Qanday qilib Polsha universitetlariga o'qishga kirish mumkin?
Otabek Zufarov hikoyasi
Otabek Zufarov 2021-yili Polshaning eng yaxshi uchta oliygohidan biri hisoblangan Poznandagi Adam Mitskevich universitetiga o'qishga kirgan. "Xorij diplomi" loyihasi uchun bergan intervyusida u viza olish qiyinchiliklari va Polsha ta'lim tizimi afzalliklari haqida gapirib berdi.
Otabek Zufarov 2021-yili Polshaning eng yaxshi uchta oliygohidan biri hisoblangan Poznandagi Adam Mitskevich universitetiga o'qishga kirgan. "Xorij diplomi" loyihasi uchun bergan intervyusida u viza olish qiyinchiliklari va Polsha ta'lim tizimi afzalliklari haqida gapirib berdi.
Xorij diplomi
"Xorij diplomi" — bu dunyoning turli mamlakatlariga o'qishga ketgan o'zbekistonlik talabalarning hikoyalaridan iborat loyiha. Ular universitet va grantlar topish, imtihonlarga tayyorgarlik ko'rish, hujjatlar topshirish, xorijda o'qish va yashashning o'ziga xos xususiyatlari, shuningdek, xorijdagi ta'limning o'z hayotlariga ta'siri haqida so'zlab beradi.
Loyihaning navbatdagi mehmoni 2021-yil Polshaning Poznan shahridagi Adam Miskevich nomidagi universitetga o'qishga kirgan Otabek Zufarov bo'ldi. Otabek hozirda Foundever xalqaro kompaniyasida texnik qo'llab-quvvatlash xizmati agenti bo'lib ishlaydi.
O'qishga kirish va ko'chish haqida

Maktabni tugatish arafasida Toshkent davlat yuridik universitetiga o'qishga kirishga tayyorlanayotgan edim. Chet elda o'qish haqida o'ylab ham ko'rmagandim — uydan uzoqqa ketib, yashash istagim yo'q edi. Fikrimni akasi Varshava universitetida o'qiydigan do'stim o'zgartirgan. U chet elda o'qish karera masalasida O'zbekistonda o'qishdan ko'ra kengroq imkoniyat berishini aytgandi.
Vrotslavdagi Muqaddas Mariya Magdalina cherkovi
Biz birga Yevropadan o'zimizga mos universitet izlay boshladik. Uchta mezonga qarab tanlov qildik: gumanitar yo'nalish, ingliz tilidagi dastur va arzon kontrakt. Fransiya, Germaniya, Chexiya, Avstriya va Polsha universitetlarini ko'rib chiqdik.

Uzoq tanlab o'tirganim yo'q, chunki aksariyat universitetlarda hujjat qabuli allaqachon yopilgandi. Yevropa universitetlari qabulni odatda qish boshi yoki o'rtalarida ochadi, biz universitet tanlayotganimizda esa may oyi edi. Natijada faqat Polsha varianti qoldi.
Do'stimning akasi Varshavada o'qiyotganligi ham hal qiluvchi omil bo'ldi, ya'ni bizda o'z tajribasi bilan o'rtoqlasha oladigan, barcha masalalarda maslahat bera oladigan odam bor edi.
Toshkent davlat yuridik universitetidan tashqari men Varshava universitetiga va Poznandagi Adam Mitskevich universitetiga ham hujjat topshirdim. Hujjatlarni rasmiylashtirishga universitetlarning o'zi yordam berdi. U yerda ish shunday yo'lga qo'yilganki, har bir murojaatchiga qanday hujjatlar to'plash, qayerga topshirish, qancha to'lash, qayerdan viza olish va hokazolarni tushuntiruvchi menejer biriktiriladi. Butun jarayon uchun bir oycha vaqt ketdi.
Qabul uchun hujjatlar to'plami
1
Arizani ko'rib chiqish uchun yig'im to'langanligi to'g'risidagi kvitansiya
Arizangizni ko'rib chiqishlari uchun siz 20 dollar to'lashingiz kerak.
2
Xorijga chiqish pasporti skanerlangan nusxasi
3
11-sinfni tamomlaganlik to'g'risidagi diplom yoki attestat
Hujjat ingliz tiliga tarjima qilingan va notarial tasdiqlangan bo'lishi lozim. Tarjimaga apostil — diplom yoki sertifikatning boshqa davlat hududida yuridik kuchini beruvchi shtamp qo'yiladi.
4
Baholar transkripti
O'tilgan fanlar va ular bo'yicha olingan baholar ro'yxati. Yaxshi akademik ko'rsatkich qabul imkoniyatini oshiradi. Baholar qanchalik yuqori bo'lsa, ismingiz abituriyentlar ro'yxatida shunchalik yuqori turadi.
5
Til sertifikatlari
Buni hamma universitetlar ham talab qilmaydi. Men ingliz tilidagi dasturga hujjat topshirgandim, shuning uchun IELTS'dan 6,5 ball olganim juda qo'l keldi. Agar siz polyakcha dasturga ariza topshirmoqchi bo'lsangiz, tilni kamida B2 darajasida bilishingizni tasdiqlovchi sertifikat bo'lishi kerak.
Barcha hujjatlarni iyun oyida universitet sayti orqali topshirdim. Toshkentda hujjatlarni yig'ish va topshirishda yordam berishga tayyor bo'lgan idoralar bor, lekin aksariyat hollarda ular xususiy oliy o'quv yurtlari bilan hamkorlik qiladi. Shu bois bu ishni o'zingiz uddalab, pulni tejaganingiz ma'qul.
Eng ajablanarlisi, shartnoma asosida o'qishga kirish uchun imtihon va suhbatlar talab etilmadi. O'tish yoki o'ta olmasligingiz baholaringizga bog'liq. Agar grant olish uchun ariza bersangiz, u holda suhbat bo'ladi va nima uchun aynan shu universitetda o'qishni xohlayotganingiz haqida motivatsion xat yozib berish so'raladi.
Avgustda pochtamga taklifnoma ilova qilingan xat keldi. Men ikkala universitetga ham kirdim, lekin o'qish uchun Poznandagi universitetni tanlashga qaror qildim. Birinchidan, shartnoma summasi kamroq edi — yiliga 1300 dollar (Varshava universitetida shartnoma 2000−3000 dollar atrofida), ikkinchidan, men o'zim qiziqqan — xalqaro munosabatlar yo'nalishiga kirdim. Oilada yolg'iz o'g'il bo'lishimga qaramay, ota-onam tanlovimni qo'llab-quvvatlashdi va faol yordam berishdi — buning uchun ulardan juda minnatdorman.

Universitet menejeri hujjatlarni yubordi. Polshada o'qish niyatini tasdiqlash uchun ular imzolanishi va onlayn tarzda qayta jo'natilishi kerak edi. Ular alohida tezkor pochta yordamida vizaga ariza berish uchun xat ham yuborishdi.
реклама
реклама
Talaba vizasini olish eng qiyin ish bo'lib chiqdi. Gap shundaki, butun Markaziy Osiyoda Polshaning bor-yo'g'i ikkita elchixonasi bor. Biri Olmaotada bo'lsa, ikkinchisi Toshkentda. Oqibatda qo'shni mamlakatlarning fuqarolari ham viza uchun bizdagi elchixonaga murojaat qiladi, shuning uchun ham odam ko'p, navbatlar bilan bog'liq muammolar bor va natijani kamida bir oy kutishga to'g'ri keladi.

Men 24-sentabrda ariza topshirdim va 24-oktabrda olti oylik viza oldim — aslida viza bir yillik bo'lishi kerak edi. Shu bois, agar viza uchun ariza bermoqchi bo'lsangiz, harakatni yoz o'rtalaridan boshlang. Barcha ma'lumot elchixona saytida bor. Konsullik yig'imi — taxminan 80 yevro.
Viza olish uchun hujjatlar to'plami
1
Universitetdan rasmiy taklifnoma
2
Apostil qo'yilgan diplom yoki attestat nusxasi
3
Shaxsiy hujjatlar
3,5×4,5 o'lchamdagi ikkita rangli fotosurat, xorijga chiqish pasportining rangli nusxasi, ish joyidan va jinoiy ish ochilmaganligi haqida ma'lumotnomalar.
4
Tibbiy sug'urta
5
O'qish shartnomasi va turar-joy uchun pul to'lagani to'g'risida bankdan ma'lumotnoma
6
Ota-ona nomidan barcha xarajatlar qoplanishi to'g'risida ariza
Men Polshaga Riga orqali uchdim. Bizni Varshava aeroportida do'stimning akasi kutib oldi. Biz bir kecha uning yotoqxonasida qoldik. Ertasi kuni tongda u bizni vokzalga olib borib, Poznan poyezdiga chiqarib yubordi.

Bu shahar Polshaning ko'plab madaniy yodgorliklari va universitetlari joylashgan tarixiy bir markazi ekan. Bu yerda jami 600 ming kishi istiqomat qilsa, shundan 150 ming nafari talabalardir.

Universitetga kelishimiz bilan ma'muriyat bizni yotoqxonaga joylashtirdi va moslashib olishimiz uchun bir hafta vaqt berdi. Polsha universitetlarida o'qish 1-oktabrdan boshlanadi. Biz menejerimizni viza bilan bog'liq muammolar haqida oldindan ogohlantirib qo'ygandik. Bir oy kech kelib, 3-noyabrdan o'qishga kirishganimiz baholarimizga ta'sir qilgani yo'q. Ma'muriyat va professor-o'qituvchilar bunday vaziyatlarda chet ellik talabalarni to'g'ri tushunishga harakat qiladi.
Varshavadagi Madaniyat va fan saroyi
Polsha ta'lim tizimi haqida

Polshadagi ta'lim tizimi ko'plab dasturlarni taklif etadi. Talabalar oddiy va sirtqi (O'zbekistondagi kunduzgi va sirtqi ta'limga teng), tonggi, kunduzgi va kechki smenalarda, shuningdek, onlayn rejimda o'qishi mumkin.

Agar talaba polyak tilini B2 darajasida bilsa yoki Polsha universiteti huzuridagi bir yillik polyak tili kursini o'tasa, bepul ta'lim olishi ham mumkin. Eng ommabop ixtisosliklar faqat ingliz tilida va hatto mahalliy talabalar uchun ham faqat pullik asosda o'qitiladi.
Bakalavriatda o'qish o'rtacha uch-to'rt yil, magistratura dasturlari esa ikki yil davom etadi. Tibbiyot, texnik va yuridik ixtisosliklar uchun bakalavriat dasturlari yo'q. Buning o'rniga talabalar magistratura dasturlarida 5−6 yil uzluksiz o'qitiladi. Mening yo'nalishimda o'qish uch yil.

Polshada o'quv yili oktabrda boshlanadi va iyulda tugaydi. U ikki semestrga bo'lingan: qishkisi oktabrdan fevralgacha, bahorgisi esa fevraldan iyungacha. Hujjatlar qabuli ham, tanlangan semestrga qarab, yiliga ikki marta ochiladi. Ta'til qishda yetti kundan 10 kungacha, yozda esa uch oygacha davom etadi. Shuningdek, Mavlud, Pasxa va Ota-onalar kuni kabi bayramlarda ham dam beriladi.
Har bir fan uchun ikkitadan baho qo'yiladi: ma'ruzalarda qatnashganlik uchun alohida, seminar topshiriqlarini bajarganlik uchun. Odatiy besh ballik tizimdan tashqari har bir talaba bakalavriat bosqichida kredit-modul tizimiga ko'ra 180 dan 240 ballgacha to'plashi shart. Bu qiyin vazifa emas, chunki bir semestrda 30 va undan ko'proq kredit olish mumkin. Til kurslari va sport seksiyalariga qatnashganlik uchun qo'shimcha kreditlar beriladi.
Polshaning boshqa oliygohlaridan farqli o'laroq, mening universitetimda talabalar o'z dars jadvalini o'zi tuzolmaydi. Dars jadvali semestr boshlanishidan bir hafta avval barcha talabalarning mobil qurilmalariga o'rnatilgan maxsus dasturda e'lon qilinadi. Darslar haftasiga besh kun. Masalan, birinchi kursda dushanba kunlari til kurslariga borardim, jumada esa tennisga qatnardim. Asosiy fanlar haftada uch-to'rt kun o'tilardi.
реклама
реклама
O'zbekistondagi kabi semestr o'rtasida oraliq nazoratlar, oxirida esa yakuniy nazoratlar bo'ladi. Barcha imtihonlarni topshirish uchun uch-to'rt hafta vaqt beriladi. Imtihon jadvalini talabalarning o'zi tuzib, o'qituvchilariga yetkazadi. Biz ko'proq dam olish uchun barcha fanlarni ertaroq topshirishga harakat qilamiz. Agar talaba biror fan bo'yicha imtihonga kelmasa yoki imtihondan yiqilsa, unda qayta topshirish imkoniyati bo'ladi.
Bu yerda uchta tilni o'rganish majburiy talab hisoblanadi. Qaysi dasturda o'qiyotganingizdan qat'i nazar, siz ingliz va polyak tili kurslariga borishingiz kerak. Menda IELTS sertifikati borligi uchun inglizchadan ozod qilinganman. 60 soatlik polyak tili kursida qatnashgani uchun talaba sertifikat oladi, bu kelajakda unga ish topishda qo'l keladi. Birinchi kursning ikkinchi semestrida talabalar uchinchi chet tilini tanlaydi. Hozir hozir polyakcha bilan bir vaqtda ispan tilini ham o'rganyapman.
O'qishni tamomlab, O'zbekistonga qaytmoqchi bo'lsangiz, diplomi O'zbekistonda to'g'ridan-to'g'ri (maxsus imtihonlarsiz) tan olinadigan universitetni tanlash kerak. Mening universitetim O'zbekistonda tasdiqlangan diplomi tan olinadigan xorijiy universitetlar ro'yxatida 801-o'rinda edi.
Gdanskdagi Ikkinchi Jahon urushi muzeyi
Talabalik hayoti haqida

Universitetlar butun shahar bo'ylab tarqalib ketgan. Universitetimiz ma'muriy binosi Poznan markazida, fakultetlari esa shahar chekkasida joylashgandi. Yotoqxonalar ham shahar chekkasida. Universitet filiallariga avtobus yoki tramvayda yetib olardik.
реклама
реклама
Polshada talabalar yotoqxona yoki kvartira ijaraga olishi mumkin. Talabalar yotoqxonalarida narxlar nisbatan past. Do'stim bilan ikki kishilik xona uchun oyiga har birimiz 100 dollardan to'lardik. Xonadoshni oldindan "tanlash" mumkinligi — ajoyib qulaylik. O'zingiz ishongan do'stingiz bilan birga joylashganga nima yetsin. Birinchi kursda do'stim bilan yotoqxonada turdik, ikkinchi kursda esa oylik to'lovi 250 dollar bo'lgan kvartirani ijaraga oldik.
Talabalar o'quv yili davomida turli stipendiyalarga ariza topshirishi mumkin, ular orasida Polsha Ta'lim vazirligi stipendiyasi, rektorlik stipendiyasi va universitetning o'z stipendiyasi eng mashhur hisoblanadi. Universitetimiz a'lochilarga oyiga 350 dollardan stipendiya beradi. Men stipendiya olmayman, chunki ikkinchi kursdan boshlab ishlayapman va xarajatlarni maoshimdan qoplayman.
Bu yerda deyarli barcha talabalar ishlaydi. Qonunga ko'ra, har kim rasman ish topish huquqiga ega, vaqt cheklovi yo'q. Asosiysi, ish vaqti universitetdagi darslarga to'g'ri kelmasa bo'ldi. Men Foundever xalqaro kompaniyasiga Buyuk Britaniya va Irlandiyadan kelgan mijozlarga texnik yordam ko'rsatuvchi agent sifatida ishga joylashdim. To'liq stavkada ishlayapman.
Polshada talabamisan yoki yo'q — bunga qarab o'tirishmaydi. Asosiysi, vazifani bajara olsang bo'lgani. 26 yoshdan kichik ishlaydigan talabalar soliq to'lovidan ozod qilingan. Bu esa yoshlarni o'qib, ishlashga undaydi.

O'zbekistonda ham shunday tizim joriy qilinsa, yaxshi bo'lardi. Toshkentga viloyatlardan kelgan aksariyat talabalar yashash va ovqatlanish xarajatlarini qoplash uchun ish topolmaydi. Ish beruvchilar ularning o'qishi va tajribasizligini bahona qilib, ishga olishni xohlamaydi. Oqibatda ular begona mutaxassisliklarda ishlashga majbur bo'ladi, vaholanki, xuddi shu vaqtda ular o'z mutaxassisliklari bo'yicha ishlab, tajriba to'plashlari ham mumkin.
Polshada kunlik xarajatlardan tejab qolishni istasangiz, talaba kartasidan foydalanishni maslahat bergan bo'lardim. Bu karta bilan oshxona, kinoteatr, muzey va teatrlar arzonroqqa tushadi. Ba'zi yemakxonalar yopilishidan bir soat avval va tushlik vaqtida talabalarga chegirma beradi. Kartaning eng katta afzalligi — jamoat transportiga 51 foizlik chegirma bor. Shu tariqa bir oyda 50−100 dollar tejash mumkin.
Dam olish kunlari butun bo'sh vaqtimni sayohat bilan o'tkazaman. Bir yarim yil ichida Varshava, Gdansk, Krakov, Vrotslav, Osvensimga borishga ulgurdim. Qirol qal'asidan tortib Osvensim va Daxau konslagerlarigacha — shu kabi turli tarixiy obidalarda bo'ldim. Qishki ta'tilni do'stlarim bilan birga Polshaning o'zimizdagi Amirsoyga o'xshash kurorti — Zakopaneda o'tkazdik.

Yangi narsalarni o'rganish — bu chet eldagi ta'lim menga bergan eng asosiy jihatlardan biridir. Yangi mamlakat, madaniyat, til, oshxona, sayohat, sevimli mashg'ulotlar, o'qish, ish, tanishlar o'zimni qayta kashf qilishga, dunyoqarashimni kengaytirishga va hayotda qaysi yo'nalishda harakat qilmoqchi ekanligimni yaxshiroq anglashga yordam berdi. Ulg'aydim, mustaqil bo'ldim, ongli qaror qabul qilishni o'rgandim, hayotim uchun mas'uliyatni his qildim va Vatanimni sog'indim.

Ona Vatandan uzoqda bo'lganingizda, eng mayda-chuyda narsalarni ham qadrlay boshlarkansiz: oilang bilan bir dasturxon atrofida suhbatlashish, do'stlar bilan sayr qilish, tandirdan yangi uzilgan non isi va yil bo'yi charaqlab turadigan quyosh — bularning bari qanchalik muhim ekanini tushunib yetasiz. Polshada magistraturani tamomlab, so'ng O'zbekistonga qaytish niyatidaman.
Xorijda o'qish istagidagi har kimga men chet eldagi hayotni ideallashtirmaslikni va qiyinchiliklarga tayyor turishni maslahat bergan bo'lardim. Yangi sharoitlarga hamma ham moslasha olmaydi — noma'lumlikka qo'yilgan qadam bu axir. Men do'stim bilan birga bu qadamni tashladim. Birgalikda moslashishimiz osonroq kechdi. Shu bois kim bilandir birga borgan yoki kelgach, do'st topishga harakat qilgan ma'qul. Polshada MDH mamlakatlaridan kelgan talabalar ko'p. O'zim Qirg'iziston, Qozog'iston, Ozarbayjondan kelgan talabalar bilan do'stlashdim. Biz rus tilida muloqot qilib, ko'p vaqtni birga o'tkazamiz, til va madaniyatni tushunishda qiyinchilik yo'q. Shuningdek, bunda ko'proq erkinlik his qilasiz. Lekin maqsadingizni unutmang va tanlangan yo'nalishingiz bo'ylab harakat qilishda davom eting.
Varshavaning markaziy maydonida
Matnni Farzona Hamidova tayyorladi.
Rus tilidan Nazarbek Nazarov tarjimasi.
Illyustratsiya: Eldos Fozilbekov / "Gazeta.uz".
Fotosuratlar Otabek Zufarovning shaxsiy arxividan.

"Gazeta.uz" muallifligidagi grafik materiallar, shuningdek, matnga boʻlgan huquqlar "Gazeta.uz"ga tegishli. "Gazeta.uz" internet-nashri saytiga joylashtirilgan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? Oʻz hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting