Jahon banki O‘zbekistonga 7,5 mln dollar miqdorida grant mablag‘i ajratdi, deya xabar berdi Iqtisodiyot va moliya vazirligi.

Mablag‘ O‘zbekiston prezidentining 2023-yil 8-avgustdagi qaroriga asosan Jahon banki ko‘magida amalga oshirilayotgan “Energetika islohotlari uchun innovatsion resurslarini qo‘llash” (iCRAFT) loyihasi doirasida ajratilgan.

Bu loyihaning “Qisqartirilgan emissiyalarni sotib olish shartnomasi” (ERPA) komponenti doirasidagi islohotlarni, xususan, energiya tariflari islohotining aholining ijtimoiy zaif qatlamlariga bo‘lgan ta’sirini yumshatish va ularni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ajratilgan 1-transh mablag‘lari hisoblanadi.

1-transh mablag‘lari xalqaro issiqxona gazlari savdosi simulyatsiyasi sifatida O‘zbekistonga qaytarib beriladigan, issiqxona gazlari emissiyasi qisqartirilgani uchun ajratilgan grant mablag‘lari sanaladi.

iCRAFT loyihasi O‘zbekistonda Jahon banki ishtirokida amalga oshirilayotgan energetika sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha dunyodagi birinchi global tashabbus bo‘lib, islohotlar natijasida issiqxona gazlari emissiyalarini kamaytirishga va xalqaro bozorlarda ularning bir qismi savdosini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.

Ajratilgan mablag‘lar prezident qaroriga muvofiq respublikani yashil iqtisodiyotga o‘tish jarayonini jadallashtirish, issiqxona gazlarini chiqarilishini monitoring qilish (MRV) tizimini tashkil qilish, yangi tashkil etilgan Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi va “O‘zenergosotish” AJ faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek energetika sohasini tartibga solish va institutsional islohotlarni amalga oshirish, quyosh panellarini o‘rnatib berish orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan pilot loyihalarni amalga oshirish, mamlakatda energiya samaradorligini oshirish kabi chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.

Prezident qarorida iCRAFT loyihasining “Qisqartirilgan emissiyalarni sotib olish shartnomasi” komponenti doirasida kamaytirilgan 1 tonna uglerod emissiyasi bo‘yicha kelishilgan narx 15 dollarni, “Oqibatlarni yumshatish natijalarini sotib olish shartnomasi” komponenti doirasida kamaytirilgan 1 tonna uglerod emissiyasi bo‘yicha kelishilgan narx 30 dollarni tashkil etishi qayd etilgan.