Qanday qilib Finlyandiya universitetlariga o'qishga kirish mumkin?
Azizbek Ahmadjonov hikoyasi
Azizbek Ahmadjonov 2021-yili Finlyandiyaning eng yaxshi OTMlaridan biri — Tampere universitetida tahsil olish uchun stipendiya egasiga aylangan edi. "Xorij diplomi" loyihasida u Yevropada o'qish orzusi, xorijga ko'chib o'tish va fin talabalarining an'analari haqida gapirib berdi.
Azizbek Ahmadjonov 2021-yili Finlyandiyaning eng yaxshi OTMlaridan biri — Tampere universitetida tahsil olish uchun stipendiya egasiga aylangan edi. "Xorij diplomi" loyihasida u Yevropada o'qish orzusi, xorijga ko'chib o'tish va fin talabalarining an'analari haqida gapirib berdi.
Xorij diplomi
"Xorij diplomi" — bu dunyoning turli mamlakatlariga o'qishga ketgan o'zbekistonlik talabalarning hikoyalaridan iborat loyiha. Ular universitet va grantlar topish, imtihonlarga tayyorgarlik ko'rish, hujjatlar topshirish, xorijda o'qish va yashashning o'ziga xos xususiyatlari, shuningdek, xorijdagi ta'limning o'z hayotlariga ta'siri haqida so'zlab beradi.
Azizbek Ahmadjonov 2015-yili Rossiyaning Shimoliy (Arktika) federal universitetiga o'qishga kiradi. 2021-yilda esa Finlyandiyaning Tampere universitetida tahsil olish uchun stipendiya egasiga aylanib, menejment va biznes yo'nalishida o'qishini davom ettira boshladi.
Universitet tanlash haqida

Yevropada o'qish bolalik orzum edi. Yevropa madaniyati va tarixi meni hamisha qiziqtirgan. Maktab paytidanoq tanishlarimning xorijiy sayohat taassurotlarini tinglashni yoqtirardim. Internetdan foydalana boshlagach, Yevropadagi hayot, jumladan, chet elda o'qiydigan o'zbekistonlik talabalar haqidagi maqolalarni ko'proq o'qiy boshladim. Bularning bari meni chet el universitetida o'qish haqida o'ylashga undadi.
Finlyandiyadagi Tampere shahrining ko'rinishi
Maktabni tamomlagach, Toshkent transport universiteti qoshidagi 5-akademik litseyga o'qishga kirdim. O'shanda Yevropa universitetlarining chet tilini bilish talabi borligi bois u yerda o'qishga hali tayyor emasligimni his qilganman.

2015-yili do'stlarim tavsiyasi bilan Rossiyaning Shimoliy (Arktika) federal universitetiga hujjat topshirdim. Bu oliygoh Yevropa OTMlari, xususan, Arktika universiteti (Arktika mintaqasidagi universitetlarni yagona tarmoqqa birlashtiruvchi xalqaro loyiha — tahr.) bilan yaqindan hamkorligi bor edi, qolaversa, "Shimoldan shimolga" (North2North) nomli talabalar almashinuv dasturi doirasida ham ishlardi.
реклама
реклама
Shimoliy Yevropaga olti oyga borish uchun qattiq o'qib, ingliz tilimni yaxshiladim. Shvetsiya va Finlyandiya o'rtasida tanlov qilishga to'g'ri keldi. Oxiri, to'rtinchi kursda Shvetsiyaning Umeo shaharchasiga uchib ketdim. Dastur nafaqat ta'lim, balki faol madaniy va ko'ngilochar tadbirlarni ham ko'zda tutardi.

Olti oy ko'z ochib yumguncha o'tib ketdi va men Yevropaga qaytishim kerakligi tushunib yetdim — bu safar magistraturada o'qish uchun. Chet elliklarga mos keladigaнdasturlarni izlay boshladim. Ushbu jarayonda e'tiborni xorijiy talabalar uchun yaratilgan sharoitlarga qaratdim.
Nega Finlyandiya?

Menga Finlyandiya, davlat tili sifatida rasman fin va shved tillari tan olingan bo'lsa-da, mahalliy aholining inglizcha gaplashishi bilan yoqdi. Finlar juda do'stona xalq, bu yerda multikulturalizm (madaniy bag'rikenglik) rivojlangan. Mamlakat aholi turmush darajasi bo'yicha jahonda yetakchilardan biri sanaladi. Universitetni tanlashimda stipendiyaning bor-yo'qligi va o'qishni tamomlagach ish topishda yordam berishi hal qiluvchi omil bo'ldi.
Yevropada ta'lim qimmat bo'lgani bois bepul o'qishni istovchilar universitetdan yoki mamlakat hukumatidan stipendiya olishi kerak. Misol uchun, Finlyandiya universitetlarida 2017-yildan boshlab ingliz tilidagi ta'lim dasturlari pullik (10 ming yevro va undan yuqori) bo'ldi. Agar ariza topshirayotgan abituriyent fin yoki shved tilini B1 darajasida bilsa, u har qanday davlat universitetiga budjet asosida o'qishga kirishi mumkin. Til o'rganishni esa o'qishga ariza topshirishdan ikki-uch yil avval boshlagan ma'qul.
Men fin tilini bilmaganim sababli ingliz tilidagi dasturlardan birini tanlaganman. Finlyandiyada bunday dasturlar 450 dan ortiq bo'lib, ular oliy ta'limning barcha bosqichlarini qamrab oladi. Bir vaqtning o'zida, ustuvorlik ketma-ketligida keltirgan holda, oltita OTMga ariza topshirish mumkin. Bakalavriat uchun mutaxassislik muhim emas va asosiy hujjatlar to'plami barcha abituriyentlar uchun bir xil. Lekin magistraturaga hujjat topshirayotganda bakalavriatdagi mutaxassislik tanlangan yo'nalishga mos kelishi kerak. Ya'ni, tibbiyot diplomi bilan filologiya magistraturasiga kirib bo'lmaydi.

Magistrant sifatida kirish imtihonlarida qatnashishimga zarurat bo'lmagan. O'qishga kirishim uchun diplomdagi o'rtacha ballning yuqori ekani va 6,5 balldan yuqori IELTS sertifikatiga ega ekanligimning o'zi kifoya edi. Ammo bakalavr dasturlariga qabul qilinish uchun suhbatdan o'tish va, odatda, Finlyandiya yoki chet elda o'tkaziladigan qo'shimcha kirish imtihonlarini topshirish kerak bo'ladi. Magistratura dasturlariga hujjat topshirayotganda ba'zi universitetlar ish tajribasi yoki ijodiy sohalardagi yutuqlardan iborat portfolioni ham talab qiladi.
Finlyandiya universitetlarida qabul bir yilda ikki marta — yanvarda va mart oyining o'rtalaridan aprel oyining boshigacha bo'lib o'tadi. Ushbu bosqichlarning har biri ma'lum bir dasturlarga muvofiq bo'ladi. Ingliz tilidagi bakalavr va magistratura dasturlari uchun qabul yanvar oyida, fin va shved tilidagilari uchun esa martda bo'ladi.

Qabul sanalarini universitetlar saytidan aniqlashtirgan ma'qul. Shuningdek, saytdan qabul uchun zarur hujjatlar ro'yxatini ham topish mumkin. OTMlarning talablari bir-biridan farq qiladi. Men ckanerlangan hujjatlarni yagona sayt orqali topshirganman. Diplomning qog'oz nusxasini esa DHL pochta xizmati orqali universitet manziliga yuborganman. Hujjat topshirish bilan bog'liq butun jarayon uchun bir oydan ko'proq vaqt ketgan.
O'qishga topshirish uchun kerakli hujjatlar to'plami
Finlyandiya universitetlariga barcha hujjatlar ingliz, fin yoki shved tillariga tarjima qilinib, notarial tasdiqlangan holda taqdim etilishi kerak.
1
Qabul uchun ariza
Ariza nusxasining faylini universitet saytidan olish mumkin
2
Pasport nusxasi
3
Diplom yoki attestat
Hujjatlar tarjima qilingan va notarial tasdiqlangan bo'lishi kerak

O'rtacha ball qancha yuqori bo'lsa, o'qishga kirish imkoniyati ham shuncha katta bo'ladi. Xalqaro GPA tizimiga ko'ra, mening o'rtacha ballim 4,8 edi
4
Baholarning akademik transkripti
Avvalgi o'qish joyidan o'qitilgan fanlar va ular uchun qo'yilgan baholar ko'rsatilgan hujjat
5
Chet tilini bilish darajasi bo'yicha sertifikat
Ingliz tilida o'qish uchun IELTS yoki TOEFL sertifikati, fin tilida esa YKI sertifikati kerak
6
Talaba rezyumesi
Tanlangan ta'lim sohasidagi asosiy yutuqlarning qisqacha tavsifi. Ijodiy mutaxassislikka kirish uchun portfolio talab qilinadi
7
Motivatsion esse va tavsiyanomalar
Esse (insho)da siz "Tanlov komissiyasi nima uchun aynan sizni tanlashi kerak?", degan savolga javob berishingiz kerak. Men o'z orzum, universitetdagi davomatim, mehnat faoliyatim va Shvetsiyaga sayohatim haqida yozgandim
Komissiya abituriyentlarning hujjatlari bilan tanishib chiqqach, tanlovdan o'tgan talabalarning bariga rasmiy xat bilan o'qishga taklifnoma yuboradi. Men uch marta hujjat topshirganman: 2020-yili stipendiya ololmadim, 2021-yili pandemiya Yevropaga borishimga to'sqinlik qildi va nihoyat 2022-yilda jahondagi eng yaxshi 500 universitetdan biri hisoblangan Tampere universiteti (UTA)ga o'qishga kirishga muvaffaq bo'ldim.

O'sha vaqtda bu O'zbekiston fuqarolariga stipendiya ajratgan Finlyandiyadagi yagona oliy ta'lim muassasasi edi. Universitetdan qabul xati aprel oyida keldi. Uni olganimdan keyin hujjatdagi ko'rsatmalarga rioya qilgan holda ro'yxatdan o'tganimni tasdiqlashim kerak edi.
Universitetga kirish — bu hali ishning yarmi. Yashash uchun ruxsatnoma yoki "talabalik vizasi"ni olish murakkab kechdi. O'zbekistonda Finlyandiya elchixonasi yo'qligi sababli yashash uchun ruxsatnomaga Qozog'istondan ariza yubordim.
Yashash uchun ruxsatnoma olish uchun kerakli hujjatlar to'plami
1
Universitetdan rasmiy taklifnoma
2
Hisobda mablag' mavjudligi to'g'risidagi bank ko'chirmasi
Men stipendiya qo'lga kiritganim to'g'risidagi hujjatni ilova qildim
3
Sug'urta
Taxminan 300 yevro
4
Xorijga chiqish pasport
5
3x4 o'lchamdagi fotosurat
Iyun oxirida kuryerlik xizmati hujjatlarimni menga olib kelib berdi. 5-avgust kuni Finlyandiyaga jo'nab ketdim.
Tampere shahridagi Tampella madaniyat va tadbirkorlik dahasi
Finlyandiya ta'lim tizimi haqida

Finlyandiyada oliy o'quv yurtlarining ikki turi mavjud: akademik universitetlar (Yliopisto) va amaliy fanlar universitetlari (Ammattikorkeakoulu), ularni odatda politexnikum deb atashadi. Mamlakat bo'ylab 30 dan ortiq universitet mavjud. Aksariyatida fin tilida ham, ingliz tilida ham dasturlar bor.
Akademik universitetlarda nazariyaga urg'u beriladi va ilmiy martabaga erishmoqchi bo'lgan mutaxassislar tayyorlanadi. Bunday oliygohlar tijoriy tashkilotlarda amaliyot o'tashni nazarda tutmaydi — ularning ikkinchi turdagi universitetlardan asosiy farqi ham shunda.

Amaliy fanlar universitetlarida kompaniyalar uchun bo'lajak xodimlar tayyorlanadi. Ularda amaliy yondashuv rag'batlantiriladi. Ma'ruzalar ko'plab seminarlar va kompaniyalarga tashriflar bilan umumlashtiriladi. Har bir talabaning biron tashkilotda amaliyot o'tashi ta'limning muhim bir qismi bo'lib, busiz diplom olishning imkoni yo'q.

Finlyandiyaning ba'zi universitetlari qo'shma dasturlarni taklif qiladi. Ular besh yil — bakalavriatda uch va magistratura bosqichida ikki yil davom etadi. Bundan tashqari, ixtisosliklar bo'yicha ta'lim — ayniqsa tibbiyot sohasida — 5 yildan 6,5 yilgacha davom etadi.
реклама
реклама
Yana bir farq — bu ta'limning davomiyligi. Akademik universitetlar ikki yillik magistratura va to'rt yillik aspirantura ta'limini taklif etadi. Davomiyligi uch-to'rt yil bo'lgan deyarli barcha mavjud bakalavr dasturlari politexnikumlarda o'qitiladi. Ulardagi magistratura allaqachon amaliyotga ega mutaxassislarning malakasini oshirish uchun mo'ljallangan bo'lib, bir yarim yil davom etadi.

Har yili universitet rahbariyati yangi akademik kalendarni tasdiqlaydi. Odatda o'quv yili avgust oyi o'rtalaridan boshlanadi va may oyining oxirida tugaydi. Talabalar yiliga ikki marta — qish va yozda ta'tilga chiqadi. Bayramlar dam olish kunlari hisoblanadi.
Ta'lim tizimi kredit-modul tizimi asosida ishlaydi. Imtihon muvaffaqiyatli topshirilsa, ball — kreditlar beriladi. Bitta fan uchun 2 dan 5 gacha kredit berilishi mumkin.
Bakalavriat uchun uch yil ichida 210 ta kredit to'plash kerak, shundan 30 tasi kompaniyada o'talgan amaliyot uchun beriladi. Yil uchun ballarning asosiy miqdori 60 ta kreditni tashkil qiladi. Kreditlar miqdori 210 dan kam bo'lsa, diplom berilmaydi. Imtihon muvaffaqiyatsiz o'tgan taqdirda, talaba uni uch martagacha qayta topshirishga haqli. Yangi yildagi qayta topshirish paytida olingan ballar yangi kredit miqdoriga qo'shiladi, shuning uchun ma'lum bir fan bo'yicha yetmayotgan ballarni keyinroq "to'plash"ning iloji bo'lmaydi.

Akademik universitetda magistr darajasini olish uchun 120 kredit kerak. Shundan 90 ball fanlar bo'yicha, qolgan 30 ball esa bu yerda "tezis" deb ataluvchi ilmiy ish uchun beriladi. Texnikumda magistrlik dasturi kamroq davom etishi sababli bitirish uchun 60−90 kredit yetarli bo'ladi.

Dars jadvalini moslashtirish mumkinligi talabalarga o'qish bilan ishni umumlashtirish imkonini beradi. Shu bilan birga darslar uchun aniq vaqt yo'q. Jadvalni barcha talabalarning o'zi tuzadi.
реклама
реклама
Darslarni qatnashish majburiy bo'lgan va o'z xohishiga ko'ra qatnashsa bo'ladigan fanlarga ajratish mumkin. Dastlab har bir dasturda ma'lum fanlardan iborat majburiy kurs biriktiriladi. Ularning bari jami 30−40 kredit beradi. Ushbu tizimni "Lego" konstruktorida yasalgan uy ko'rinishida tasavvur qilish mumkin. Ya'ni, poydevorni universitet taqdim etadi, qolgan qismlarni esa o'zingiz o'qish davomida yig'ishingiz kerak.

O'quv rejasidan nazariy va amaliy mashg'ulotlar, mustaqil loyihalar ustida ishlash, mahorat darslari hamda seminarlarda qatnashish kabilar o'rin olgan. Dastlabki ikki yil odatda majburiy fanlarni o'rganish bilan o'tsa, uchinchi va to'rtinchi yil qo'shimcha fanlar, xorijiy hamkor universitetlarda o'qish, stajirovka yoki dissertatsiya ustida ishlashdan iborat bo'ladi. Ba'zi universitetlarda akademik ko'rsatkichi yaxshi bo'lgan talabalarning o'qish muddati qisqartirilishi ham mumkin. Ya'ni, qancha yaxshi o'qisangiz, universitetni shuncha tez tugatasiz va shunga muvofiq tarzda kamroq pul to'laysiz.
Stipendiya dasturi faqat ikki yilga mo'ljallangan. Agar talaba shu vaqt ichida diplom ololmasa, uyog'iga u o'z cho'ntagidan to'lashiga to'g'ri keladi.
Akademik erkinlikni Finlyandiya OTMlarining eng asosiy ustunligi deb aytish mumkin.

O'quv dasturlari universitetlarning o'zidan kelib chiqib bir-biridan keskin farq qilishi mumkin. Har bir ta'lim muassasasi o'ziga xos o'qitish metodlari, darslik va materiallar ketma-ketligini qo'llash huquqiga ega. Barcha o'qituvchilarning o'z metodologiyasi mavjud, dastur har yili yangilanadi va talabalar uchun dolzarbligiga qarab, ularning talablaridan kelib chiqib tuziladi. Mana shu jihat O'zbekiston universitetlarida ham joriy etilsa yaxshi bo'lardi. Bunday tizim talabalarga ko'plab imkoniyat va imtiyoz beradi, professorlar esa o'z o'qitish usulini tanlashi va bir qolipli ta'limdan uzoqlashishi mumkin.
Tamperedagi Vapriikki muzey markazi
Finlyandiyadagi hayot va talabalik an'analari haqida

Finlyandiyada talaba hayoti tadbirlarga boy. O'qishning birinchi kunidan boshlab universitetda talabalikka qabul qilish marosimi o'tkaziladi. Qizig'i, har bir universitetda bu tadbir o'ziga xos tarzda o'tadi. Fakultetimiz an'analari juda oddiy: birinchi kurslar talabalar kvartiralariga boradi, yuqori kursdagilar esa ular uchun o'yin va musobaqalar tayyorlaydi. Biz 10 ta shunday kvartiraga kirib, turfa talabalar bilan tanishdik, bu bizning yangi muhitga moslashishimizga yordam berdi.
реклама
реклама
Bunday tadbirlarda ishtirok etganlik uchun talabalarga stikerlar beriladi. Talabalar uni kombinezonlariga taqib oladi. Bu jarayon bolalar nishonlarni yig'ib, lentaga yig'adigan skautlik harakatini yodga soladi. Bizda kombinezonlar tashrif qog'ozga aylangan bo'lib, u orqali talabalar sizning "maqomingiz"ni aniqlaydi. Har bir fakultetning o'ziga xos rangdagi kombinezonlari mavjud bo'lib, talabalar ularni o'quv yilining boshi va oxirida kiyishni yaxshi ko'radi.

Yana bir o'zgarmas an'ana — saunaga borish. Fin saunasining dong'i butun dunyoga taralgan. Shuning uchun ham talabalar o'qishdan keyingi birinchi kunda u yerga borish va yangilarni ham o'zi bilan olib ketishni o'z burchi deb biladi.
Talabalar darsdan bo'sh vaqtlarida chet tillarini o'rganadi, ijodiy to'garaklarga qatnaydi, sport bilan shug'ullanadi, musobaqalarda qatnashadi va kutubxonada vaqt o'tkazishni yaxshi ko'radi. Darslar 2,5 soatgacha cho'zilishi mumkinligi bois talabalar universitetdan tashqariga deyarli chiqmaydi. Shuning uchun ham universitet talabalarni barcha zarur narsalar bilan ta'minlashga intiladi.
Yotoqxona — Finlyandiya uchun kamyob hodisa. Kamdan-kam universitet o'z hududida yotoqxona borligi bilan maqtana oladi. Aksariyat talabalar kvartirani ijaraga olishga odatlangan. Vaziyat shu darajadaki, butun mamlakat bo'ylab talabalarga mo'ljallangan maxsus apartamentlar qurilgan — unda har bir talabaga alohida xona beriladi, mehmonxona, oshxona va hammom esa umumiy. Oyiga 200 yevrodan 1000 yevrogacha bo'lgan to'lov evaziga har kim o'z didiga mos qo'nalg'a topishi mumkin.

Ammo uy-joy masalasini — ayniqsa, kuzgi semestrga ariza topshirayotganda — imkon qadar vaqtliroq hal qilib qo'yish kerak, yo'qsa joy topilmay qolishi mumkin. Kvartira topishga arizani o'qish joyi ma'lum bo'lgach darhol bergan ma'qul. Turar joyni ijaraga olish uchun joylashish rejalashtirilgan vaqtdan kamida to'rt oy avval ta'lim oladigan hududingizdagi uy-joy tashkilotining saytiga kirib, kerakli shaklni to'ldirib, ariza berib qo'yish kerak.

Uy-joyni ijaraga olish taklifi kelgach, taxminan 200−500 yevro miqdorda depozit to'lash kerak bo'ladi. Keyin uy-joy tashkilotining ko'rsatmalariga qarab ijara shartnomasini imzolash lozim. Talabalarga kvartira topishda, Finlyandiyaning talabalar uy-joy assotsiatsiyasi (SOA) yordam beradi. Tashkilot kvartira va yotoqxonalar haqidagi ma'lumotlarni, turli hududdagi kvartira oldi-sotdisi bilan shug'ullanadigan tashkilotlarning havolalarini berib boradi.
Finlyandiya universitetlarida stipendiya dasturlari ikki xil: faqat o'qish to'lovini o'z ichiga oladigan hamda o'qish va yashashni qamrab oladigan. Har oy talabalarga kunlik xarajatlari uchun 700 yevro to'lanadi. Buncha pul amallab kun kechirishga yetadi. Ammo zavqlanib yashashni istovchilar, iloji bo'lsa, ish topgani ma'qul. Ishga joylashish masalasida talabalarga kasaba uyushmalari yordam beradi.

Finlyandiyada chet ellik talaba o'qish vaqtida haftasiga 25 soatdan ko'p bo'lmagan miqdorda, ta'til paytida esa to'laqonli ishlashi mumkin. Ko'p talabalar yarim kunlik ishlarda yoki fakultetlarda ishlaydi. Ta'kidlash o'rinliki, ish ko'proq daromad olish uchun emas, balki tajriba orttirish uchun mo'ljallangan. Agar birlamchi maqsadlar oldindan to'g'ri qo'yilib, vaqt to'g'ri taqsimlansa, ish hech qanaqasiga o'qishga xalal bermaydi.

Birinchi kursda men universitetimiz ambassadori edim. Konferensiyalardagi har bir ishtirokim uchun ramziy miqdorda 50 yevro berilardi. Hozir esa Finlyandiyaning eng yirik yog'och ishlab chiqaruvchi kompaniyalaridan biri — Stora Enso'da stajyor bo'lib ishlayman.
Finlyandiyada hayot ancha qimmat. Kundalik xarajatlarda tejamkorlik orqali moliyaviy barqarorlikni saqlab turish mumkin. Mamlakatda narx-navosi nisbatan past hisoblangan LIDL va S-Market supermarket tarmoqlari bor. Aksariyat talabalar universitet oshxonalarida ovqatlanadi — u yerda 2,95 yevroga to'yib ovqatlanish mumkin, qolgan (taxmina olti yevro) pul davlat tomonidan qoplanadi. Universitet oshxonasiga muqobil sifatida bu yerda anchagina mashhur sanalgan Sharq oshxonalarini ko'rsatish mumkin. Transport, oziq-ovqat va o'yin-kulgi uchun chegirma beradigan talaba kartalari ham alohida e'tiborga molik.
Tampere shahrida
Finlyandiyada o'qishga kelish istagida bo'lgan vatandoshlarga o'z moliyaviy ahvollari va o'qish yo'nalishlarini puxta rejalashtirishni tavsiya qilaman. Bu yerda talabalardan mustaqil bo'lish va tirishqoqlik talab etiladi. Har qanday qiyinchilik, noodatiy iqlim va madaniy tafovutga ilk kundanoq tayyor bo'lish lozim. Integratsiya va turmush tarzini to'g'ri qabul qilish ohir-oqibat o'z samarasini beradi va siz bu mamlakatni albatta yoqtirib qolasiz.
Matnni Farzona Hamidova tayyorladi.
Rus tilidan Nazarbek Nazarov tarjimasi.
Illyustratsiya: Eldos Fozilbekov / "Gazeta.uz".
Fotosuratlar Azizbek Ahmadjonovning shaxsiy arxividan.

"Gazeta.uz" muallifligidagi grafik materiallar, shuningdek, matnga boʻlgan huquqlar "Gazeta.uz"ga tegishli. "Gazeta.uz" internet-nashri saytiga joylashtirilgan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? Oʻz hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting