Foto: Xolida Musulmon / "Gazeta.uz"
Qishloqlarda Yangi yil
qanday kutib olindi?
Qishloqdagi Yangi yil shahardagi, ayniqsa poytaxtdagi bayramga o'xshamaydi. Unda archa atrofida sayl, konsert degan narsalar yo'q. "Gazeta.uz" muxbirlari Madina A'zam va Xolida Musulmon 2024-yilni Andijon va Jizzaxdagi qadrdon qishloqlarida kutib oldi va qishloqdagi bayram tarovatini kadrlarga muhrladi.
Qishloqdagi Yangi yil shahardagi, ayniqsa poytaxtdagi bayramga o'xshamaydi. Unda archa atrofida sayl, konsert degan narsalar yo'q. "Gazeta.uz" muxbirlari Madina A'zam va Xolida Musulmon 2024-yilni Andijon va Jizzaxdagi qadrdon qishloqlarida kutib oldi va qishloqdagi bayram tarovatini kadrlarga muhrladi.
Yangi yil kayfiyati va shukuhi — inson qo'li bilan yaratiladigan bir mo''jiza. Poytaxtda ko'chalardagi yorqin illyuminatsiya, kafe va do'konlarning bezatilgan oynalari, xonadonlarning derazalariga ilingan girlyandlarning miltillagan chiroqchalari bayram muhitini yuzaga keltirishga yordam beradi. Jamoat transporti, taksilar ham bundan chetda qolmaslikka intiladi. Yangi yil dasturxoniga tortish mumkin bo'lgan tansiq taomlar, uyni bayramona bezatish uchun anjomlarning ko'pligidan bosh yaxshi ma'noda gangiydi.

Ammo qishloqda bayram boshqacharoq o'tadi, deya hikoya qiladi "Gazeta.uz" fotomuxbirlari Madina A'zam va Xolida Musulmon. Ular, mos ravishda, Andijon va Jizzax viloyatlaridagi qishloqlarda voyaga yetgan. Shahardan farqli o'laroq, bu yerlarda konsertlarga borilmaydi, qishloqlarda bosh archa o'rnatish degan gap yo'q. Shunga qaramay, bayram tarovati shahardagidan kam emas.
Eski Haqqulobod qishlog'i, Andijon viloyati
Madina A'zam hikoyasi
Yilning so'nggi tongi, ammo qishloqda bugun qandaydir o'zgacha kun kirib kelganini bildiruvchi biror belgi yo'q — hammasi odatdagidek. Atrofni tuman qoplagan. Maktab xonalarini qish shamolidan himoyalash uchun qoqilgan sellofan shovullaydi. Chelakdagi suv muzlagan. Pechdagi ko'mir cho'g'i yarim tundayoq o'chgan. Ostonada qolgan poyabzallarga qirov tushgan. Asta-sekin qo'shnilarning xo'rozlari qichqirib, kuchuklari vovullay boshlaydi.
Qishloq uyg'onyapti. 31-dekabr! Qishloq ahli issiqqina o'rinlaridan erinibgina turib, o'z yumushlariga kirishadi. Bugun hammaga ish topiladi.
Bayram dasturxoniga oila kattalari, do'stlar, qarindoshu qo'shnilar taklif qilinadi. Bayram arafasi bekalarning kuni oshxonada o'tadi: ular o'zlari tayyorlagan tansiq taomlar, qo'lbola bayram torti va shirinliklar bilan mehmonlarning ko'nglini olishga urinadi.
реклама
реклама
Jahdu jadali kattalarnikidan kam bo'lmagan kichkintoylar ham uylarini bayromona yasatib, qo'shni bolalarni lol qoldirgisi keladi.
Quyosh botishi bilan ko'chadan bolalarning: "Qorbobo! Qorbobo!", degan ovozlari eshitila boshlaydi. Qizaloqlariga shirinlik olish uchun do'konga yugurgan ota qotmadan kelgan "Qorbobo"ga shirinliklarni berib: "Bularni bizning uyga olib kir" deya, oldindan uning chuqurgina cho'ntagiga xizmat haqini ham solib qo'yadi.
реклама
реклама
Kechki ovqat — bayramning eng kutilgan qismi. Butun oila bir dasturxon atrofida to'planadi. Kelayotgan yil uchun ezgu tilaklar bildirilgan xabarlar yuboriladi, mobil telefonlar qo'ng'iroqlardan tinmaydi. Bayramona libosdagi bolakaylar esa Yangi yil sovg'alarini ochadi — ular bayram mo''jizasiga ishonadi.
Chuvilloq qishlog'i,
Jizzax viloyati
Xolida Musulmon fotohikoyasi
31-dekabr — yilning eng behalovat kuni. Yangi yil dasturxoni uchun bozorlik qilgani butun qishloq ko'chaga chiqqandek go'yo
реклама
реклама
Eng chiroyli xaltalarda bolalar uchun shirin sovg'alar
Bu xaltalar ichida yo'q shirinlikning o'zi yo'q!
Uyda esa sahardanoq ish qaynaydi
Kimdir o'z dasturxoni uchun, boshqa birov esa buyurtmaga pishiriq tayyorlash bilan band
Eng katta talab — gullar bilan bezatilgan yozuvli tortlarga
Butun oila Yangi yil dasturxoni atrofida to'planadi. Ular o'zaro yeguliklar va ezgu tilaklar bilan bo'lishadi
Yarim tunga yaqin kichkintoylari bor xonadonlarga Qorbobo mo'ralay boshlaydi
Mehmonlar qatoridan joy olgan Qorboboga taomu shirinliklar ulashiladi
Mo''jiza hissi — Qorbobo berishi mumkin bo'lgan eng asosiy sovg'a, aksariyat bolalar va kattalar ham bu bayramni aynan shuning uchun yaxshi ko'radi. Zotan, mo''jiza bor ekan, imkonsiz narsaning o'zi yo'qdek go'yo.
G'elon qishlog'i,
Qashqadaryo viloyati
Xolida Musulmonning fotohikoyasi
Xolida Yangi yil arafasi navbatdagi etnografik sayohati doirasida Qashqadaryo viloyatining mashhur G'elon qishlog'ida bo'lib qaytdi. U vaqtda maktabda ikkinchi chorak hali tugamagan, o'quvchilar ta'tilga chiqmagan, shunga qaramay, yaqinlashib kelayotgan bayram shukuhi sezilib turgandi.
1-sonli maktabda qishki ta'til oldidan so'nggi o'quv kunlari
Derazalarga bo'yoq bilan (nima uchundir) rus tilida "Yangi yil bilan!" yozuvi, qorli archa yaproqlari, Qorbobo va qor parchalarining rasmlari tushirilgan
Eshiklarga zar, tasma va turfa rang archa o'yinchoqlaridan qo'lbola yasalgan chambarlar ilingan
Sinf xonalarining shiftlariga yopishtirilgan pufak va girlyandalar bayram yaqinligidan darak. Xona sovuq — shu bois bolalar ustki kiyimlarini yechmay o'tiradi
реклама
реклама
Sport zalida boshlang'ich sinf o'quvchilari uchun uyushtirilgan bayramdan bir lavha
Bayramning asosiy qahramonlari — Santa Klaus kiyimidagi bolalar
Shiftga rang-barang pufaklarni yopishtirish — bu ham bayram muhitini yuzaga keltirish yo'lidagi sinalgan usul. Pufaklarni, yaxshisi, butun oila birgalikda shishirgani ma'qul. Shu tariqa nafaqat bayram shukuhi yuzaga keladi, balki zavqli bir oilaviy an'ana ham paydo bo'ladi.
Suratlar muallifi: Madina A'zam va Xolida Musulmon.
Grafik materiallarga bo'lgan barcha huquqlar "Gazeta.uz" nashriga tegishli.

"Gazeta.uz" internet-nashri saytiga joylashtirilgan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu sahifada tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O'z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting