G'allaoroldagi qishloqda iftorlik
Xolida Musulmon fotohikoyasi
Ro'zadorlarga iftorlik berish savobli amallardan hisoblanadi. Shuningdek, bu eski gina-kuduratlarni unutish, xursandchilikni birga baham ko'rish uchun yaxshi bir bahona ham. Fotosuratchi Xolida Musulmon Chuvilloq qishlog'idagi oila iftorlikka qanday tayyorgarlik ko'rishi va ramazonchi bolalar haqida hikoya tayyorladi.
Ro'zadorlarga iftorlik berish savobli amallardan hisoblanadi. Shuningdek, bu eski gina-kuduratlarni unutish, xursandchilikni birga baham ko'rish uchun yaxshi bir bahona ham. Fotosuratchi Xolida Musulmon Chuvilloq qishlog'idagi oila iftorlikka qanday tayyorgarlik ko'rishi va ramazonchi bolalar haqida hikoya tayyorladi.
Jizzax viloyati G'allaorol tumani Chuvilloq qishlog'ida yashovchi Husniddin Jumaboyevning oilasi har Ramazonda hamqishloqlari uchun iftorlik uyushtiradi. Umuman, bu alohida majburiyat sanalmas-da, qishloqda ko'pchilik iftorlik beradi. Chunki ro'zadorlarga iftorlik berish savobli amallardan hisoblanadi. Bunday tadbirlarda yoru birodarlar bir dasturxon atrofida yig'ilib, do'stlik, qarindoshlik munosabatlari yanada mustahkamlanadi.

Iftorlikka chaqirishdimi, bu taklifni rad etish maqbul emas. Bu eski gina-kuduratlarni unutish uchun yaxshi bir bahonai sabab hamdir.
реклама
реклама
Husniddin Jumaboyevning xonadonidagi iftorlikka uning qarindoshlari, do'stlari, qo'shnilari to'planadi. Bu yil oila boshlig'i 50 tacha mehmon chaqirishni reja qilgan. Mehmon kutishga tayyorgarlik kuni kecha boshlangan. Oila erkaklari bozorlik qilib kelgan, o'tinlarni chopib, suv tashib qo'ygan. Xonadon xotin-qizlari esa, o'zlari ham ro'za og'iz bo'lishiga qaramay, iftorlik uchun pishir-kuydir bilan band.
Ro'zadorlar og'zini suv va xurmo bilan ochadi. Iftorlikka bo'g'irsoq, somsalar ham pishiriladi. Dasturxonga suzma, har turli shirinliklar va nisholda ham tortiladi. Nisholda qishloqning o'zida tayyorlanadi.
Iftorlik vaqti arafasi Husniddin Jumaboyevning uyiga mehmonlar yig'ila boshlaydi. Odatda ayollar uchun alohida, erkaklar uchun alohida xonadan dasturxon tuzaladi. Qishloq ahli shunday qilinsa hammaga yaxshi, hammaga qulay, deb hisoblaydi. Erkaklar erkaklar bilan, ayollar esa ayollar bilan bemalol gaplashib o'tiradi-da.
Shom arafasi esa qishloqda bolalarning ovozi jaranglay boshlaydi. Bolalar guruh-guruhga bo'linib, darvozalarni taqillatib, uy egalarini chaqirib, qo'shiq aytishadi. Maqsadlari — yo shirinlik, yo pul "undirish".
реклама
реклама
Ularni "ramazonchi bolalar" deydilar, ular aytadigan qo'shiqni esa "Yo Ramazon" deb ataydilar (boshqa hududlarda bu qo'shiqlar "Ramazon keldi" yoki shunchaki "Ramazon" deb ham atalishi mumkin). Bolalar faqat Ramazon oyida bo'ladigan bu hodisani rosa bir yil orziqib kutadi. Ular "Yo Ramazon" deb kuylarkan, o'ziga sovg'a so'raydi hamda ularni taom bilan to'ydirgan, chanqog'ini qondirgan yoki pul sovg'a qilganlarga yaxshiliklar tilaydi.
Ramazon qo'shig'i matni:

Yo Ramazon aytib keldik eshingizga,
Qo'chqordek o'g'il bersin beshigingizga.
Oq tanga, ko'k tanga
Chiqara qoling, jon yanga
5 ming so'm pul.
5 ming pulning bog'i bor
Bog'ida anori bor.
anoridan yesangiz shaqir-shuqur puli bor.

Sop chiqing, sop chiqing tog'oraga sop chiqing
Tog'oraga sig'masa cho'ntaklarga sop chiqing.
Momo-momo uxlama, qurra-qura,
suprangizni it tortmoqda, tura-tura.

Uyingizning ustida oy ko'rdik
Hammadan sizni boy ko'rdik.
O'choqda kul, karmonda pul
Chiqara qoling, jon yanga, 5 ming pul.

Yo Ramazon aytib keldik eshingingizga,
Qo'chqordek o'g'il bersin beshingizga.

Duo qismi:

Bo'lchin-bo'lchin, bo'lchinboy,
Tog'da qo'ying yayrasin,
Qumursqaday qiyrasin.
Sarisudan sakrab o'tgan sari taka
umringiz uzoq bo'lsin Falonchi aka.
Chuvilloqda odatda 5−8 yoshli bolalar "ramazonchilik" qiladi. Bundan kichkinasi — hali juda kichkina, kattasiga esa — "biroz yarashmaydigan odat". An'anaga ko'ra, "ramazonchi bolalar" iftorlik vaqti "ish"ga chiqishi kerak. Ammo qishloqda qopag'on itlar ko'p (bolalar qo'liga tayoq ko'tarib olishi ham shundan — tayog'i bilan itni haydaydi), qishloq ko'chalari esa qorong'i, shu bois onalar "quyosh botgunicha qaytlaring" deya vaqtliroq chiqarib yuboradi.
реклама
реклама
Bolalar bir oqshomning o'zida aylanib, 10−15 tacha xonadonga kirib-chiqishi mumkin. Kimdir eshak minib, boshqa birovi velosipedida yuradi, bu orada varrak uchirib yurishga ulguradiganlari ham bor.
Har qo'shiqning oxiri uy egalariga uzoq umr, sihat-salomatlik va qut-baraka tilashdan iborat duo bilan tugaydi. Bola bola-da — tinim bilmay yuguradi, qo'shiqni ham bor ovozi bilan baqirib aytadi. Tomog'i qurib ketadi. Uy egalari ularni yuzda tabassum bilan kutib olib, suv ulashadi.

Kichkina bolalarni akalarining ezgu niyatlari, duolariga rahmat aytishga o'rgatishadi. U bolalar tezroq 5 yoshga to'lsayu, akalari bilan birga qishloq bo'ylab yugurib, "ramazonchi" bo'lishni xayol qiladi. Qizlar esa hech qachon "ramazonchi bolalar" bilan bir safda bo'la olmasligidan xafa.
Qishloqda qizlarning Ramazon qo'shiqlarini aytib yurishi ma'qullanmaydi. "Uyat bo'ladi", deyishadi. Lekin bu har doim ham shunday bo'lgan, hammayoqda ham shunday degani emas — qizlar ham qo'shilib, Ramazon qo'shiqlari aytishiga misollar ko'p. Masalan, mana, 1992-yildan bir lavha:
"Yo Ramazon" bolalar xarakterini va o'ziga bo'lgan ishonchini shakllantiradi, kattalar va boshqa bolalar bilan muloqotga kirishni, o'zini qadrlashni o'rgatadi, deb o'ylayman.

Bundan tashqari, bu an'ana bolalarga adolat tushunchasi va moliyaviy savodxonlikni ham o'rgatadi. Qoidaga ko'ra, bolalar "ishlab topganlari"ni teng taqsimlaydi, shunday ekan, hamma tengma-teng harakat qilishi ham kerak.

Bolalar "ishlab topgani"ni maktab anjomlariga, shirinliklar va boshqa qimmat bo'lmagan narsalarni sotib olishga sarflaydi.

Quyosh botib, iftor vaqti kirgach, bolalar uy-uylariga qaytadi, Husniddin Jumaboyevning xonadonida esa iftorlik boshlanadi.
Og'iz ochish vaqti bo'lganida, ro'zadorlar og'iz ochish duosini o'qib, suv va xurmo yeb, og'iz ochadilar. Taom yeyishga shoshilish yo'q, chunki ko'p o'tmay shom namozi vaqti bo'ladi. Erkaklar alohida, ayollar alohida xonalarda namoz o'qiydi. Namozdan so'ng hamma tanovulga o'tiradi.
Kundalik va maishiy gap-so'zlardan tashqari, yig'ilganlar kim qanday yordamga muhtojligi, keyingi iftorlik kimnikida bo'lishini muhokama qiladi, shuningdek, Ramazon Hayitida ehsonni kimga va qanday berish borasida kelishib oladi.
Fotosuratlar muallifi: Xolida Musulmon / "Gazeta.uz"

Matn va barcha grafik materiallarga bo'lgan huquqlar "Gazeta.uz" nashriga tegishli. "Gazeta.uz" internet-nashrida e'lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O'z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting