Foto: Farangiz Kamolova
Sultonhovuz va Sirdaryoga sayohat
Barchaga beminnat rizq ulashuvchi makon manzaralari
Taniqli fotograf Husniddin Ato shogirdlari bilan tez-tez safarga chiqadi. Ustoz 2023-yil yozida Madina A'zam, Murod Yusuf, Farangiz Kamolova, Kamron Hasanov bilan birga Sultonhovuz ko'li va uning yaqinidan oqib o'tuvchi Sirdaryoga sayohat qilgandi. Quyida — sayohat davomida olingan suratlardan namunalar.
Taniqli fotograf Husniddin Ato shogirdlari bilan tez-tez safarga chiqadi. Ustoz 2023-yil yozida Madina A'zam, Murod Yusuf, Farangiz Kamolova, Kamron Hasanov bilan birga Sultonhovuz ko'li va uning yaqinidan oqib o'tuvchi Sirdaryoga sayohat qilgandi. Quyida — sayohat davomida olingan suratlardan namunalar.
Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida Alisher Navoiy sharafiga atalgan aholi yashash punkti bor; odam tilida, oddiy qilib, qishloq desa ham bo'ladi. Yaqinida Sultonhovuz nomli ko'l bor; Sirdaryo o'zani ham qishloqdan uncha uzoqda emas – bir zamonlar qirg'oqlardan oshib-toshib oqqan daryo hozir tizzabo'yi keladi, xolos.
1980-yillardan buyon ko'lga tutash asosiy ekin maydonlarida sholi yetishtiriladi. Rizqini Sultonhovuzdagi mehnati ortidan topayotgan navoiyliklar erta bahordan to kech kuzga qadar dalada ter to'kadi.
реклама
реклама
Bu yerga bahorlarda kelsangiz, dalaga urug' sepayotgan sholikorlarni, sentyabr o'rtalarida esa har gektaridan besh tonnagacha hosil yig'ib olayotgan dehqonlarni ko'rasiz.
Qishloq aholisi, turgan gapki, faqat sholikorlik bilan kun ko'rmaydi – Sirdaryo va Sultonhovuzda suvga qarmoq, to'r tashlab o'tirgan baliqchilarni ham (ularning hammasi ham navoiylik emas – orasida nafaqat boshqa tuman, balki boshqa viloyatlardan kelganlari ham bor), qulunu toychoq, ayg'iru chirg'ayigacha o'tlatayotgan yilqichilarni ham uchratasiz.
Bu suv havzasi nafaqat odamlar, balki boshqa mahluqotga ham rizq ulashuvchi bir go'sha. Shom arafasi qamishzordan turli-tuman qushlar galasining chug'ur-chug'urlari eshitila boshlaydi. Sultonhovuz ko'kqo'ton, qizilqo'ton, qoraqo'ton, haqqush, qoravoy, dengiz qaldirg'ochi, kabi yovvoyi qushlar makoniga aylangan.
Bular-ku ko'chmanchi, migratsiya vaqti Sultonhovuz va Sirdaryo bo'ylarini bir muddat vatan tutib, so'ng yo'lida davom etadi. Ammo o'rdak, qirg'ovul singari "mahalliylar"ga qiyin – ayniqsa kuzda ularni ovlashga ishtiyoqmand brakonyerlar ko'payadi. Qurollangan brakonerlar nafaqat qushlarning tinchini buzadi, mahalliy aholini ham xavotirga qo'yadi.
Brakonyerlar kabi ko'ngilni xira qilguvchi ayrim holatlarni aytmasa, ko'l va daryo manzaralari kishini maftun qiladi. Hatto hasharotlari bilan ham!
Vaqildoq qurbaqalari bilan ham!
реклама
реклама
Ming-minglab chig'anoqlari bilan ham!
Ayniqsa, quyosh botayotganida – chigirtkaning chirillashidan to traktorning tarillashigacha bo'lgan ovozlar qorishib ketgan bir vaqtda bu go'zallikni yanada yaxshiroq his qilasan kishi.
Oy shu'lasi yoritib turgan supachada yulduzlar to'la osmonga boqib, tabiat ovozini eshitish qanday maroqli!
Suratlar mualliflari: Husniddin Ato, Madina A'zam, Murod Yusuf, Farangiz Kamolova, Kamron Hasanov.

"Gazeta.uz" internet-nashrida e'lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan ushbu havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O'z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting