Foto: Yevgeniy Sorochin
"Alisher Navoiy" metro bekati qanday bunyod etilgan?
Foto: Yevgeniy Sorochin
"Alisher Navoiy" metro bekati qanday bunyod etilgan?
Har yili 9-fevralda davlat arbobi, shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning tavallud kuni nishonlanadi. O'zbekistonda uning sharafiga haykallar o'rnatilgan, nomi ko'chalarga va Toshkent metrosidagi bekatlardan biriga qo'yilgan. "Gazeta.uz" ushbu bekat qurilishi tarixini uning me'mori tilidan hikoya qiladi.
Har yili 9-fevralda davlat arbobi, shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning tavallud kuni nishonlanadi. O'zbekistonda uning sharafiga haykallar o'rnatilgan, nomi ko'chalarga va Toshkent metrosidagi bekatlardan biriga qo'yilgan. "Gazeta.uz" ushbu bekat qurilishi tarixini uning me'mori tilidan hikoya qiladi.
"Alisher Navoiy" metro bekati — bu me'moriy yo'llar, davrlar va nuqtai nazarlar kesishgan bir chorraha. Uning boy sharqona pardozlanishi qo'shni "Paxtakor" bekatining qat'iy modernizmidan keskin farq qiladi. Bekatlar dizaynidagi turlicha uslublar ushbu ikki stansiya orasidagi o'tish joyida o'zaro to'qnashadi. Bu yerda jilosiz marmar ustiga shoir asarlaridan hikoya qiluvchi och moviy pannolar o'rnatilgan. Eskalator ustida esa ulkan naqshinkor geometrik gilam-kompozitsiya bor — bu "gilam" "Navoiy" bekatiga eskalator orqali tushayotgan yo'lovchilarni qarshi oladi.
Alohida olib qaraganda, "Alisher Navoiy" stansiyasi — bu sharqona unsurlari bor monumental arxitektura qorishmasi (simbiozi)dir. Stansiyaning butun shifti uch qator ok-ko'k gumbazlar bilan bezatilgan (xuddi masjid-madrasalardagi kabi). Qubbasi esa betakror gulnaqshlar bilan bezatilgan. Har bir gumbaz esa arkalarga tayanib turadi. Har ikkala arxitektura inshooti — gumbaz va arkalar — bitta bo'ylama o'qda joylashgan. Me'morlar tilida bunday uslub anfilada deb ataladi. U gumbaz, ustunlar va arkalar xuddiki cheksizlikka qarab ketayotgandek uzluksiz manzara taassurotini uyg'otadi.
Ushbu stansiya me'mori — kamsuqum Yashnar Mansurov. U bugungi kunda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy san'at va dizayn institutida dars beradi va bir necha bekatlarini o'zi loyihalashtirgan Toshkent metropolitenidan har kuni foydalanadi. Alisher Navoiy tavallud topgan kunda Yashnar Mansurov mutafakkir nomi bilan ataluvchi stansiya qanday bunyod etilgani haqida so'zlab berdi.
G'oya qanday paydo bo'lgandi?
Yashnar Mansurov 1972-yili institutni tamomlashi bilan metro qurilishiga borgan.

"Biz Metroloyihaga yo'llanma olgandik. Hozirgi yoshlardan farqli o'laroq, bizda tanlov imkoniyati yo'q edi. Bizni yo'llanma asosida ishga joylashtirishardi. Men ilk kundanoq metroda ishlaganman. Ishni arxitektor sifatida boshlab, oxiri loyiha bosh muhandisi sifatida tugatganman", — deydi u.

Arxitektor uchta — "Chilonzor", "O'zbekiston" va "Yunusobod" yo'nalishlari qurilishida qatnashgan. Birinchi yo'nalish qurilishini Moskva to'g'ridan-to'g'ri nazorat qilgan, ikkinchi yo'nalish bo'yicha qarorlar esa respublika darajasida, xususan, O'zbekiston rahbari Sharof Rashidov tomonidan tasdiqlangan, deya xotirlaydi Yashnar aka.
Me'mor stansiya va o'tish yo'llari bo'yicha ishlanmalarni tayyorlar, metropoliten liniyalarini loyihalashtirishda qatnashar, mutaxassislarni, rassomlarni ishga jalb qilib, jamoaviy ruhni mustahkamlashga harakat qilardi. Metroning birinchi, "Chilonzor" yo'nalishi ustida ish olib borilayotganidayoq, Yashnar Mansurov va loyihaga jalb etilgan boshqa mutaxassislar "Paxtakor" stansiyasidan o'tish mumkin bo'lgan yangi bekatni Alisher Navoiyga bag'ishlashni xohlagan.
"Bu nom bir necha sabablarga ko'ra tanlangan. Birinchidan, u muhim, o'tish bekati. Ikkinchidan, joyning o'zi ham juda ahamiyatli. Shu atrofda Alisher Navoiy muzeyi ham bor edi. Stansiyadan uzoq bo'lmagan joyda She'riyat xiyoboni bor edi, u yerga shoir haykali ham o'rnatilgandi. Xuddi shu yerdan Navoiy shoh ko'chasi ham o'tardi", — deya tushuntiradi Yashnar Mansurov.
Bekatlar nomi va qiyofasini belgilashda shaharsozlar atrof makonni ham hisobga olishgan, deya so'zida davom etadi arxitektor. Metro stansiyalari o'zi joylashgan joyga hamohang bo'lishi, hududning tabiiy bir qismiga aylanib, vaqt o'tishi bilan shaharning muhim mo'ljallaridan biriga aylanishi kerak.
реклама
реклама
Me'morning eslashicha, "Alisher Navoiy" stansiyasi qurilishi besh yilcha davom etgan. Uning aytishicha, "O'zbekiston" yo'nalishidagi barcha stansiyalarining qurilishi bir vaqtda olib borilgan. O'tish bekati 1984-yilda foydalanishgan topshirilgan. O'shanda Yashnar Mansurov endigina 34 yoshga to'lgandi. Toshkent metrosining ikkinchi liniyasini qurish yo'lidagi mehnatlari uchun u SSSR Ministrlar Soveti mukofoti bilan taqdirlangan, ammo bu mukofot 1992-yildan so'ng o'z kuchini yo'qotgan.
Bekat qiyofasi
Stansiya ochilganidan beri unda ayrim o'zgarishlar bo'lgan: bir safar pannolar beo'xshov bo'yalgan, qubbalardagi chiroqlar esa almashtirilgan. Chiroqlarning almashtirilishi kichik o'zgarishdan ko'rinishi mumkin, ammo bu yo'lovchilarning bekatda o'zini qulay his qilishiga ta'sir qiladigan jihat ham hisoblanadi.
Qubbalardagi eski chiroqlar bekatni mayin va iliq sarg'ish nur bilan to'ldirib turardi. U bekat hajmini oltin rangiga burkab, xuddiki bu yerdagi butun arxitekturani tillarang qilib ko'rsatardi.
Bugungi chiroqlar taratayotgan oq nur esa bekatning ichki bezaklarida qo'llanilgan ko'k rangning turli tuslanishlari bilan qorishib, makonga ko'proq so'lg'in shifoxona ruhini beryapti.
Stansiyadagi qolgan hamma narsa Yashnar Mansurov, uning ustozi, rassom Chingiz Ahmarov hamda usta va haykaltaroshlar guruhi qanday o'ylagan va qilgan bo'lsa, shundayligicha turibdi.

"Alisher Navoiy" bekati "Chilonzor" yo'nalishining ostidan o'tgan uchun stansiya hajmini gumbazli baland shift hisobiga oshirish imkoniyati bor edi. 1980-yillarda O'zbekistonda metropolitenda gumbaz qurish amaliyoti yo'q edi. Shu bois me'mor o'ylagan narsa o'zbekistonlik quruvchilar uchun bir sinovga aylangan.
"Gumbazli inshootlar — bu mahalliy me'morchilikdagi mumtoz an'anaviy yechimlardan biri. Masjidlarda, sardobalardan uni keng qo'llashgan. Ammo yer ostida gumbaz qurish o'ylanganidan ko'ra qiyinroq ish bo'lib chiqdi. Umuman olganda, aksariyat hamkasblar bu g'oyani qo'llab-quvvatladi, ammo quruvchilar bizning sharoitda bu imkonsiz narsa ekanini ta'kidladi. Ular qanday qilib yer ostida gumbaz qurish mumkinligini bilishmasdi. Men gumbazli stansiyalarni o'rganish uchun Moskvaga yo'l oldim. U yerdagi hamkasblardan chizmalarini so'rab, nusxalarini O'zbekistonga olib keldim", — deydi Yashnar Mansurov.
Arxitektor natijadan faxrlanadi. Uning aytishicha, bu yerda bosim hissini uyg'otmaydigan shiftni yaratishga muvaffaq bo'lingan. Aksincha, u parvoz tuyg'usini beradi. Bunga arkalar qubbasi sezilar-sezilmas o'tkir burchakli qilib ishlangani, gumbazlar chiroq bilan yoritilgani, stansiya devorlari esa 72 tusli G'ozg'on marmari bilan qoplangani hisobiga erishilgan.

Shunday qilib, yo'lovchilar qarshisida an'anaviy metropoliten platformasi qad rostlaydi. Ammo ular boshini ko'tarishi bilan gumbazlarning oq-ko'k "bulutlari" ichida jimjimador sharqona naqshlar suza boshlaydi. Oyoq ostiga nazar tashlasa, olti qirrali yulduzning qalin chiziqlarini ko'radi. Stansiya poli milliy gilamni eslatadi, deb hisoblaydi Yashnar Mansurov.
Stansiya nomi va uning arxitekturasi o'rtasidagi aloqadorlik yanada mustahkam bo'lishi uchun rassomlar shamot (o'tga chidamli pishirilgan — olovbardosh loy, kaolin)dan sakkizta keramik kompozitsiya ishlashga qaror qilgan. Bu kompozitsiyalar ustida Yashnar Mansurov va Chingiz Ahmarov birgalikda ish olib borgan.
"Chingiz Gabdurahmonovich juda ziyoli inson edi. U har bir yangi obyektni biz xuddi talabalar kabi himoya qilayotganimiz haqida gapirgandi. Ya'ni, biz qilayotgan ishimiz mas'uliyatini yaxshi anglab turardik, shu bois xuddi talabalardek hayajonlardik. U axborotni to'g'ri yetkazishni bilardi. Stansiyani bezatish ishlariga taklif qilishganida u quvonib ketgandi. Chingiz Gabdurahmonovich bekatni imkon qadar boyitishni xohlagandi. Ham g'oyaviy jihatdan, ham tasvir shakli nuqtai nazaridan. Alisher Navoiy siymosini yaratishga kirishishdan avval u mutafakkir hayoti va ijodini biladigan barcha yetakchi tadqiqotchilar bilan suhbatlashib chiqqandi. Dastlabki reja bo'yicha "Xamsa"ga doir suratlar ostida asardan she'rlar bo'lishi kerak edi, ammo yakunda biz, har nima bo'lganda ham, transport inshooti qurayotganimizni eslatib, yozuvlarni qisqartirib tashlashgan. Devordagi tasvirlar yo'lovchilarni stansiyaning asosiy funksiyalaridan chalg'itmasligi kerakligini uqtirishgandi", — deya eslaydi Yashnar Mansurov.
Chingiz Ahmarov (ko'zoynakda). Yashnar Mansurovning shaxsiy arxividan
"Xamsa" — beshlik demak, Navoiy ham o'z "Xamsa"siga beshta dostonni kiritgan. Ammo stansiyadagi pannolar faqat to'rtta asarga bag'ishlangan. Bunda ustuvorlik "Layli va Majnun", "Farhod va Shirin", "Saddi Iskandariy" va "Sab'ai sayyor"ga berilgan. Har bir surat ostiga, undagi manzara qaysi dostondan olingan bo'lsa, o'sha doston nomi yozilgan.

Qolgan to'rt panno — dekorativ. Rassomlar beshinchi — "Hayratul-abror" dostonidan platformaning badiiy elementlarida simmetriyani saqlash zarurati sabab voz kechishga majbur bo'lgan. Mazkur dekorativ pannolarda dastlab Navoiy asarlaridan iqtiboslar bermoqchi bo'lishgan. Ammo komissiya bu tashabbusga rozilik bermagan, deydi Yashnar Mansurov.
Ammo "Paxtakor" bekatidan o'tish joyi — vestibyulda shoir xotirasi uchun galereya tashkil etishga muvaffaq bo'lingan. Bu yerdagi e'tiborga molik ishlardan biri — Navoiy portreti. Chingiz Ahmarov bu portretni ham, u devor bilan qorishib ketmasligi uchun, platformadagi "Xamsa" uchun ishlangan miniatyuralar kabi relefli qilib tayyorlashni taklif qilgan. Shamotdan foydalanilgani uchun bu ijodiy ishlar mustahkam chiqqan.
Umuman olganda, "Alisher Navoiy" stansiyasi yangi me'moriy yechimlar uchun sinov maydonchasiga aylangan. Gumbaz va arkalardan tashqari, bu yerda Toshkent metrosi tarixida birinchi marta kulolchilik usullaridan foydalanildi. Gumbazlar uchun tayanch qilib madrasalardagi kabi devorlar emas, arkalar ishlatilgan.
Sharqona uslubning monumental ifodasi
Yashnar Mansurov "Alisher Navoiy" stansiyasiga bag'ishlangan ilmiy maqolasida arka va gumbaz kabi me'moriy yechimlar Sharqning O'rta asrlarga oid an'anaviy arxitekturasiga ishora ekanini qayd etib o'tgan edi. Ammo bekat intereridagi ayrim sharqona uslub komponentlari zamonaviylashtirilgan, shu bois umumiy manzara o'tmishni qo'msash hissini uyg'otmaydi.

Bu fikr g'oya hukmronligi sharoitida sovet arxitektorlarining binolar hamda metro kabi jamoat va strategik jihatdan muhim makonlarni loyihalashtirishda milliy qadriyatlarni ifoda eta olish mahoratini namoyon qiladi. Shaharsozlik yechimlarini ham ko'zdan qochirmaydigan g'oyaviy tekshiruvlarga qaramay, arxitektorlar jahondagi eng chiroyli metro stansiyalaridan birini bunyod etishga muvaffaq bo'lgan.
Pannolar qoralamalari. Yashnar Mansurovning shaxsiy arxividan
"Sovet kontekstida bu me'moriy yechimlar islomiy deb qabul qilinmagan, — deydi arxitektor. — U ildizi sharqona obrazlarga borib taqaluvchi milliy elementlar sifatida ko'rilgan. Dinga urg'u berilmagan. Milliy desa to'g'riroq bo'ladi".

Bekat intererini sharqona motivlar bilan bezatish g'oyasiga 1980-yillarda adabiyot va san'atda o'zbek o'zligini izlashga urinishlar ham turtki bergan. Masalan, Erkin Vohidov o'zining mashhur "O'zbegim" qasidasini ham shu davrda e'lon qilgan edi.
"Albatta, biz eskilikka qarab ketayotganimiz, qandaydir eski yechimlar qayta tug'ilayotgani haqida ham tanbehnamo gaplar bo'lgan. Masalan, „Zamonga mos ishlar qilish kerak", deyishgan. Avvallari bunday muhokamalar har turli komissiyalar doirasida bo'lib o'tardi. Har turli badiiy kengashlar, toponomik komissiyalar bo'lardi. Nomlar oldindan tasdiqlanardi. Biz u yoki bu stansiya qiyofasi o'sha atrofdagi joyga mos keladimi, shu kabi masalalarni muhokama qilardik. „Alisher Navoiy" misolida esa men eski narsani ham yangi qiyofada ko'rsatish ham yangi qaror ekanini tushuntirib bergandim", — deya eslaydi Yashnar Mansurov.
"Eskicha" gumbazlar va arkalarni bezatishda marmardan foydalanish ana shunday yangicha yechim edi. Aynan shu qurilish materiali sabab sharqona uslub monumental modernistik ifoda topgan edi.

"Umuman olganda esa, mening ishimga nisbatan tanqidiy qarash bo'lmagan", — deya qo'shimcha qildi arxitektor.
Yashnar Mansurovning eslashicha, "O'zbekiston" yo'nalishini foydalanishga topshirganida, uni favqulodda ko'tarinkilik (eyforiya) chulg'ab olgan. Ammo qattiq mehnat o'rnini, shunday holatlarda ko'pincha kuzatilganidek, bo'shliq egallagan. Yashnar Mansurov Toshkent metrosi tarixiga va umuman shahar qurilishiga qo'shgan o'z hissasini bugun unchalik ham his qilmayotgandek.

"Menga shunchaki metro qurish baxti kulib boqqan, xolos", — deya xulosa qiladi u.
Matnni Jahongir Azimov tayyorladi.
Foto: Yevgeniy Sorochin.

Grafik materiallarga bo'lgan barcha huquqlar "Gazeta.uz" nashriga tegishli.
"Gazeta.uz" internet-nashri saytiga joylashtirilgan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O'z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting