Qozog‘istonda o‘zbekistonlik jiyanlarini vasiylikka olgan va ularga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilgan erkak ushlandi. Bu haqda bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova xabar berdi.

Qayd etilishicha, 6-iyun kuni bolalar ombudsmaniga 24 yoshli A.A. (ayol)dan murojaat kelib tushgan. Unda onasi va otasi vafot etgani, singillari — 2006-yilda tug‘ilgan I.A. va 2012-yilda tug‘ilgan S.R. uchun eng yaqin qarindosh bo‘lsa-da, unga emas, balki amakisi R.R.ning vasiyligiga berilgani qayd etilgan.

Amakisi esa qizlarni Qozog‘istonga uyiga olib ketgani, qizlarga uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etayotgani bildirilgan. Ayol o‘z singillariga jinsiy zo‘ravonlik sodir etayotgan amakisiga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni hamda singillarini O‘zbekistonga qaytarish hamda eng yaqin qarindosh ekani sababli qizlarga uni qonuniy vakil etib tayinlanishida amaliy yordam so‘ragan.

8-iyun kuni bolalar ombudsmanining Ichki ishlar va Tashqi ishlar vazirliklari orqali O‘zbekistonning Olmaota shahridagi bosh konsuliga yuborgan so‘rovi asosida qizlar amakisining uyidan politsiya va vasiylik organi tomonidan olib ketilib, murakkab ijtimoiy vaziyatlarga tushib qolgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash Olmaota shahri adaptatsiya markaziga joylashtirilgan.

Hozirda qizlarga barcha zaruriy ijtimoiy-psixologik ko‘mak ko‘rsatilmoqda️, deyiladi xabarda.

Qozog‘iston huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan A.A. protsessual tartibida ushlanib, unga nisbatan Qozog‘iston Jinoyat kodeksi 121-moddasi, 3−1 qismi 1-bandi (Jinsiy xarakterdagi zo‘ravonlik harakatlari) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 17-iyun kuni sud tomonidan erkakka nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Jinoyat ishiga jabrlanuvchi sifatida jalb qilingan voyaga yetmagan I.A. va S.R.ning qonuniy manfaatlarini jinoyat ishi yurituvi davomida himoya qilish maqsadida bolalar ombudsmani o‘zining xorijiy hamkasbi, Qozog‘iston bolalar ombudsmani bilan qizlarga barcha zaruriy himoya choralarini ko‘rsatish yuzasidan muzokara olib borib, hozirda qizlarga tegishli ko‘mak ko‘rsatish jarayoni boshlandi, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, Surayyo Rahmonova, IIV va TIV tomonidan voyaga yetmagan qizlarga nisbatan vasiy tayinlash va (tergov yakunidan so‘ng) O‘zbekistonga qaytarish choralari ko‘rilmoqda.