Qanday qilib BAA universitetlariga o'qishga kirish mumkin?
Diyora Ahrorova hikoyasi
Toshkentdagi Vestminster universiteti talabasi Diyora Ahrorova 2018-yili Dubaydagi SP Jain global menejment maktabiga o'qishga kirgan. U "Xorij diplomi" loyihasi uchun Amirliklardagi qabul jarayoni, ta'lim tizimi va talabalik hayoti haqida gapirib berdi.
Toshkentdagi Vestminster universiteti talabasi Diyora Ahrorova 2018-yili Dubaydagi SP Jain global menejment maktabiga o'qishga kirgan. U "Xorij diplomi" loyihasi uchun Amirliklardagi qabul jarayoni, ta'lim tizimi va talabalik hayoti haqida gapirib berdi.
Xorij diplomi
"Xorij diplomi" — bu dunyoning turli mamlakatlariga o'qishga ketgan o'zbekistonlik talabalarning hikoyalaridan iborat loyiha. Ular universitet va grantlar topish, imtihonlarga tayyorgarlik ko'rish, hujjatlar topshirish, xorijda o'qish va yashashning o'ziga xos xususiyatlari, shuningdek, xorijdagi ta'limning o'z hayotlariga ta'siri haqida so'zlab beradi.
Loyihaning navbatdagi mehmoni 2018-yilda Dubaydagi SP Jain biznes-maktabidan grant yutib olgan (BAAdan tashqari Singapur va Avstraliyada ham ushbu oliygoh filiallari bor) Diyora Ahrorova bo'ldi. U hozirda Dubaydagi AWJ Investment kompaniyasida ijrochi direktori sifatida faoliyat olib bormoqda.
Chet elga borish istagi haqida

Menga har doim O'zbekistondan ko'ra xorijdagi hayot qiziqarliroq bo'lgan. Men oilam amal qiladigan an'analardan yiroqman. Men hech qachon asosiy maqsadi muvaffaqiyatli erga tegish bo'lgan an'anaviy oilalardan chiqqan qizlardek yo'l tutishni xohlamaganman. Men har doim karera qilishni istaganman va xorijda o'z salohiyatimni yaxshiroq namoyon qila olaman, deb hisoblaganman.
Dubai World Trade Centre biznes-majmuasi
O'zDJTU qoshidagi litseyda o'qib yurgan kezlarim, chet elda ta'lim olishni shunchaki orzu bilib, bu orzuni ro'yobga chiqarishga ko'p ham harakat qilmasdim. Xorijiy OTMga o'qishga kirishning iloji yo'qdek tuyulardi menga. Bu boradagi fikrim qarindoshim talabalar almashinuvi dasturi bo'yicha AQShga o'qish uchun jo'nab ketgach o'zgardi. "Qarindoshim-ki buni uddalagan bo'lsa, nega men qila olmas ekanman?", deb o'ylaganman o'shanda.

Ketish-ketmasligim ota-onamning qaroriga bog'liq edi. Ammo ular meni uydan uzoqqa qo'yib yuborishga tayyor emasdi. Shu bois litseyni tamomlagach, chet el ta'limi va madaniyatini yaxshiroq bilishga urinish istagini qandaydir tarzda kompensatsiya qilish maqsadida, 2017-yili Xalqaro Vestminster universitetiga o'qishga kirdim.
реклама
реклама
Universitetda chakki bilim olmadim, talabalik hayotim qizg'in va mazmunli edi. Ammo oradan bir yil o'tib, shartnoma narxi 10 mln so'mga oshib, qariyb 3000 dollarga yetdi. Buncha pulga chet elda ham o'qish mumkin edi. Aynan shu holat ko'chish uchun asos bo'ldi, biroq men o'qishni davom ettirish uchun biror bir mamlakatni tanlay olmayotgandim. Keyin tanishim Dubay, Singapur va Sidneyda filiallari bo'lgan SP Jain global menejment maktabining bakalavriat bosqichiga hujjat topshirishni tavsiya qildi. Ta'lim muassasasi BAAga tegishli.

Biznes maktabi moliya, marketing, axborot texnologiyalari, xalqaro logistika, inson resurslarini boshqarish kabi yo'nalishlar bo'yicha bakalavr yoki magistr darajasini taklif qildi. Bakalavriat ta'lim tizimi shunday tuzilganki, talaba birinchi yilni Singapurda o'tkazadi, ikkinchi yil BAAda va oxirgi ikki yilni Avstraliyada o'tkazadi. Magistratura ham xuddi shu tartibda, faqat o'qish ikki yil davom etadi. Uchta davlatda o'qish istiqboli meni o'ziga jalb qildi va bir yarim oy ichida barcha hujjatlarni to'pladim.
Qabul uchun zarur hujjatlar to'plami
1
Pasport nusxasi
2
Baholar transkripti keltirilgan diplom yoki attestat
A'lo baholi attestat boshqa nomzodlar orasidan ajralib turish imkonini beradi. Litseyni qizil diplom bilan tugatganim o'qishga kirishda menga ustunlik berdi.
3
Umumiy ta'lim va til sertifikatlari
Imtihonlar soni sertifikatning mavjudligiga bog'liq. IELTS dan 7 ball olganim uchun ingliz tilidan imtihon topshirmadim. TOEFL bo'yicha shunga ekvivalent hisoblanuvchi balga ega abituriyentlar boshqa fanlardan imtihon topshirgandi. SAT va GMAT sertifikatlarining borligi bir qator umumiy ta'lim fanlari imtihonidan ozod qiladi.
4
Tavsiyanomalar
Men litseydagi o'qituvchilar, 2015-yilda amaliyot o'tagan joyim — Young Leaders Development Project loyihasi yetakchilari va SP Jain biznes-maktabida o'qigan do'stimning tavsiyanomalarini ilova qilganman.
5
Motivatsion esse
Esseda men ayolning ijtimoiy roli faqat nikoh va bolalar tarbiyasi bilan cheklangan konservativ jamiyatda o'sganimni yozdim. Men o'z taqdirimni o'zim tanlamoqchiligim, buning uchun menga universitetning yordami kerakligini ta'kidladim. Komissiya talabaning moliyaviy imkoniyatlariga ham e'tibor beradi, shuning uchun grant kerakligini bildirib o'tish kerak.
Hujjatlarni aprel oxirida universitet sayti orqali topshirdim. Bir yarim oy o'tgach ular menga olti fan: mantiq, abstrakt fikrlash, matematika, o'qish, umumiy bilimlar sinovi va IQ testi bo'yicha imtihon varaqalarini yubordi.
Kirish imtihonlari O'zbekistonda abituriyentlar topshiradigan imtihonlardan tubdan farq qilishi meni hayratlantirdi. Asosiy e'tibor fanlarni bilish emas, balki hozirjavob fikrlash va axborotni qayta ishlash qobiliyatiga qaratiladi. Variantlar ko'rsatiladigan odatiy testlar o'rniga javoblar qatorini o'zingiz to'ldirishingiz kerak. Men imtihonlarni kamera qarshisida onlayn topshirdim.
Oxiri do'stona muhitda bir onlayn intervyu bo'ldi. U ko'proq ishga kirish uchun o'tkaziladigan suhbatga o'xshardi. Menga nega aynan shu universitetni tanlaganim, shaxsiy yutuqlarim, kelajak rejalarim va ixtisoslashtirilgan fanlar bo'yicha bilimlarim haqida savollar berildi.
реклама
реклама
Iyulda universitetga kirganim haqida xat oldim — men ta'lim xarajatlari to'liq qoplanadigan grantni yutib olgandim. Xatga endi nima qilish kerakligi haqidagi yo'riqnoma, bir yillik taxminiy xarajatlar ro'yxati ilova qilingan edi. Quvonch va faxrga to'lib, yutug'imni oilamga ko'rsatdim. Oilada fikri hal qiluvchi ahamiyatga ega bobom va buvim meni qo'llab-quvvatlashdi, shundan so'ng ota-onam xorijga ketishimga rozi bo'ldi. Qo'llab-quvvatlashgani uchun men oila a'zolarimdan juda minnatdorman.

Safar taraddudiga taxminan bir oycha vaqt ketdi. Oliygoh vizani rasmiylashtirib, sug'urta berishdan tashqari, uy topishga ham yordam berdi. Menga ularning bu xizmatlari uchun pul to'lash qolgandi, xolos. 2018-yil 29-avgust kuni Singapurga uchib ketdim. U yerda talabalarni volontyorlar avtobus bilan qarshilaydigan amaliyot yo'qligi bois, meni do'stim kutib olib, shahar bilan tanishtirdi. Ertasi kundan darslar boshlanib ketdi.

O'qishdan tashqari shaharning diqqatga sazovor joylariga sayrlar, tog'larga safarlar, o'rmon sayohatlari uyushtirildi, festival va konsertlarda ishtirok etdik. Singapurda bir yil ko'z ochib yumguncha o'tib ketdi.
Keyingi yilning sentabrida BAAga uchdim. Singapurdagi nam va yomg'irli ob-havodan so'ng Dubayning quruq va issiq iqlimiga moslashishga qiynalganim esimda. Avvaliga Singapurning tabiati, odamlari va atmosferasini juda sog'indim. Yangi sharoitlarga ko'nikish, do'stlar topish va megapolis ritmiga tushib ketish uchun yarim yil kerak bo'ldi.

O'qish paytida men va do'stlarim Dubaydan 15 kilometr uzoqlikda joylashgan Silicon Oasis nomli joydan kvartira ijaraga oldik. Ijara va transportning xamyonbopligi, shuningdek, turfa uylarni — bir xonalidan tortib studiyagacha ijaraga olish mumkinligi bois bu yerda ko'plab talabalar yashaydi. Deyarli barcha universitetlar, shu jumladan bizning biznes maktabimiz ham Akademik shaharchada joylashgan bo'lib, biz uyimizdan u yerga atigi besh daqiqada yetib olardik.
Caesars Palace Dubai mehmonxonasi
BAAdagi ta'lim tizimi haqida

BAAda o'qish qimmat. Oliy ta'lim hamma uchun pullik — narx, universitetga qarab, yiliga 3 mingdan 30 ming dollargacha bo'lishi mumkin. Biroq aksariyat universitetlar talabalarni qo'llab-quvvatlashga va miqdori katta stipendiyalar taklif qilishga intiladi. Universitet o'qishning 100 foiz xarajatini qoplay oladi, ammo odatda qoplab beriladigan miqdor 30−50 foizni tashkil qiladi. Shu tariqa, oliygoh menga bepul o'qish imkoniyatini berdi — aslida to'rt yillik shartnoma puli 100 ming dollarga yaqin bo'lardi.
Agar moliyaviy yordam olishdan umidvor bo'lsangiz, universitetni tanlashda stipendiya hajmi va shartlariga e'tibor bering. Grantlar uchun arizalar odatda hujjat topshirish vaqtida qabul qilinadi. Motivatsion esseda moliyaviy ahvolni ham eslatib o'tgan ma'qul.
Har o'quv yilining oxirida ma'muriyat budjetda o'qiyotgan talabaning o'qish va unda tashqari yutuqlarini baholaydi hamda moliyalashtirishni davom ettirish-ettirmaslik haqida qaror chiqaradi. Agar siz darslarni o'tkazib yuborsangiz va davomatga e'tibor bermasangiz, ko'makdan mahrum bo'lishingiz mumkin. Ba'zida stipendiyani o'qish davomida, o'tgan semestrdagi yutuqlar bilan rahbariyatni hayratda qoldirish orqali ham olish mumkin.
реклама
реклама
BAAda oliy ta'lim bakalavriat, magistratura va aspirantura bosqichlaridan iborat. Mamlakatda o'nlab xalqaro universitetlar bor, ta'lim tizimi AQSh, Kanada va Yevropa tajribasiga asoslangan. Universitetlarda chet elliklar dars berishi va o'qigani bois asosiy o'qitish tili inglizcha. Abituriyentlarga qo'yiladigan talablar universitetga qarab farq qiladi. Odatda universitetlar hujjatlarni yiliga ikki marta — kuz va bahorgi semestrlarda qabul qiladi. Har ehtimolga qarshi, ma'lumotlarni universitetlar saytidan tekshirish lozim.
Dubai Design District dahasi
Bakalavriatda o'qish muddati to'rt yil. Muhandislik va arxitektura dasturlari bir yil ko'proq davom etishi mumkin. Magistratura dasturi o'rtacha ikki yil davom etadi, ammo bor-yo'g'i bir yil ichida tezlashtirilgan kursni o'tash, loyihani himoya qilish va diplom olish mumkin.
Talabalar kredit-modul tizimi bo'yicha o'qiydi, bunda har bir fan ma'lum miqdordagi ball beradi. Mutaxassislikka qarab, barcha o'qish yillari uchun o'rtacha 120−140 kredit ball to'plash kerak bo'ladi. Har semestrda fanlar ro'yxati yangilanadi. Men universitet emas, oliy maktabda o'qiganim uchun bizga jadvalni ma'muriyat tuzib bergan.
O'quv rejasi umumta'lim va ixtisoslik fanlaridan, shuningdek, mustaqil tanlanadigan fakultativlardan iborat. Oraliq nazoratlar semestr o'rtasida, yakuniy nazoratlar esa semestr oxirida o'tkaziladi. Qishki ta'tilning davomiyligi bir hafta, yozgisi esa to'rt oy — maydan avgustgacha.
реклама
реклама
Biznes-maktabdagi o'qish davomida men payqagan o'ziga xoslik — dars jarayoni va undan tashqari mashg'ulotlarda ham jamoa bo'lib ishlashdir. Uy vazifasi sifatida ko'pincha (birgalikda bajariladigan) qo'shma loyihalar beriladi. Kursdoshlaringiz bilan ikki semestr davomida birga o'qish ehtimoli juda kam. Guruh tarkibi har olti oyda o'zgarib turadi. Gender muvozanati va milliy xilma-xillik — muhim mezonlardan biri. Ushbu yondashuv ijtimoiy ko'nikmalarni rivojlantiradi va turli odamlar bilan samarali ishlashni o'rgatadi.

Darslar interaktiv shaklda olib boriladi. Aksariyat professor-o'qituvchilar o'zi dars beradigan sohada ish tajribasiga ega. Shunday ekan, talabalar ham nazariy, ham amaliy bilim oladi. Universitet ishbilarmon va tadbirkorlarni ma'ruzachi sifatida taklif qiladi, darslardan so'ng esa talabalar ko'pincha turli kompaniyalarda amaliyot o'taydi. Magistratura dasturlari majburiy amaliyotni o'z ichiga oladi. Masalan, biz diplom ishini yozish vaqtida mavzumizga mos tashkilotni izlab, tadqiqot o'tkazishda yordam so'rab, xatlar yozganmiz.
2020-yildan o'qishni Sidneyda davom ettirishim kerak edi. Ammo pandemiya tufayli chegaralar yopilib, Avstraliyaga ucholmadim. Uchinchi yilni to'liq O'zbekistondan, masofadan turib o'qidim. To'rtinchi yildan esa yana Dubayga qaytdim. Oxirgi semestrni diplom ishimga bag'ishladim. Himoya may oyida bo'lib o'tdi, keyin esa universitet talabalar va ularning ota-onalari uchun bitiruv kechasi uyushtirdi.
Abu Dabidagi Shayx Zayd masjidi
Talabalik hayoti haqida

BAAdagi talabalar hayoti soat-soatigacha rejalashtirilgan. Talabalar hayoti voqealarga shu qadar boyki, dam olishga deyarli vaqt qolmaydi. Mashg'ulotlardan so'ng talabalar kutubxona, sport seksiyalari, ijodiy to'garak, til kursi va boshqa fakultativlarga boradi. Agar o'zingizga mos mashg'ulot topolmasangiz, rahbariyat bilan bog'lanib, o'z talabalar uyushmangizni ochishingiz ham mumkin. Masalan, biz yoga mashg'ulotlarini tashkil qilishni so'radik, ma'muriyat maxsus murabbiy topib, sport maydonchasi ajratdi.
реклама
реклама
Mening biznes maktabim dasturiga shahar tashqarisiga doimiy sayohatlar va mamlakatning tarixiy obidalariga safarlar ham kiritilgan edi. Shu sababli guruh bilan Abu-Dabi, Sharja, Ajman va Ras al-Xaymaga bordik. Dubayda Marina Beach, Global Village tematik bog'lari, Expo-2020 va musiqiy favvoralari bor Dubai Mall mening sevimli maskanlarimga aylandi. Agar rahbariyat tashabbus ko'rsatmaganida, o'zimiz shaharni bunchalik o'rganib chiqolmasdik. Shunday bo'lsa-da, barcha o'yin-kulgi uchun o'z cho'ntagingizdan pul sarflashingizga to'g'ri keladi.
Birlashgan Arab Amirliklarida hayot sezilarli qimmat. Agar pulni tejashni istasangiz, turar-joydan boshlang, chunki Dubayda jamoat transporti faqat metro ko'rinishida bor, xolos — agar metro bekati sizga kerakli manzildan uzoq bo'lsa, taksiga o'tirishga to'g'ri kelishi mumkin. Shu sabab universitetga yaqinroq joydan kvartira izlagan ma'qul. Shahar chekkasida esa avtobusda harakatlanish mumkin. Shuningdek, jamoat transporti va umumiy ovqatlanish muassasalarida chegirma beradigan talabalik kartasini olishni ham maslahat beraman. Mahsulotlarni Carrefour do'konlaridan onlayn tarzda xarid qilish arzonroq tushadi.
Rasman talabalarning ishlashi mumkin emas, shu bois ko'pchilik noqonuniy tarzda ishlaydi. Eng ishonchli va istiqbolli variant — universitetning hamkor tashkilotlarida amaliyot o'tash. Talaba oyiga kamida 300 dollar yoki undan ko'p pul topishi mumkin. Bu rezyumeni mustahkamlash va o'qishni tugatgach mamlakatda qolish uchun ajoyib imkoniyatdir.
Yashash narxi hisobga olinmasa, shuni aytishim mumkinki, BAA o'qish va ishlash uchun a'lo joy. Shaxsan men uchun Dubay bir necha sabablarga ko'ra ideal shaharga aylandi.
Dubayda o'qish uchun beshta sabab
1
Xavfsizlik
Xavfdan xolilik hissi — bu BAAga kelganimdan keyin his qilganim birinchi narsa. BAA dunyodagi eng xavfsiz davlatlardan biri. Siz tunda shahar bo'ylab yurib, xavfsizligingiz va mol-mulkingizdan xavotirga tushmasangiz ham bo'ladi. Biz ba'zida kvartiraning eshigini qulflamasdik ham, chunki hech narsa o'g'irlanmasligiga ishonchimiz komil edi — hamma mamlakatlar ham bunday xavfsizlik darajasi bilan maqtana olmaydi.
2
Ish imkoniyatlari
O'qishni tugatgach, chet ellik talabalarga vaqtinchalik viza beriladi. Bu vaqt, odatda, uy-joy va munosib ish topish uchun yetarli. Men hozirda AWJ Investment kompaniyasida ijrochi direktor bo'lib ishlayapman va kelajakda o'z biznesimni ochish niyatidaman.
3
Karera tomonlama tez o'sish imkoniyati
Dubay dunyoning asosiy turistik, savdo va moliyaviy markazlaridan biri. Ko'plab bitiruvchilar nufuzli ish joylariga ega bo'ladi va keyinchalik iqtisodiyoti rivojlanayotgan har qanday mamlakatda kerakli mutaxassisga aylanadi. Men ham kelajakda qadrdon Toshkentga qaytib, uning rivojiga o'z hissamni qo'shish niyatidaman.
4
Multikulturalizm
Bu yerda siz turli millat vakillarini uchratishingiz mumkin, tashrif buyuruvchilar orasida ayniqsa rus tilida so'zlashuvchilar ko'p. Ular bilan muloqot qilish dunyoqarashni kengaytiradi va odatiy fikrlashni o'zgartiradi. Shuningdek, yangi do'stlar orttirasiz.
5
Iqlim
Birlashgan Arab Amirliklarining jaziramasiga tez ko'nikasiz. Konditsioner va ventilyatorlar tufayli yil bo'yi qizdiradigan oftobdan xavotirga tushmasa ham bo'ladi. Dubay — keng ko'lamli ko'ngilochar maskanlariga ega kurort shahar. Men plyajda vaqt o'tkazishni yaxshi ko'raman. Doim dengiz bo'yida yashashni orzu qilardim, hozir esa uyim suvdan atigi 1 km masofada joylashgan.
BAAda o'qish menga diplomdan tashqari yangi muhitda yashash uchun tajriba, foydali aloqalar o'rnatish va, albatta, mustaqil bo'lishimga yordam berdi. Chet elda ta'lim haqiqatan ham ongni o'zgartiradi, sizni turli madaniyat va mentalitetga ega kishilar bilan muloqot qilishga o'rgatadi va dunyoning yangi qirralarini ko'rsatadi.
Chet elda o'qishni orzu qilsangiz, o'zingizga ishoning va hech narsadan qo'rqmang. Turli gap-so'zlarga qaramay, chet el universitetiga o'qishga kirish qiyin narsa emas, asosiysi — tayyorgarlikni erta boshlash kerak. O'qishga bormoqchi bo'layotganingiz mamlakat talabalari bilan bog'lanib, qabul jarayoni, ta'lim tizimi va yashash xarajatlari haqida so'rang. Bir vaqtning o'zida bir necha universitetga hujjat topshiring — bu ham o'qishga kirish imkoniyatini oshiradi. Rad javobi kelgan taqdirda ham, kamida tajriba orttirasiz va kelasi safar nimaga e'tibor berish kerakligini bilib olasiz. Chet elda o'qish — kelajak uchun kiritilgan sarmoyadir va bunda maqsad barcha vositalarni oqlaydi.
Matnni Farzona Hamidova tayyorladi.
Rus tilidan Nazarbek Nazarov tarjimasi.
Illyustratsiya: Eldos Fozilbekov / "Gazeta.uz".
Fotosuratlar Diyora Ahrorovaning shaxsiy arxividan.

"Gazeta.uz" muallifligidagi grafik materiallar, shuningdek, matnga boʻlgan huquqlar "Gazeta.uz"ga tegishli. "Gazeta.uz" internet-nashri saytiga joylashtirilgan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? Oʻz hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting