Yevropa komissiyasi (YK) iyul oyidan boshlab Xitoyda ishlab chiqarilgan elektromobillar uchun import bojlarini oshirishni rejalashtirayotganini e’lon qildi.

YK Xitoy elektromobillariga nisbatan 2023-yil oktabr oyidan beri davom etayotgan subsidiyaga qarshi tekshiruv natijalariga ko‘ra shunday qarorga keldi.

“Komissiya vaqtinchalik xulosaga keldiki, Xitoyda akkumulyatorli elektr transport vositasining (BEV) qiymat zanjiri adolatsiz subsidiyalangan, bu YeIdagi BEV ishlab chiqaruvchilarga zarar yetkazish xavfini tug‘diradi”, — deyiladi organ bayonotida.

Agar Xitoy rasmiylari bilan muzokaralar “samarali yechim"ga olib kelmasa, 4-iyuldan kafolat sifatida vaqtinchalik kompensatsiya bojlari joriy etiladi (shakl har bir a’zo davlat bojxona xizmati tomonidan belgilanadi), deya ogohlantirdi komissiya.

YK Xitoyning uchta ishlab chiqaruvchisi: BYD (17,4%), Geely (20%) va SAIC (38,1%) uchun joriy 10 foizdan tashqari individual bojlarni ham qo‘llashni rejalashtirmoqda.

Xitoyning tergovda qatnashgan, ammo tanlanmagan boshqa elektromobil ishlab chiqaruvchilari o‘rtacha 21% boj to‘laydi. YIda mahsulot sotadigan va tergovda hamkorlik qilmaydigan barcha boshqa xitoylik elektromobil ishlab chiqaruvchilar 38,1% qoldiq bojiga tortiladi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Lin Szyanning ta’kidlashicha, YI tergovi “proteksionizmning odatiy holati” hisoblanadi, bojlar esa Xitoy va YI iqtisodiy hamkorligiga va global avtomobil ishlab chiqarish va ta’minot zanjirlarining barqarorligiga zarar yetkazishi mumkin. Pekin, dedi u, o‘zining qonuniy huquq va manfaatlarini “qat'iy himoya qilish” uchun barcha zarur choralarni ko‘radi.

Reuters agentligining qayd etishicha, Yevropa avtomobil ishlab chiqaruvchilari xitoylik raqobatchilarining arzonroq elektromobillari oqimiga duch kelmoqda. YK hisob-kitoblariga ko‘ra, ularning YI bozoridagi ulushi 2019-yildagi 1 foizdan 8 foizga oshgan va 2025-yilda 15 foizga yetishi mumkin. Xitoy elektromobillarining narxi odatda YIda ishlab chiqarilgan modellardan 20 foizga past.

Xitoy qanday javob berishi mumkin?

Aprel oyida Xitoy, agar AQSh yoki YI Xitoy tovarlariga eksport bojlari joriy qilsa, mamlakatning savdo salohiyatini himoya qilishga qaratilgan qonunchilikni qabul qilgandi.

Xitoy hukumati allaqachon fransuz konyaklari, Yevropa cho‘chqa go‘shti mahsulotlari va bir qator boshqa mahsulotlarga nisbatan antidemping tekshiruvini boshlagan. Ular, shuningdek, global avtomobil daromadlarining 20 foizdan ko‘prog‘ini Xitoy bozoridan oladigan Volkswagen, BMW va Mercedes kompaniyalarining Yevropadagi “lyuks” avtomobillariga tariflarga ham ishora qildi.