Yevro-2024`da kuchli to‘rtlik saralanib ulgurdi. Endi kim finalga chiqishini aniqlash qoldi. To‘rt terma jamoa ham favoritlardan hisoblanadi. Bu turnirda “syurpriz” terma jamoalarning “pik”i chorak final bo‘ldi. O‘tgan to‘rt o‘yinning faqat bittasida natija asosiy vaqtda hal bo‘lib ulgurdi. Ular kutilganidek qiziqarli bo‘ldimi, tahlil qilamiz.

Yoshlik tajribadan ustun keldi

евро-2024, тактiка

Intriga, afisha shundoq ham zo‘r edi. Buni esa Xoselu hamda Kroosning “so‘z o‘yini” yanada qizdirib berdi. Yakuniy natija esa ma’lum — Kroosning so‘nggi o‘yini bo‘ldi ushbu bahs.

Shubhasiz, nemislar tajriba va klass jihatdan har tomonlama ustun ko‘ringan edi. Ispaniya esa o‘zining nisbatan yosh tarkibi bilan hech kimga imkoniyat qoldirmayapti. Ushbu uchrashuv statistikasiga qaraydigan bo‘lsak, to‘p nazoratida deyarli tenglikni ko‘rishimiz mumkin — 52% ga 48%. Standart vaziyatlar ijro etish bo‘yicha nemislar ustun. Hatto golli vaziyat yaratish (xG) bo‘yicha ham Nagelsman shogirdlari bir bosh baland — 1,46 — 2,03.

Hakamlik haqida ham savollar talaygina. Jumladan, Kroosning bir necha marta raqib futbolchilariga ishlatgan qo‘polliklari ogohlantirish bilan kifoyalandi. Shu bilan birga, Germaniya muxlislari Musialaning zarbasidan so‘ng to‘p Ispaniya jarima maydonchasi ichidagi Kukurelyaning qo‘liga teggan vaziyatga e’tiroz bildirdi. Garchand bosh hakam ham, VAR ham bu vaziyatga katta e’tibor qaratmagan bo‘lsa-da, muxlislarning asablari taranglashdi. O‘yindan keyin ko‘rib chiqilgach, ushbu vaziyatda hakamlar to‘g‘ri qaror qabul qilgani ma’lum bo‘ldi.

Ispaniya ushbu o‘yindagi natija orqali yarim finalga yo‘l oldi. Shu bilan birga, ikki terma jamoa o‘rtasidagi o‘yinlarda g‘alabalar soni ham tenglashdi — 9:9. Kroos, Myuller, Noyer esa terma jamoadagi faoliyatini yakunladi. So‘nggi 10 yillikning barcha futbolchilarini kelgusi turnirlarda ko‘rmaymiz…

Pepe yig‘lagan oqshom: Portugaliya haqliroqmidi yoki Fransiya?

евро-2024, тактiка

Ha, haqiqatan ham, yuqori darajadagi uchrashuv bo‘ldi. Mazkur bahsdan kutilmalar nisbatan kam, asosan ehtiyotkor uchrashuv bo‘lishi aytilgandi. Ammo Ronaldu yetakchiligidagi terma jamoa ajoyib o‘yin o‘tkazdi. xG’da hatto 1,68 ko‘rsatkichga ega bo‘ldi portugaliyaliklar. Fransuzlarda esa bu ko‘rsatkich 0,92 ni tashkil etdi. To‘p nazorati bo‘yicha ham ustunlik Martines shogirdlarida — 63% ga 37%.

Portugaliya qanotlardan ko‘plab hujumlar uyushtirdi, uzoq masofadan zarbalar berdi. Shu bilan birga, Fransiya ham yaxshi hujumlarni amalga oshirdi. Bir so‘z bilan aytganda, nomdor futbolchilardan ko‘ra butun boshli jamoa zo‘r o‘ynadi ikkisida ham. Lotereya esa, xohlaysizmi, yo‘qmi, baribir omad.

Pepening ko‘p ehtimol Portugaliya terma jamoasidagi oxirgi uchrashuvi bo‘ldi. Ronaldu esa kelgusi Yevroda ishtirok etmasligi ta’kidlanmoqda. Germaniyada bo‘lgani kabi Portugaliyada ham bir avlod tugamoqda. Yangi avlod sifatida 6−8 yildan buyon ko‘rinib kelayotgan fransuzlar esa final sari dadil qadam tashlamoqda.

Sautgeyt Angliya muxlislarini yana xavotirga soldi

евро-2024, тактiка

Uchrashuvning 76-daqiqasidan so‘ng ko‘pchilik kutgan Angliyani ko‘rishni boshladik. Gol o‘tkazib yuborgach, qator yetakchilarni zaxiradan maydonga tushirdi, hujumga o‘tdi, natija esa o‘zini ko‘p kuttirmadi. Aslida, mutaxassislar ham, muxlislar ham angliyalikdan shunday o‘yinni kutmoqda. Sautgeyt esa buni faqat mag‘lubiyatga uchrayotganda amalga oshiradigandek.

Shveysariya ham yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Garchand ko‘pchilik bahsda Italiya bilan bo‘lgani kabi hujumkor futbol va tezlikni kutgan bo‘lsa ham, yo Angliya bunga imkon bermadi, yoki shveysariyaliklar biroz hayiqdi. Shunga qaramay, statistikaga e’tibor berilsa, xG bobida ustunlik Yakin shogirdlarida — 1,31. To‘p nazorati bo‘yicha ham (51% ga 49%), darvoza tomon zarbalarda (13 — 12) esa deyarli tenglik.

Zerikarli o‘tdi, deya baholanayotgan uchrashuv penaltilar seriyasiga qadar bordi. Akanjining adashishi esa terma jamoasini yarim final yo‘llanmasidan mahrum etdi. Aytgancha, Pikfordning suv ichadigan idishida raqib terma jamoa futbolchilarining penaltilarni qaysi tomonga tepishi mumkinligi yozilgan ro‘yxat mavjudligi ma’lum bo‘ldi.

“Turkiya ertagi” chorak finalgacha davom etdi

евро-2024, тактiка

Shaxsan Rajab Toyyib Erdog‘an tashrif buyurgan uchrashuvni turkiyaliklar yaxshi boshladi. Natija esa o‘zini ko‘p kuttirmadi, Gyulerdan pas, Akaydindan gol. Shundan so‘ng o‘yin yanada “qizidi”. Navbati bilan hujumlar, ochiq futbol muxlislarga yoqqani aniq. Ikkinchi bo‘limda ham shu zayl davom etgan uchrashuv 70- va 76-daqiqada urilgan gollardan so‘ng ancha o‘zgardi.

Statistikaga e’tibor berilsa, golli vaziyatlar yaratishda ham (0,87 — 1,37), darvoza tomon zarbalarda (11 — 15) ham Turkiya ustun. Yakuniy natija esa o‘zgarmay qoldi. Niderlandiya himoyasi biroz sust o‘ynaganida ham, hozir umuman boshqa narsalar o‘qiyotgan bo‘lishingiz, butun dunyo “Turkiya ertagi” haqida gapirib yurgan bo‘lardi. Hatto futbol vatani muxlislarida ham titroq paydo bo‘larmidi, kim bilsin.

Darvoqe, chorak finalning to‘rtala uchrashuvida ham mag‘lub bo‘lgan terma jamoalar raqibiga qaraganda golli vaziyat yaratish bo‘yicha ustun bo‘ldi. Tushunish mumkinki, natijaga qaratilgan o‘yin > hujumlar qaratilgan o‘yin.

Material “Taktika” bilan hamkorlikda tayyorlandi.