida impressionizm janriga qiziqib qoladi. Fransuz rassomi Edgar Deganing asarlarini sevib kuzata boshlaydi. Aynan uning ishlaridan ilhomlanib, baletga qiziqadi va, to‘qqiz yildirki, Toshkentdagi balet tomoshalarini suratga tushirib keladi.

Fotosuratchi Fransiyaga ilk bor ish safari bilan borganida dizayn, arxitektura, haykaltaroshlik, balet, fotografiya, umuman, san’atning barcha turlari bir yerda to‘plangan bu manzilga erkin sayohat bilan albatta kelish kerak ekan degan, xulosaga keladi.

Bobur keyinchalik Fransiya shahar va qishloqlari bo‘ylab sayohat qiladi, Orse, Oranjeri, Luvr muzeylari, jahonga mashhur rassom Pablo Pikasso, taniqli haykaltarosh Ogyust Rodenning uy-muzeylariga borib, ijodkorlarning ishlaridan ilhomlanish barobarida fotsuratlar ham oladi. Shu tariqa ikki yil davomida to‘plagan suratlaridan fotoko‘rgazma qilish fikri paydo bo‘ladi.

Nima uchun plyonka?

Namoyishga qo‘yilgan suratlarning o‘ziga xosligi shundaki, ularning barchasi plyonkali fotoappartda olingan. Boburning tushuntirishicha, raqamli fotoapparat yoki smartfonda olingan fotosuratni o‘sha zahoti ko‘rish mumkin, plyonkali fotoapparatda esa bu imkonsiz. Qolaversa, raqamli fotoapparat ko‘plab texnik vazifalarni o‘zi avtomatik bajarsa, fotoplyonkada hammasini qo‘lda to‘g‘rilash kerak.

“Plyonkali fotoapparatning o‘z jarayoni bor va suratlar qanday chiqqanini plyonkadagi barcha kadrlarni ishlatib bo‘lgach bila olasiz. Deylik, bitta plyonkani oldingiz, fokus yoki ekspozitsiyani noto‘g‘ri tanlab qo‘ysangiz, 36 kadrdan birorta ham pichoqqa ilinadigan surat chiqara olmaslik ham mumkin”, — deydi fotorassom.

Fotoplyonka bilan bog‘liq kutilmagan vaziyatlar Boburni ham chetlab o‘tmagan. Bir safar o‘rnatilayotgan plyonka fotoapparatning ichiga noto‘g‘ri kirib ketadi. U qanchalik harakat qilmasin plyonkani chiqarib ololmaydi va tushkunlikka tushib qoladi. Keyin Parijning o‘zidan plyonka sotadigan bitta do‘kon topadi. Baxtiga do‘kondagilar plyonkani chiqarib olishga yordam beradi. Bobur aynan o‘sha plyonkani ishlatib, yaxshi suratlar olganini quvonib eslarkan, shunday kutilmagan muammoli holatlari bo‘lishi, suratga olish jarayoni biroz qiyinroq kechishiga qaramay, plyonkali fotoapparat raqamli fotoapparatdan ustunligi, plyonkada hayot borligini ta’kidlaydi.

Ko‘rgazmaga qo‘yilgan suratlarda bino va tabiat tasvirlari ko‘p. Bobur buning sababini shunday izohlaydi:

“Fransiya arxitekturasi san’at darajasida, juda chiroyli. Har bir binoning o‘ziga xos eksterer va interer elementlari bor. Parijda esa o‘zingizni ochiq osmonli muzeydagidek his qilasiz. Albatta, vizualist sifatida bular meni o‘ziga jalb qilmasdan qolmaydi. Shuning uchun ko‘rgazmadagi suratlarning asosiy qismini binolar tasvirlari, peyzajlar tashkil etadi. Albatta, odamlarni ham suratga tushirganman, buning uchun ularning o‘zidan ruxsat so‘rashga to‘g‘ri keladi. Strit-foto olish uchun esa maxsus yurish, qandaydir fursatlarni kutish kerak. Kimdandir uni suratga olaman deguningizcha, fursatni yo‘qotasiz va tabiiylikka baribir sal bo‘lsa-da putur yetadi”, — deydi rassom.

