Navoiy shahrida bir nechta yosh yigit va ichki ishlar bo‘limi tergovchisi 16 yoshga to‘lmagan qiz bilan jinsiy aloqada bo‘ldi, deya xabar bermoqda Kun.uz.

Qayd etilishicha, 2023-yilning dekabr oyida Navoiy shahrida joylashgan muzqaymoq shoxobchasi yerto‘lasida bir nechta yigit 2008-yilda tug‘ilgan qiz bilan navbati bilan jinsiy aloqa qilgan. Ayblangan yigitlarning eng kattasi 23, eng kichigi esa 18 yoshda bo‘lgan.

Holat yuzasidan 6 nafar yigitga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudining 2024-yil 7-iyundagi hukmi bilan yigitlarning uchtasi Jinoyat kodeksining 128-moddasi 3-qismi “a” bandida (Takroran, xavfli retsidivist tomonidan o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish), ikkitasi Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismida (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan.

Sud hukmi bilan sudlanuvchilarning ikki nafariga 3,5 yil, bir nafariga 4,5 yil va bir nafariga 5 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Nashrning yozishicha, Navoiy shahar IIB tergovchisi mazkur ishni tergov qilish jarayonida, ya’ni 2024-yilning yanvar oyida Toshkentda malaka oshirish o‘quv kursida bo‘lib turgan vaqtda, ushbu voyaga yetmagan qizni Toshkent shahriga chaqirib, u bilan jinsiy aloqa qilgan. Mazkur holat yuzasidan Navoiy viloyat prokuraturasi tomonidan ish ochilib, tergovchi ham qamoqqa olingan.

Shuningdek, hozirda yana uch yigitning voyaga yetmagan qiz bilan jinsiy aloqada bo‘lgani holati bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsuddinovning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 128−1-moddasi (O‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoki mulkiy yoxud boshqacha tarzda manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Jinoyat ishi doirasida 1 nafar shaxs qamoqqa olingan.

Ish yuzasidan bolalar ombudsmani “Gazeta.uz"ga o‘z vakolatlari doirasida kuzatuv olib borayotganini bildirdi. Shuningdek, bola manfaatlari nuqtai nazaridan ishning sudda ko‘rilishida ham o‘z kuzatuvini davom ettiradi.