Mas’ud Pezeshkiyon Erondagi prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida g‘alaba qozondi, deya xabar qildi Reuters mamalakat ichki ishlar vazirligiga tayanib.

“Juma kuni saylovchilarning ko‘pchiligining ovozlarini qo‘lga kiritib, Pezeshkiyon Eronning navbatdagi prezidenti bo‘ldi”, — deyiladi Eron ichki ishlar vazirligi xabarida.

IRNA`ning yozishicha, kelib chiqishi ozarbayjon bo‘lgan Pezeshkiyon 16,4 mln (saylovda qatnashganlarning 54,8 foizi) ovoz to‘plagan. Uning raqibi Said Jaliliyga esa 13,5 mln (45,2 foiz) eronlik ovoz bergan.

Birinchi bosqichda ikki nomzod ham 50 foizdan ko‘p ovoz to‘plolmagandi. Mas’ud Pezeshkiyon 42,5 foiz, Said Jaliliy esa 38,5 foiz ovoz jamg‘argandi.

Eslatib o‘tamiz, Eronda prezident saylovlari sobiq prezident Ibrohim Raisiy vafoti munosabati bilan muddatdan avval o‘tkazildi. Ichida Ibrohim Raisiy bo‘lgan vertolyot 19-may kuni Eron shimoli-g‘arbidagi tog‘li hududga qulab tushgandi. U Ozarbayjon bilan chegaradagi Araks daryosi to‘g‘onining ochilish marosimidan qaytayotgan edi. Unga hamrohlik qilgan delegatsiya, jumladan, Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyan ham vafot etgan.