Toshkent aeroportida mahalliy vaqt bilan soat 19:44 da noqulay ob-havo sharoiti (yomg‘ir, aerodrom ustida momaqaldiroq) tufayli havo kemalarining qo‘nishi va uchishiga cheklovlar joriy etildi, deya xabar berdi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Noqulay ob-havo sharoiti tufayli bir nechta reyslar muqobil aerodromlarga yo‘naltirildi. Xususan, bortida 183 yo‘lovchi bo‘lgan Sankt-Peterburg — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha uchgan HY-634 reysi va Myunxen — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha uchgan va bortida 116 yo‘lovchi bo‘lgan HY-236 reysi Samarqand aeroportiga qo‘ndi.

Shuningdek, 3 ta yuk reyslari muqobil aerodromlarga yo‘naltirildi. HY-3124 Budapesht-Toshkent reysi Navoiyga, AZG-6941 Boku — Toshkent reysi Namangan aeroportiga, MFX-656 Urumchi — Toshkent reysi Samarqandga qo‘ndi.

Ayni damda — soat 21:00 holatiga ko‘ra, Toshkent aeroportida ob-havo sharoiti barqarorlashdi. O‘rnatilgan cheklovlar olindi, deyiladi xabarda.