Suratlarda aks etgan manzara va obyektlarning manzillari xilma-xilligiga qaramay, Bobur ularni maxsus tanlab, ataylab, suratga olish uchun rejalab bormagan. Sayohat uchun qay manzilga borgan bo‘lsa, o‘sha joydan suratlar olib ketavergan.

Ko‘rgazma 12-iyulgacha davom etadi.

Bobur Alimxo‘jayevning o‘ziga eng ko‘p yoqadigan besh fotosurat tarixi

bobur alimxo‘jayev, fransiya, ko‘rgazma, parij, toshkent fotosuratlar uyi

Bu surat haykaltarosh Ogyust Rodenning uy-muzeyidan olingan. Bobur muzeyda aylanib yurganda qo‘lida plyonkali fotoapparat ushlab turgan qizni uchratib qoladi. “Menga shu lahzaning o‘zi yoqadi. Plyonka, qiz va Roden byusti”, — deydi rassom.

bobur alimxo‘jayev, fransiya, ko‘rgazma, parij, toshkent fotosuratlar uyi

Bu surat esa Fransiya poytaxtidagi eng baland nuqta — Monmartr tepaligidan olingan. Eski vaqtlarda bu tepalikda mashhur rassomlarning ustaxonalari bo‘lgan. Hozir ham galereyalar ko‘p, umuman, bu joy hozir ham rassomchilik markazi. Bobur Monmartrda aylanib yurarkan, bir tarafda zamonamiz odamlari, boshqa tarafda esa xuddi o‘tgan asr odamlari o‘tirganidek manzaraga duch keladi va buni darhol suratga muhrlaydi.

bobur alimxo‘jayev, fransiya, ko‘rgazma, parij, toshkent fotosuratlar uyi

Parijdagi Lyuksemburg bog‘ida olingan ushbu surat esa rassomga o‘zining geometriyasi, to‘r liniyalari bilan yoqadi. “Yomg‘ir yog‘ayotgan payt edi, bog‘ni aylanarkanman, soyabonni ushlab suratga tushirishga shoshildim. Bir qo‘limda soyabon, bittasida esa fotoapparat, orqamda ryukzak. Amallab fokusni to‘g‘rilab, shu suratni olgandim”, — deydi Bobur Alimxo‘jayev.

Rassom oq-qora rangli kadrlarni yaxshi ko‘radi. Rangli suratlarni ham ko‘p olishini aytarkan, “oq-qora” odamning diqqat-e'tiborini buzmasligi, ranglar esa biroz chalg‘itishi, oq-qora tasvirda esa holatni boricha ko‘rish mumkinligini aytadi.

bobur alimxo‘jayev, fransiya, ko‘rgazma, parij, toshkent fotosuratlar uyi

Bu surat daraxtlarning osilib turgan shoxlari Burj shahri arxitekturasi bilan uyg‘unlik hosil qilgani uchun Boburga juda yoqadi. “Jarayonining o‘zidayoq xayolimda: “Osilib turgan shoxlar xuddi tushda chizilgan naqshlardek chiqadi, deb o‘ylaganman. Buni yaponcha minimalizm desa ham bo‘ladi, suratning quyi qismida esa haqiqiy Yevropa me’morchiligi”, — deydi rassom.

bobur alimxo‘jayev, fransiya, ko‘rgazma, parij, toshkent fotosuratlar uyi

Bu suratni esa rassom 2022-yili Ganna nomli kichik kommuna (mahalla yoki qishloq)dagi festivalga borganida u yerdagi cherkovning ichida olgan. Quyosh nurlari ibodatxonaning rangli vitrajlaridan tushib, gilamdek ko‘rinish hosil qilgani uchun ham bu surat muallifga yoqadi.