Qanday qilib Italiyada bepul o'qish mumkin?
Tolibjon Olimjonov hikoyasi
Tolibjon Olimjonov 2017-yili almashuv dasturi asosida Turin universitetiga o'qishga kirgan. Bir yil o'tib o'qish va yashash xarajatlarini qoplaydigan stipendiya egasiga aylangan. U "Xorij diplomi" loyihasida Italiya universitetiga qanday qilib o'qishga kirish va bepul ta'lim olish haqida gapirib berdi.
Tolibjon Olimjonov 2017-yili almashuv dasturi asosida Turin universitetiga o'qishga kirgan. Bir yil o'tib o'qish va yashash xarajatlarini qoplaydigan stipendiya egasiga aylangan. U "Xorij diplomi" loyihasida Italiya universitetiga qanday qilib o'qishga kirish va bepul ta'lim olish haqida gapirib berdi.
Xorij diplomi
"Xorij diplomi" — bu dunyoning turli mamlakatlariga o'qishga ketgan o'zbekistonlik talabalarning hikoyalaridan iborat loyiha. Ular universitet va grantlar topish, imtihonlarga tayyorgarlik ko'rish, hujjatlar topshirish, xorijda o'qish va yashashning o'ziga xos xususiyatlari, shuningdek, xorijdagi ta'limning o'z hayotlariga ta'siri haqida so'zlab beradi.
Tolibjon Olimjonov 2015-yili Toshkentdagi Turin politexnika universitetiga o'qishga kirgan. 3-kursda Erasmus talabalar almashuv dasturi doirasida Italiyaning eng ko'hna universitetlaridan biri — Turin politexnika universitetiga yo'l oldi.

Bir yillik ta'limdan so'ng Tolibjon barcha o'qish va yashash xarajatlarini qoplaydigan EDISU stipendiyasi egasiga aylandi. Bakalavriatni bitirgach, Turinda qolib, tahsilni davom ettirdi va 2021-yili sanoat muhandisligi va menejmenti yo'nalishi bo'yicha magistr darajasini oldi.

U hozirda Italiyadagi o'zbekistonlik yoshlar uyushmasi (UzYAI)ga ham rahbarlik qiladi va Italiya oliygohlariga o'qishga kirish niyatida bo'lgan o'zbekistonlik abituriyentlarga bepul maslahatlar beradi.
Talabalar almashuv dasturi haqida

Ota-onam bir necha chet tillarni bilishim, xorijda o'qish va yashash tajribasiga ega bo'lishimni istagan. Ammo maktabni tugatgach, chet elga ketish imkoni bo'lmadi. Shu bois 2015-yili Toshkentdagi Turin politexnika universitetining "Mashinasozlik va energetika" yo'nalishiga o'qishga kirdim.
Milan sobori
Universitetda o'zimni ijobiy tomondan ko'rsatdim va bu menga dekanatda ish topishimga yordam berdi. Birinchi yili laboratoriyada professor assistenti bo'lib ishladim, ikkinchi kursdan boshlab esa birinchi kurs talabalariga dars bera boshladim. Universitet rahbariyati o'qishdagi yutuqlarim va universitet hayotidagi faol ishtirokimdan xabar topgach, meni Erasmus talabalar almashuv dasturi uchun tanlab oldi.
Yevropa Ittifoqining Erasmus dasturi talabalarga bir necha oy yoki hatto bir yil davomida boshqa mamlakatlardagi universitetlarda amaliyot o'tash yoki o'qish imkonini beradi. Almashuv dasturi uchun talabani qabul qiluvchi va yuboruvchi universitet o'rtasida shartnoma tuziladi. Talaba xorijdagi universitetda o'rganadigan fanlar o'z universitetida o'qitiladigan fanlarga o'xshash bo'ladi. Dastur ishtirokchisiga hamma narsa — o'qish puli, turar joy, aviachipta va tibbiy sug'urta to'lab beriladi, o'qish davomida esa ularga oziq-ovqat, sayohat va hokazolarni qoplaydigan stipendiya ham beriladi.
2017-yilda universitetimiz Italiyadagi Turin politexnika universiteti (Politecnico di Torino) bilan birga Erasmus dasturida ishtirok etdi.

Nomzodlarga qo'yiladigan talablar quyidagicha edi:

  • O'z universitetingizda kamida ikki yil o'qigan bo'lishingiz kerak;
  • Chet tilini bilish kamida V2 darajasida bo'lishi kerak;
  • Akademik natijalar yaxshi bo'lishi va o'qish bo'yicha qarzdorlik bo'lmasligi kerak.
      реклама
      реклама
      Dastur bo'yicha tanlov yakunida 10 talaba saralab olindi. Har bir nomzod bilan suhbat o'tkazildi. Suhbatda, jumladan, Italiyaga borishdan maqsad ham so'raldi.

      Dastur menga Italiya tarixi va madaniyatini yanada chuqurroq o'rganish, yangi til o'rganish, kelajakda foydali bo'ladigan amaliy ko'nikma va foydali tajriba orttirishimga yordam beradi, deb ichimdagi boricha aytdim.

      Tanlov komissiyasining dasturga qabul qilish to'g'risidagi qaroridan keyin hujjatlarni yig'ish boshlandi.
      Rimdagi Kolizey
      Italiya universitetiga o'qishga kirish haqida

      Italiya universitetlarida qabulning ikki turi mavjud. Har bir yo'nalish bo'yicha atigi 10 talaba qabul qilinishi mumkin bo'lgan yopiq kirish dasturlari asosiy tanlov mezoni sifatida kirish imtihonlaridan foydalanadi. Ko'pincha, bu iyul-avgust oylarida bo'lib o'tadi va bilimni sinovchi testlar hamda tilni bilish darajasi bo'yicha suhbatdan iborat bo'ladi.
      Ochiq kirish dasturlarida esa imtihonlar tayyorgarlik darajasini baholash maqsadida o'tkaziladi. Hatto past ball to'plagan abituriyent ham tanlovdan muvaffaqiyatli o'tishi mumkin, ammo bir shart bilan: siz qo'shimcha kurslarga qatnashingiz zarur. Ba'zi universitetlar talabalarni ta'lim hujjatlari, rezyumelar yoki motivatsion xat va tavsiyanomalar asosida ham qabul qiladi.
      Ro'yxatga olish fevralda boshlanib, may oxirigacha davom etadi. Qabul talablari mutaxassislik va muassasa turiga qarab farq qilishi mumkin. Masalan, tibbiyot sohalari uchun siz IMAT yoki TOLC-F imtihonidan o'tishingiz kerak, iqtisodiyot sohasi uchun TOLC-E, muhandislik yo'nalishi uchun esa TOLC-I talab etiladi. Qabulning aniq sanalari va hujjatlar ro'yxatini universitet saytlaridan ko'rgan ma'qul.
      Qabul uchun hujjatlar to'plami
      1
      O'qishga kirish uchun to'ldirilgan ariza
      2
      Xorijga chiqish pasporti nusxasi
      3
      Bakalavr sertifikati / Magistrlik diplomi
      Hujjat va baholarning transkripti legallashtirilishi kerak. Buning uchun elchixona orqali apostil va baholarning italyan tiliga tarjimasi kerak.
      4
      DDV guvohnomasi yoki CIMEA sertifikati
      Hujjatlar Italiyada tan olinadi. Ularni elchixonadan olish mumkin.
      5
      Chet tili sertifikati
      Ingliz tilida ta'lim uchun sizga 6.0 ballik IELTS sertifikati va 80−90 ballik TOEFL, italyan tilida ta'lim olish uchun esa B2 darajasida CILS yoki CELI sertifikati kerak bo'ladi.
      6
      Motivatsion xat va tavsiyanomalar
      Ba'zi dasturlar uchun talab qilinadi. Motivatsion xatda siz nafaqat o'qish, balki mamlakatdagi hayotga ham qiziqayotganingizni yozgan ma'qul. Universitet professori va ish beruvchidan tavsiyanoma olish foydadan xoli emas.
      7
      Ijodiy yutuqlardan iborat portfolio
      Bakalavrga kirish uchun bungacha jami 12 yil o'qigan bo'lishingiz kerak — Italiyada bu o'rta maktabda o'qish davriga teng. Shuning uchun siz yetishmayotgan yilni universitetdan akademik sertifikat bilan yoki Italiyadagi Foundation dasturida o'qish orqali qoplashingiz kerak. Uni o'zingiz kirishni rejalashtirgan universitetdan olgan ma'qul.

      Dastur tufayli siz tilni bilish darajangizni kerakli bosqichgacha ko'tarib olishingiz, oxir-oqibat imtihonlarga yaxshi tayyorlanib, ayrim universitetlarga imtihonsiz kirishingiz mumkin. Foudation'ga ikki marta murojaat qilish mumkin: iyun oyi oxirida 9 oylik dasturlar uchun va dekabrda 6 oylik dasturlar uchun.

      Magistraturaga qabul qilishning muhim sharti: tanlangan mutaxassislik bakalavriat darajasi bilan bog'liq bo'lishi kerak. So'nggi yillarda ba'zi universitetlar nafaqat tegishli kursni tugatganlik to'g'risidagi diplomni, balki o'tilgan barcha fanlar dasturining tavsifini ham talab qilmoqda.
      Barcha hujjatlar tanlangan universitet sayti orqali topshiriladi. Ariza uzoq vaqt davomida ko'rib chiqiladi — bir oydan uch oygacha. Keyinroq pochta orqali taklifnoma yuboriladi, u bilan siz talaba vizasini olish uchun elchixonaga borasiz. Viza bir yilga beriladi. Yashash uchun ruxsatnomani kelgan kuningizdan boshlab 8 kun ichida olishingiz mumkin.
      Viza olish uchun hujjatlar ro'yxati
      1
      To'ldirilgan shakl (anketa)
      2
      Xorijga chiqish pasporti nusxasi
      3
      3,5×4,5 o'lchamdagi ikkita rangli fotosurat
      4
      Universitetga kirganlikni tasdiqlovchi hujjat
      5
      Ta'lim hujjatlari va til sertifikati
      6
      Tibbiy sug'urta
      7
      To'lovga qobil ekani to'g'risida bank ko'chirma
      Talaba stipendiya miqdori va ta'lim narxini faqat Italiyaga kelganidan keyingina bilishi mumkin bo'lgani bois, mamlakat va universitet uning to'lovga qobiliyatli ekanini tasdiqlovchi hujjat so'raydi. Universitet ota-onaning daromadini ham so'rashi mumkin. Hisobingizda kamida 7 ming dollar miqdorida mablag' bo'lishi kerak.
      8
      Yashash joyini tasdiqlovchi hujjat
      Erasmus dasturi tashkilotchilari turar joy topishda yordam bermaydi, bu ish talabaning o'ziga qoldiriladi. Booking.com va Subito.it saytlarida turar joy topish va ijaraga olish mumkin.
      Avgust oxirida viza oldim. 22-sentabr kuni Turinga uchib ketdik va uchinchi kursni Politecnico di Torino'da davom ettira boshladik.
      Turindagi Valentino qal'asi
      Italiya ta'lim tizimi haqida

      Italiya davlat universitetlarida har yil uchun miqdori 600 yevrodan 3 ming yevrogacha o'zgarishi mumkin bo'lgan badal puli to'lash kerak. Xususiy universitetlarda esa ta'lim pullik — to'lov miqdori 6 ming yevrodan 20 ming yevrogacha farq qilishi mumkin.

      Italiyada bakalavriat Laurea deb ataladi. Bunda ta'lim odatda uch yil davom etadi. O'quv rejasi nazariy mashg'ulotlar, seminarlar, ma'ruzalar, shuningdek, o'z ilmiy loyihangiz — bitiruv tezisi ustida ishlashdan iborat.

      Magistratura esa Laurea Specialistica deb ataladi va ko'p hollarda ikki yil davom etadi. Shuningdek, siz bu yerda professional faoliyatga qaratilgan bir yillik dasturlarni ham topishingiz mumkin.
      O'quv yili ikki semestrga bo'lingan: birinchisi oktabrdan yanvargacha, ikkinchisi — fevraldan iyungacha davom etadi. Har semestrda talabalarga ko'pi bilan to'rtta fan beriladi. Ularning har biri taxminan sakkiztadan kredit beradi. Demak, bir semestrda barcha fanlardan talaba 32, butun o'quv yili uchun esa 60 ball to'plashi kerak. Bakalavr darajasini olish uchun 180 kredit to'plash kerak. Talaba kamida 120 kredit to'plagan taqdirda magistrlik darajasini olishi mumkin.
      Mashg'ulotlar odatda haftada to'rt kun o'tkaziladi. Jadval shunday tuzilganki, talabalar darsga soat 9:00 da keladi va 18:00 dan keyin universitetni tark etadi. Bir dars o'rtacha olti soat davom etadi. Darsning birinchi qismi nazariyaga bag'ishlangan bo'lsa, ikkinchi qismi o'tilgan materialni amaliyotda mustahkamlashdan iborat. Tanaffusning bo'lish-bo'lmasligi professorning kayfiyatiga bog'liq. Bunday qat'iy rejimda talabalar kelajakdagi ko'p soatlik ish tartibiga moslashadi.

      Bir o'quv yilida uchta sessiya bo'ladi. Birinchi imtihon birinchi semestr oxirida barcha to'rtta fan bo'yicha o'tkaziladi. Agar talaba imtihonni o'tkazib yuborsa yo yiqilsa, keyingi imtihonda tegishli fanni qayta topshirishi mumkin. Agar talaba yana yiqilsa, keyingi o'quv yili boshida vaziyatni tuzatish uchun uchinchi imkon beriladi. Talabalar to'rt martagacha bepul qayta imtihon topshirishi mumkin. Yiliga ikki marta ta'til beriladi. Mavlud (Rojdestvo) ta'tili 20-dekabrda boshlanadi, yozgisi esa uch oygacha cho'zilishi mumkin.
      реклама
      реклама
      Italiya ta'lim tizimi bir qancha sabablarga ko'ra O'zbekistonnikidan ustunroq. Birinchidan, mustaqil ta'limga, o'z-o'zini boshqarish va tanlov erkinligiga ko'proq urg'u beriladi.

      Ikkinchidan, sifatli ta'lim olish uchun teng moliyaviy sharoitlar yaratilgan. Universitet oilaning daromad darajasini hisobga oladi, shuning uchun ta'lim xarajatlari talabaning qanchalik ta'minlanganiga bog'liq. Natijada, daromadi turlicha bo'lgan odamlarda bir xilda oliy ma'lumot olishi imkoni paydo bo'lgan.

      Uchinchidan, universitetda o'qish qulay va samarali bo'lishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Masalan, o'qish davrida men ko'p vaqtimni kutubxonada mutolaa, eng so'nggi texnologiyalarga ega zamonaviy laboratoriyada izlanishlar bilan o'tkazdim.
      Bu omillarning barchasini hisobga olib, 2018-yil may oyida men Turinda qoliib, bakalavriatni shu yerda tugatishga qaror qildim, chunki bu yerda o'z salohiyatimni ro'yobga chiqarish uchun imkoniyatlar ko'proq ekanini tushunib turgandim. O'qishni ko'chirish uchun men Toshkentdagi Turin politexnika universitetining Italiyadagi kotibiyatiga murojaat qildim. Ular meni Toshkent filialidan chetlatish to'g'risidagi arizani to'ldirishimni so'rashdi va bu hujjatni O'zbekistonga yuborishdi. Butun jarayon ikki haftacha vaqt oldi. Endi bepul o'qish uchun stipendiya topib, uni qo'lga kiritishim kerak edi.
      Venetsiya va Milan o'rtasidagi Garda ko'li
      Stipendiyalar haqida

      Italiyaning ko'plab universitetlarida, jumladan, eng nufuzli universitetlarida ham bepul o'qish mumkin. Kam daromadli 50 mamlakatdan kelgan kelgan talabalarga Italiya hukumati yillik universitet to'lovlari, turar joy va ovqatlanish xarajatlarini qoplaydigan yaxshigina stipendiya beradi. Stipendiatlar bir qator imtiyozlarni ham qo'lga kiritadi: jamoat transporti, diqqatga sazovor joylar va hatto universitet oshxonalarida ovqatlanishga chegirmalar beriladi. Asosan a'lochi talabalar yoki kam ta'minlangan oilalarning farzandlari moddiy yordam egasiga aylanadi.
      Oila farovonligi darajasini belgilaydigan ikkita ko'rsatkich mavjud: ISEE va ISPE. Birinchisi oila a'zolarining yillik umumiy daromadini, ikkinchisi esa oilaga tegishli bo'lgan ko'chmas mulkning qiymatini ko'rsatadi. Stipendiya yutib olish uchun kerakli hujjatlarni to'plash va o'z vaqtida ariza topshirish kerak. Men avgust oyida EDISU dasturiga to'rtinchi kurs boshlanishidan oldin ariza topshirgandim.
      Stipendiya olish uchun zarur hujjatlar ro'yxati
      1
      Oila a'zolari haqida ma'lumot



      2
      Yashash maydonining o'lchami va mulkka egalik huquqi to'g'risidagi hujjat
      3
      Oilaning barcha a'zolari bank hisoblaridan ko'chirmalari
      4
      So'nggi ikki yil uchun daromadlar to'g'risidagi hisobot
      Agar daromad bo'lmasa, bu ish bilan ta'minlash xizmatidan ma'lumotnoma yordamida tasdiqlanishi kerak.
      Stipendiya tizimi uch darajaga bo'lingan:
      Hukumat stipendiyasi. Oilaviy daromadi yiliga 24 ming yevrodan oshmaydigan chet ellik talabalarga yordam beradigan eng ommabop stipendiya dasturi. Dasturda nomzodlarning fuqaroligi va yoshi bo'yicha hech qanday cheklovlar yo'q. Talabalar universitet to'lovlaridan ozod qilinish bilan birga yotoqxona hamda 2500 yevro yoki yotoqxonasiz 5000 yevro yillik to'lov va biroz oziq-ovqat nafaqasi oladi. Stipendiya bir yillik, ammo kelgusida uni yana uzaytirish mumkin.

      Regional stipendiya. Italiyaning har bir regioni (viloyati)da stipendiyalar taqdim etadigan notijorat tashkilotlar mavjud. EDISU — ular orasida eng mashhurlaridan. U Pemont universitetlarida to'laqonli o'qishga kirgan va o'qiyotgan talabalarni qo'llab-quvvatlaydi. Stipendiya barcha o'qish va yashash xarajatlarini qoplaydi. Yordam miqdori talabaning moliyaviy ahvoli va ilmiy yutuqlariga bog'liq, ammo o'rtacha 7 ming yevroni tashkil qiladi. Italiya hukumati vasiyligidagi ER.GO tashkiloti esa Emiliya-Romanya viloyatidagi san'at va musiqa yo'nalishida tahsil olayotgan talabalarni qo'llab-quvvatlaydi.

      Universitet stipendiyasi. Italiyadagi deyarli barcha universitetlar chet ellik talabalarga turli stipendiyalar taklif qiladi. Moliyaviy yordam turi, uning qiymati va davomiyligi universitetning o'ziga bog'liq. Masalan, Padua universiteti beshta stipendiya dasturini taklif qiladi. Milan politexnika universiteti 10 ming yevro qiymatidagi 10 ta Platinum stipendiyasi, 5 ming yevrolik 56 ta Gold stipendiyasi va 70 ta bepul Silver stipendiyasi bermoqda. Rimdagi La Sapiyensa universiteti magistraturaga o'qishga kirgan va Italiyadan tashqarida bakalavr darajasiga ega bo'lgan iqtidorli talabalarning har biriga 4 ming yevrodan to'laydi. Grant olish shartlari bilan universitetlarning saytlarida tanishish mumkin.

      Talaba ta'lim narxi va stipendiya miqdori haqidagi aniq ma'lumotni faqat Italiyaga kelganidan keyin olishi mumkin. Tanlovda qatnashish uchun tasdiqlangan talabalar ro'yxati stipendiya tashkilotining saytida sentabr-oktabr oylarida — o'quv yili boshida paydo bo'ladi.
      Turindagi Valentino qal'asi
      Italiyadagi talabalar hayoti haqida

      Bu yerga kelgach, boshida madaniy shok tufayli moslashish qiyin kechdi. Moslashish uchun inglizcha bilishimning o'zi kifoya qilmasdi, chunki italiyaliklar bu tilni yaxshi bilmaydi. Shunday ekan, agar Italiyada yashamoqchi bo'lsangiz, oldindan italyan tilini o'rganishga kirishib, uni kamida V1 darajasida bilib olganingiz ma'qul. Telefon orqali turli masalalarni hal qilish, hujjat to'ldirish, joyida nimanidir aniqlash — bularni italyanchani bilmay turib qilib bo'lmaydi.

      Birinchi hafta hujjatlar sabab yugur-yugur ko'p bo'ladi. Kelgach, stipendiya va o'qishga chegirmalarni hisoblash uchun STIR, yashash uchun ruxsatnoma hamda o'qishga chegirma va stipendiya egasiga aylanish uchun oila daromadi darajasi haqida ma'lumotnoma olishingiz kerak. Bu ishlarda menga universitetdagi volontyor talabalar yordam berdi. Aeroportda kutib olib, joylashtirishdi, shaharni ko'rsatishdi va hammasini tushuntirishdi. Shunday ekan, biror qiyinchilik bo'lsa, murojaat qilib, yordam so'rashdan tortinmaslik kerak.
      реклама
      реклама
      Italiyadagi ba'zi universitetlar talabalarni yotoqxona bilan ta'minlaydi. Ko'pincha, bu zamonaviy kampusdagi oshxona, dush va hojatxonalari umumiy bo'lgan 2−4 kishilik xona bo'ladi. Universitet yotoqxonasida yashash oyiga 100 dan 400 yevrogacha tushadi. Ammo faqat yotoqxonaga ishonib qolmaslik kerak — raqobat kuchli va universitet birinchi galda iqtidorli stipendiat-talabalarni turar joy bilan ta'minlaydi.

      Aksariyat talabalar xususiy yotoqxonalardan joy oladi yoki birgalashib ijara kvartirada yashaydi. Ulardagi sharoit universitet yotoqxonalaridan ko'ra qulayroq, narxi ham ko'p yuqori emas — oyiga o'rtacha 250 dan 500 yevrogacha. Italiya shimolida turar-joy ijarasi odatda janubiy viloyatlarga qaraganda qimmatroq.

      O'qishning birinchi yili, tajribasizlik qilib, men va do'stim oylik to'lovi 1000 yevro bo'lgan kvartirada ijarada yashadik. Ammo to'rtinchi yilga kelib biz salkam uch barobar arzonroq — oyiga 350 yevrolik variantni topdik.

      Italiyada talabalarga haftasiga 20 soatgacha ishlashga ruxsat beriladi. Katta shaharlarda mos ish topish qiyin emas, ayniqsa, har bir universitetda faoliyat yuritadigan talabalarni ishga joylashtirish bo'yicha maxsus bo'limga murojaat qilsangiz. O'qishning oxirgi yillari talabalar pul to'lanadigan majburiy amaliyot yoki stajirovkadan o'tadi.

      Men magistraturani tamomlamay turib, 2021-yil mart oyidan Westport Fuel Systems kompaniyasida sifat bo'yicha muhandis bo'lib ishlay boshladim.
      2021-yil fevralida Toshkentdagi Turin politexnika universitetidan kelgan bir guruh talabalar bilan birga Italiyadagi o'zbekistonliklar yoshlar uyushmasi (UzYAI) loyihasini boshladik. Avvaliga Italiyadagi vatandoshlarimizga ko'ngilli sifatida yordam berdik. Keyin O'zbekistondagi abituriyentlarga maslahatlar bera boshladik. Xorijiy ta'lim agentliklari qancha pul so'rashini bilgan holda, biz axborot yordamini mutlaqo bepul taqdim etishga qaror qildik. Bizning yordamimiz bilan 500 dan ortiq o'zbekistonlik allaqachon Italiya universitetlari talabasiga aylandi.

      Har oyda jamiyatimiz a'zolari o'qiydigan va ishlayotgan turli shaharlarda madaniy tadbirlar o'tkazamiz. Men hozir shu uyushma rahbariman.
      Chet elda o'qish menga yangi dunyoni kashf qilish imkoniyatini berdi. Birinchi navbatda bepul ta'lim va xalqaro diplom oldim, shu tufayli yaxshi ish topdim. Dunyoqarashimni kengaytirgan, hayotga bo'lgan qarashimni o'zgartirgan do'stlar, tanishlar orttirdim, masalan, kitobxonlikka berilib ketdim.

      Talabalik yillarim Italiyaning deyarli barcha shaharlarida bo'ldim, chunki bu yerda sayohat — hayot tarzi. Talabalar 100 yevrolik vaucher sotib olib, beshtagacha shaharga safar qilishi mumkin. Hostellarda tunagan yaxshiroq — unda bir xona 10 yevro turadi. Xaritadagi eng sevimli nuqtalarim men uchun ona shahrimdek qadrdon bo'lib qolgan Turin, tarixiy moliyaviy markaz Florensiya va zamonaviy sanoat markazi Milan edi. To'rtinchi yili do'stlarim bilan Yevropa bo'ylab sayohatga chiqdik — Shveysariya, Germaniya, Ispaniya, Fransiyaga bordik. Ta'tilda bir guruh talabalar bilan Vengriya, Avstriya, Belgiya, Niderlandiyada bo'ldik.

      Shuningdek, mazali va xilma-xil taomlarni totib ko'rdim. Italiyaning har bir shahri o'ziga xos taomiga ega. Turinliklar o'zining oq vinosi va lazanyasi bilan juda faxrlanadi. Italiyaning boshqa qismlarida ham siz 30 xil turdagi pasta, pitssa va dengiz mahsulotlaridan tayyorlangan taomlarni totib ko'rishingiz mumkin. Bu yerda odamlar ko'chada ovqatlanishdan ko'ra uyda taom pishirishni afzal ko'radi.

      Turindagi Palatsso Madama saroy majmuasi
      Italiyada o'qishni istagan har kimga mahalliy aholining turmush tarzini "o'zlashtirish"ni tavsiya qilaman. Avvalo, xuddi ulardek mehribon, ochiqko'ngil va xushmuomala bo'lishni o'rganing. Qo'rquv va stereotiplardan voz keching, ongingizni hamma narsa uchun oching, atrofingizdagi imkoniyatlar va istiqbollarni ko'ring va doimo ijobiy fikrlashga harakat qiling. O'qish va ishlashdan tashqari mamlakat madaniyati va tarixini o'rganing, teatr va muzeylarga boring, san'at, me'morchilik, musiqa, taomlar, an'analarga ko'proq vaqt ajrating. Va bu quyoshli o'lkada hayotdan zavqlaning!
      Matnni Farzona Hamidova tayyorladi.
      Rus tilidan Nazarbek Nazarov tarjimasi.
      Illyustratsiya: Eldos Fozilbekov / "Gazeta.uz".
      Fotosuratlar Tolibjon Olimjonovning shaxsiy arxividan.

      "Gazeta.uz" muallifligidagi grafik materiallar, shuningdek, matnga boʻlgan huquqlar "Gazeta.uz"ga tegishli. "Gazeta.uz" internet-nashri saytiga joylashtirilgan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

      Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? Oʻz hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

      Materialga izohlar

      Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
      "Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

      Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting