Poytaxtimizda sovrin jamg‘armasi 166 ming dollarni tashkil qiluvchi UzChess Cup 2024 xalqaro turniri yakunlandi. Kuchlilar guruhida birinchi o‘rinni o‘zbekistonlik Nodirbek Yoqubboyev va Nodirbek Abdusattorov egallashdi. “Gazeta.uz” g‘olib Nodirbek Yoqubboyev bilan suhbatlashdi.

Musobaqa 6-iyundan 14-iyunga qadar uch guruhda bo‘lib o‘tdi. Eng kuchli Masters guruhida 10 nafar shaxmatchi ishtirok etdi. Bular: Nodirbek Abdusattorov (O‘zbekiston, 2766), Shaxriyor Mamedyarov (Ozarbayjon, 2734), Parham Magsudlu (Eron, 2732), Aleksandr Grischuk (Rossiya, 2728), Yuy Yan’i (2728), Santosh Gujrati (Hindiston, 2721), Richard Rapport (Ruminiya, 2715), Aleksey Sarana (Serbiya, 2706), Javohir Sindarov (2684) va Nodirbek Yoqubboyev (2665).

Birinchi o‘rin uchun 25 ming dollar, ikkinchi o‘rin uchun 20 ming va uchinchi o‘rin uchun 15 ming dollar mukofot belgilandi. To‘rtinchi va beshinchi o‘rinlar har biri 10 000 dollardan oldi.

To‘qqiz raund yakuniga ko‘ra, Nodirbek Yoqubboyev g‘alaba qozondi. U Vidit va Magsudluni mag‘lub etdi, qolgan barcha bilan durang o‘ynab, 5,5 ochko to‘pladi. Nodirbek Abdusattorov ham xuddi shunday ochkoga ega bo‘lib, qo‘shimcha ko‘rsatkich — shaxmatchining raqiblari to‘plagan ochkolar sonini hisobga olgan Berger koeffitsienti bo‘yicha mag‘lub bo‘ldi. Yuy Yan’i 5 ochko bilan uchinchi bo‘ldi. To‘rtinchi o‘rindan Sarana, beshinchi o‘rindan esa Javohir Sindarov joy oldi.

Bu Yoqubboyevning birinchi shaxsiy muvaffaqiyati emas. O‘tgan yili u Qatar Masters turnirida dunyoning eng kuchli shaxmatchilari Karlsen va Nakamurani ortda qoldirib, g‘olib chiqqandi.

— Yuy Yan’iga qarshi so‘nggi o‘yinda yuzdan ortiq harakat qildingiz. Birinchi o‘rin uchun durang yetarli bo‘lmaydi deb o‘ylaganmidingiz?

— Men bu o‘yinda faqat g‘alaba qozonishga harakat qildim. Shunday ekan, Viditning g‘alabasidan so‘ng birinchi o‘rinni egallash uchun durang ham yetarli ekanini bilardim (Yoqubboyev avvalroq turnirda Viditni mag‘lub etgan edi, shuning uchun hindistonlik grossmeyster qo‘lga kiritgan ochkolar uning qo‘shimcha ko‘rsatkichini oshirdi — tahr.). Lekin g‘alaba qozona olmaganimdan jahlim chiqib, oxirigacha o‘ynadim.

— Turnirda g‘alaba qozonish juda yaqin ekanini tushunganingizda nimani his qildingiz?

— Men xotirjamroq o‘ynay boshladim, balki o‘yinda g‘alaba qozonishimga shu to‘sqinlik qilgandir. Men kuchsiz harakatlar qilib, tez o‘ynashni boshladim.

— Har holda, birinchi o‘rin ajoyib natija. Uyda o‘ynash osonroqmi yoki qiyinroqmi?

— Albatta, uyda osonroq. Qarindoshlaringiz va do‘stlaringiz yaqin bo‘lsa sizni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu juda ko‘p yordam beradi. Va butun turnirda kuchliroq raqiblarga qarshi o‘ynash, 2400 reytingli hindistonlik shaxmatchilar bilan o‘ynab, ularni mag‘lub etishga harakat qilib, asabiylashishdan (reytinglar deflyatsiyasi va yosh o‘yinchilarning tez o‘sishi tufayli elita qatoriga kirmagan hind shaxmatchilarining reytinglari juda past baholanadi, buning natijasida chet ellik grossmeysterlar ular bilan o‘yinlarda muntazam ravishda ochko yo‘qotadilar — tahr.) ko‘ra yaxshi. Kuchlilar bilan o‘ynagan ma’qul.

— Jamiyat tomonidan bosim, e’tibor kuchayganini his qilmayapsizmi?

— Ishimni bajarishga, shaxmat o‘ynashga harakat qilyapman. Oxirgi raund oldidan ikkinchi o‘rinni egallashim yoki hatto yutqazishim mumkin bo‘lgan natija haqida asabiylashdim. Lekin men o‘ynashni boshlaganimda, o‘yinga e’tiborimni qaratib, hamma narsani unutaman.

— Yurtimizda hali ham ko‘chada tanishmayaptimi?

— Afsuski yo‘q.

— Hali hammasi oldinda. Hozirda kim bilan murabbiy sifatida ishlayapsiz?

— Yigitlar va men bir-birimizga yordam beramiz. Abdusattorovning o‘z jamoasi bor, Javohir, Jahongir, Shamsiddin va men birga ishlaymiz.

— Yutgan pulingizni qayerga sarflash haqida o‘ylab ko‘rdingizmi?

— Ota-onamga beraman. Men o‘zim uchun bir qismini mashg‘ulot va ovqatlanish uchun qoldiraman, qolganini esa ular kerakli narsaga sarflashlari uchun beraman.

— G‘alabadan xabar topganlar qanday munosabatda bo‘lishdi?

— Hamma xursand bo‘ldi va tabrikladi. Faxrlanishdi. Yaxshi natija ko‘rsatsam, ular xursand bo‘lsa, bu meni xursand qiladi. Bu mashg‘ulotlarni davom ettirish, g‘alaba qozonishda davom etish uchun qo‘shimcha kuch beradi.

Georgiy Shvanov suhbatlashdi