FOTO: SHOHRUH HAYDAROV / "GAZETA.UZ"
Sahro va kelajak yuzlashgan manzil
Nima uchun Dubayga sayohat qilish kerak?
Dubay — kichik baliqchilar qishlogʻidan osmonoʻpar binolar markaziga aylangan megapolis, turli millat vakillarini oʻzida jamlagan dunyo poytaxti, BAAning Fors koʻrfazi qirgʻogʻidagi eng yirik shahri. Uning zamonaviy arxitekturasi, betakror sohillari va atrofidagi goʻzal choʻl tabiati tasavvurlaringizni hayratda qoldirishi shubhasiz. Hashamat va komfort shahri boʻlmish Dubay bugun Yaqin Sharqdagi eng yirik tijorat va sayyohlik markaziga aylanib ulgurgan. Endi u "kelajak shahri" nomiga munosib boʻlish yoʻlida taraqqiy etmoqda.

Easybooking kompaniyasi 9−16-sentyabr kunlari bir qator oʻzbekistonlik jurnalistlar va blogerlar uchun Dubayga media-tur uyushtirdi. "Gazeta.uz" muxbiri Shohruh Haydarov mazkur sayohat chogʻida oʻzi koʻrgan maskanlar, savdo uchun qulay hududlar, qoidalar va baʼzi foydali maslahatlar bilan boʻlishadi.
Dubayga qanday borish mumkin?
Centrum Air 9-sentabrdan boshlab Toshkent — Dubay — Toshkent yoʻnalishi boʻyicha haftalik parvozlarni yoʻlga qoʻydi. Toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar haftaning har shanba kuni amalga oshiriladi:

Toshkentdan uchib ketish: 11:10 (Toshkent vaqti) — Dubayga yetib kelish: 14:00 (Dubay vaqti);
Dubaydan uchib ketish: 15:30 (Dubay vaqti) — Toshkentga yetib kelish: 20:00 (Toshkent vaqti).

Aviachiptalar narxi Toshkent — Dubay — Toshkent yoʻnalishi boʻyicha 3 426 000 soʻmdan boshlanadi. Bundan tashqari, BAAga Uzbekistan Airways, Wizz Air, Flydubai kompaniyalari orqali uchsa ham boʻladi.
реклама
реклама
Oʻzbekistonliklar uchun viza kerakmi?
BAAga kirish uchun Oʻzbekiston fuqarolariga viza kerak. Vizani oldindan olish va pasport nazorati paytida koʻrsatish lozim. Turistik viza uchun konsullik yigʻimi — 30 kungacha $80 (bir martalik), 60 kungacha $160 (muddat oraligʻida istalgan vaqt kirib chiqish mumkin).

Easybooking turistik kompaniyasi bilan boʻladigan sayohatlarda vizani oson va qisqa vaqtda olish mumkin. Dubayga sayohatning afzalliklaridan biri - ota-onasi bilan sayohat qiladigan 18 yoshgacha boʻlgan bolalarga viza olishda 33-50 foizlik chegirma beriladi.
Qisqa tarix
1940-yillargacha Dubay kichik bir aholi punkti edi. Fuqarolar marvarid sotish va uni oziq-ovqatga almashtirish orqali kun koʻrgan. Keyinchalik, yaponlar marvaridlarni sunʼiy yoʻl bilan yetishtirish yoʻlini oʻylab topgach, xalqaro bozorda haqiqiy marvaridlarga boʻlgan ehtiyoj sezilarli darajada kamaygan. Oqibatda amirliklarda inqiroz boshlangan. Ammo, koʻp oʻtmay, BAAda neft topilishi natijasida hammasi butkul oʻzgarib ketgan.

XIX asr boshlarida Dubay aholisi atigi 1200 kishini tashkil qilgan boʻlsa, hozirda uning aholisi 3,5 mln kishidan oshgan. Maydoni 1620 kvadrat kilometrni tashkil qiladi va u kengayishda davom etmoqda.
Dubayga qachon borgan maʼqul?
U dunyodagi eng issiq shaharlardan biri. Yilning eng jazirama vaqti - avgustda havoning oʻrtacha harorati +45 darajadan oshadi. Qishda esa Oʻzbekistonda kuz boshida boʻlgani kabi - kunduzi issiq, kechasi salqin.

Yogʻingarchilik asosan fevral va mart oylariga toʻgