O'zbekcha YouTube — 2023
Gazeta.uz o'zbek tahririyati jamoasi tavsiya qiladi.
YouTube'ning o'zbek segmenti uchun 2023-yil barakali keldi — videokontent yaratuvchilar soni ham, sifati ham sezilarli oshdi. Kontent ko'paygach, tomoshabinda tanlov mashaqqati ham paydo bo'ladi. Gazeta.uz`ning o'zbek tahririyati jamoasi YouTube'dagi 2023-yilgi o'zbekcha kontent bo'yicha o'z tavsiyalari bilan bo'lishadi va bu mashaqqatni biroz bo'lsa-da yumshatishga harakat qiladi.
YouTube'ning o'zbek segmenti uchun 2023-yil barakali keldi — videokontent yaratuvchilar soni ham, sifati ham sezilarli oshdi. Kontent ko'paygach, tomoshabinda tanlov mashaqqati ham paydo bo'ladi. Gazeta.uz`ning o'zbek tahririyati jamoasi YouTube'dagi 2023-yilgi o'zbekcha kontent bo'yicha o'z tavsiyalari bilan bo'lishadi va bu mashaqqatni biroz bo'lsa-da yumshatishga harakat qiladi.
Intervyular
Ma'murjon Obrahmatov tavsiya qiladi
video operator
YouTube O'zbekiston kanalidagi deyarli barcha intervyular qiziq. Ularni qoldirmay ko'raman. Sababi mening ish faoliyatim shu videoxosting bilan ham bog'liq. Qanday analiz qilish kerakligi, nimalarda xato qilish umuman mumkinmasligi, video tayyorlashda kim uchun qaysi omil ko'proq muhimligini shu intervyular orqali bilib olaman.
Shohrux Haydarov tavsiya qiladi
muxbir
O'zbek tilida boshqa intervyu kontent ko'rmas ekanman, o'ylab qarasam. To'g'ri, internet nashrlariniki ham bor, lekin ular bir yo'nalishga ixtisoslashmagan. Bu loyiha boshida "portlab" media makonga kirib keldi. Afsus, oxirgi paytlarda susaydi. Unda chiqadigan mutaxassislarning fiklari doim qiziq, shuning uchun ham tomosha qilsam kerak.
Shahzod Habibullayev tavsiya qiladi
video operator
Hozircha Subyektiv YouTube kanalidagi so'nggi intervyu Aktivist nomi bilan tanilgan Xojiakbar Nosirov bilan bo'lib turibdi. Aktivist bu obrazmi yoki shaxsiy pozitsiya na'munasi savoliga javob bera olgan ushbu video men uchun 2023-yildagi eng yaxshi intervyu bo'lib turibdi. Unda Aktivist loyihasidagi qiyinchiliklar, videosurishtiruvlar jarayonida bo'lib o'tgan qiziqarli holatlar haqida gapirib berilgan.
«Газета.uz»
Gulira'no Musayeva tavsiya qiladi
jurnalist
O'zbekiston nogironligi bor shaxslar uchun har tomonlama noqulay davlat. Hammaga sharoit teng bo'lishi kerakligi aytilsa-da, ular hayoti davomida, kundalik turmushda duch keladigan muammo va to'siqlarni biz hatto xayolimizga ham keltirmaymiz. Gazeta.uz nashrida e'lon qilingan mazkur ijtimoiy foydali suhbatda esa hamma istagan ma'lumotni olayotgan bir vaqtda, mamlakatimizning 70 mingdan ortiq fuqarosi kitoblar tanqisligi borasida duch keladigan ehtiyojini qondiruvchi manfaatli loyiha haqida samimiy ma'lumot beriladi. Ijtimoiy tenglik tarafdori bo'lganim, inklyuziv yechim va tizimli choralar ko'rilishi kerak deb hisoblaganim, qolaversa, muammolar faqat nogironligi bo'lgan shaxslar emas, biz yashayotgan jamiyatniki deb bilganim uchun ham bu kabi mavzular haqida ko'proq gapirish, ko'rish va ulashish kerak deb hisoblayman.
Behzod Hoshimov
Bahodir Abdullayev tavsiya qiladi
muxbir
Behzod Hoshimovning iqtisodiyot sohasidagi ilm egalari bilan qiladigan intervyularini ko'rishni tavsiya qilaman. Bu intervyular iqtisodiy jarayonlarni yaxshiroq tushunishga, shuningdek, ilm-fan hozir qaysi bosqichda ekanini ko'rishga yordam beradi.
Podkastlar
Muhrim A'zamxo'jayev tavsiya qiladi
muharrir
Bu yil kuzdan Uznet mavjlarida "Oddiy podkast" degan bir (nisbatan barqaror) podkast paydo bo'ldi (bir zamonlar "Oddiy" nomli zo'r, o'z imzosiga ega dizayn-studiya bo'lardi — o'sha studiyaga aloqador — o'sha yerdan chiqqan desa ham bo'lar — odamlarniki, adashmasam). Texnologik o'zgarishlar va texnologiyalar hayotimizni qanday o'zgartirayotgani haqida. Videoformati yo'q (lekin bo'lib qolar — oxirgi safar shuni ham muhokama qilishdi), lekin epizodlarini YouTube'ga ham qo'yib borishadi. Ovoz sifati haminqadar bo'lsa-da, baribir tavsiya qilaman.
Nurulloh Sharipov tavsiya qiladi
muharrir
Podkastlardan endi NmaGap`ga yetadigani yo'q deb o'ylayman. Podkastning aynan bir roligini ko'rsatolmayman. Ha, mayli, 2 ta rolikka link berib keta qolay. Shokir va Sitora Karimova ishtirokidagi podkastlarni tavsiya qilaman. Podkastning menga yoqadigan tarafi o'ta neytral va tabiiy ekanida. Podkastlar bor — qandaydir sun'iylik ufurib turadi yoki jamiyatning qaysidir g'oyaviy qatlami (feminist, dindor, liberal) tomonidan tayyorlangan va o'sha g'oya asosida suhbat bo'ladi. NmaGap`da esa unday narsa yo'q.
Mushtariy Oqboyeva tavsiya qiladi
muxbir
Bu podkast O'zbekistonda ingliz tilini o'rganayotganlarga tanish. Agar siz til o'rganuvchilar orasida yangi bo'lsangiz, bu loyiha aynan siz uchun. Unda ingliz tilini bilish sertifikatlarini olish, unga tayyorgarlik ko'rish, umuman olganda til o'rganishda kerak bo'ladigan muhim tavsiyalar beriladi. Mamlakatdagi IELTS`dan maksimal — 9 ball olganlar, bundan tashqari yetakchi IELTS instruktorlar o'zaro suhbat qurib, siz uchun kerakli fikrlarni aytadi. Rostini aytganda, bu loyihani o'zim ham til o'rganish bahonasida topdim. O'zim uchun kerakli xulosalar ham chiqaryapman deya olaman.
Ma'murjon Obrahmatov tavsiya qiladi
video operator
Youtube`da podkast kam eshitaman. Yil davomida ko'p marta eshitgan podkastim Loyiha podkastlari ekan. Nima uchun bu muhim? Chunki, loyihada gapiriladigan mavzular jamiyatimizda o'ta nozik/tabu va eksklyuziv hisoblanadi.
Rustam Ashurov
Gulira'no Musayeva tavsiya qiladi
jurnalist
Mutaxassislar taklif qilinib, turli sohaga doir fikrlari bilan bo'lishadigan Fancast`ni o'zbek segmentidagi foydali podkastlardan deb bilaman. Ortiqcha "suvlar"dan holiligi, muayyan mavzuda qiziqarli fakt va ilmiy asoslangan ma'lumotlar bilan o'ta tushunarli bayon qilinishi bilan ham o'ziga xos. Har bir soni qiziqarli bo'lgani uchun Fancast`ning barcha sonlarini ko'rib chiqishni tavsiya qilaman.
Botir Qobilov va Behzod Hoshimov
Bahodir Abdullayev tavsiya qiladi
muxbir
Bu podkastda ko'plab mavzularning iqtisodiy mantig'i muhokama qilinadi. Iqtisodchilar Botir Qobilov va Behzod Hoshimov jamiyat hayoti uchun aktual bo'lgan mavzularda o'zaro fikr almashishadi.
Musiqiy kliplar
Shohruxxon
Muhrim A'zamxo'jayev tavsiya qiladi
muharrir
Hamma kliplarni kuzatishga vaqt qayda deysiz. Bu yil butun O'rta Osiyoni zabt etgan "Janze", "Jana" kabi qo'shiqlarning kliplarini ham bazo'r yaqinda ko'rdim. Albatta, Jahongir Otajonovning kliplarini har safar chiqishi bilan ko'raman. Lekin bu yil eng yoqqani — Shohruxxonning "Oyjamoli". Klip ham, qo'shiq ham xohlang ilhom, xohlang o'g'irlik deb atalmish narsaga to'la. Shunga qaramay (aniqrog'i, aynan shunisi bilan), menga juda yoqdi. Bunda hal qiluvchi omil, balki, "Kelinlar qo'zg'oloni" uchun kompozitor Mirhalil Mahmudov yozgan musiqadan ham foydalanilganidir (darvoqe, Maykl Jeksonning "Triller"idagi "murdalar raqsi" sahnasi ham yaxshi "ko'chirilgan" — originaldagi o'sha sahna ham yoqadi).
Konsta & Sahar guruhi
Nurulloh Sharipov tavsiya qiladi
muharrir
Konstaning qo'shiqlari, shu bilan birga kliplari yoqadi. Yangicha uslub desam bo'lar-a) Musiqa odamga motivatsiya beradi, qo'shiqlar esa hayotga "pushti ko'zoynaklar"siz qarashga chorlaydi. Konstaning Sahar guruhi bilan birgalikda aytgan "Yashagim kelar" qo'shig'i ham yoqdi. Klip va qo'shiq YTHlarning ayanchli oqibatlariga bag'ishlangan. Bu muammo sabab O'zbekistonda yiliga 2000 mingdan ortiq odam vafot etayotgan bir vaqtda bu va bunga o'xshash kliplar juda ham dolzarb deb ayta olaman.
Ma'murjon Obrahmatov tavsiya qiladi
video operator
AslWayne ijodini hurmat qilaman. Oddiy bolaning hayotidan gapiradigan matnlar, yoqimli, kezi kelsa raqsbop, ba'zida esa g'amgin musiqa bilan turli kayfiyatlarni beradi. Shuning uchun bu yerdagi musiqalarni tavsiya qila olaman.
Konsta
Bahodir Abdullayev tavsiya qiladi
muxbir
Konstaning ijodi men uchun u uncha taniqli bo'lib ulgulmasidan oldin ko'proq yoqar edi. O'sha vaqtdagi qo'shiqlar matnlari qandaydir boshqacha, bo'lakchadek tuyuladi. "Seni sevaman" ko'pchilikka tanilib ulgurganidan keyin yozilgan trek bo'lishiga qaramay, o'sha eski Konstani eslatadi, menimcha. Klip esa uning faoliyatidagi eng muvaffaqiyatlilaridan biri.
Ko'ngilochar kontent
Nurulloh Sharipov tavsiya qiladi
muharrir
Ko'ngilochar kontent sifatida ko'pincha Sahna stendaplarini ko'raman. Mirshakar Fayzulloyev va uning jamoasi yaxshi stendap shoular tayyorlashyapti. Nega ko'raman? Shu, rostan ham ishim yo'qligidan) Ba'zida ish bo'may qoladi yoki tushlik vaqti ovqatlanayotganda ko'raman. Aynan bir konsertini tavsiya qilolmayaman, hammasi yaxshi.
Kunduziy
Mushtariy Oqboyeva tavsiya qiladi
muxbir
Kunduziy kanalida berib boriladigan solishtirma videolar aynan san'at borasidagi qiziqish va fikrlaringizni o'zgartirishi mumkin.
Ma'murjon Obrahmatov tavsiya qiladi
video operator
ISOMTV kanali har doim YouTube`ning o'zbek segmenti uchun kayfiyatni ko'tara oladigan videolar tayyorlaydi. Videolar asosan haftaning dam olish kunida chiqishi men uchun qulay. Auditoriya bilan xisoblashadigan kanallardan biri.
Shohrux Haydarov tavsiya qiladi
muxbir
Iqtidor egalarining qo'shiq aytishga bo'lgan ishtiyoqi va chinakam mahoratini tomosha qilish zavq beradi. Shuning uchun shu kontentni tomosha qilaman. Odatda, The Voice, «Ну ка все вместе», Eurovision tanlovlarini kuzatib boraman. O'zbekcha bo'lgani uchun menda X-Faktor varianti bor. Ko'ngilochar kontentlar dam olish kunlarida yoki ishdan keyin miyaga dam beradi, shaxsan, shunday deb o'ylayman.
Gulira'no Musayeva tavsiya qiladi
jurnalist
Ko'ngilochar kontent ko'rish uchun Afisha.uz nashrining YouTube kanalini kuzatib borish, xususan, oxirgi vaqtda hamkasbim Mirjalol Qosimov tayyorlagan intervyu va qiziqarli kontentlarni ko'zdan qochirmaslikni tavsiya qilaman. Ishni Sarvar Karimov bilan suhbatdan boshlaganingiz ma'qul.
Jiddiy mavzudagi kontent va hujjatli filmlar
Muhrim A'zamxo'jayev tavsiya qiladi
muharrir
Bu suhbatmi yo intervyumi yo qiziqarli kontent, aniq bilolmadim, lekin dastlab "Ishonch" gazetasining YouTube sahifasida e'lon qilinib, so'ng o'chirib tashlangan Hamza Hakimzoda Niyoziy haqidagi materialni ham tavsiya qilgan bo'lardim. Grafik jihatdan, montaji bo'yicha olamshumul biror narsa yo'qdir, lekin unda aytilgan fikrlar, menimcha, juda muhim. Bizda ayrim tarixiy shaxslarni keragidan ortiq ko'kka ko'tarib yuborish, boshqalarini esa asossiz ravishda e'tiborsiz qoldirish odat tusiga kirib qolgan va bunday yondashuv, afsuski, 2016-yildan keyin ham o'zgarayotgani yo'q. Hamza ham shunday munosabatga uchraganlardan — mustaqillikkacha 50−60 yil ulug'langan, so'ng "qora ro'yxat"ga tushib qolgan. Aslida esa u (va boshqalar ham) xolis va haqqoniy e'tiborga loyiq — juda maqtamaylik ham, lekin tariximizdan o'chirishga ham urinmaylik. Jurnalist Maftuna Karimova, menimcha, o'z videomaterialida shunday demoqchi bo'lgan.
Nurulloh Sharipov tavsiya qiladi
muharrir
Aktivist tayyorlaydigan kontent shu kategoriyaga tushsa kerak-a) Fuqarolar o'z huquqi uchun kurashishi, mahsulot sotib olayotganda nimalarga e'tibor berishi kerakligi haqidagi elementar tavsiyalarni beradi, amalda ko'rsatadi.
Mushtariy Oqboyeva tavsiya qiladi
muxbir
Unda qiziqarli ma'lumotlar sodda tarzda yetkaziladi. Adashmasam, intervyu shaklida berib borilmaydi. Bu ko'proq hujjatli filmlarga mos bo'lishi mumkin.
Shohrux Haydarov tavsiya qiladi
muxbir
O'zbek tarixi haqida shu paytgacha mavhum bo'lib kelgan yoki mifga aylangan voqeliklarni soha mutaxassislaridan eshitish yoqadi. Uning ishtirokchilaridan biri Eldor Asanovning fikrlarini oldindan kuzatib, yoqlab kelardim. Bu podkastda ular bor, bu ko'rishimga yana bir sabablardan biri.
Shahzod Habibullayev tavsiya qiladi
video operator
Ushbu yil uchun menga ma'qul bo'lgan jiddiy mavzudagi hujjatli filmni zamoviy YouTube blogsferasining yorqin vakillaridan biri bo'lgan Sa'dulla Abdullayev muallifligidagi Texnoplov kanali tayyorladi — "Yosh qanday aniqlanadi? Yer necha yoshda?". Ko'pchilik arxeologiya sohasidagi taxminiy yillar osmondan olinmasligi va aniq ilmiy tahlilga ega ekanligi sodda tushuntirilgan video.
Bahodir Abdullayev tavsiya qiladi
muxbir
Bu loyiha podkastlar kategoriyasiga ham, jiddiy mavzudagi kontent kategoriyasiga ham to'g'ri keladi. Lekin qaysi kategoriyada ko'rsatilishi unchalik muhim emas, unda muhokama etilayotgan mavzular, aytilayotgan fikrlar tomoshabinga foydali bo'ladi deb o'ylayman.
Тавсияларни Баҳодир Абдуллаев тўплади.
«Газета.uz» интернет-нашри сайтига жойлаштирилган материаллардан фойдаланиш шартлари билан бу ерда танишиш мумкин.

Қизиқарли нарсаларни биласизми? У ҳақида бошқаларга айтиб бермоқчимисиз? Ўз ҳикоянгизни sp@gazeta.uz электрон манзилига юборинг.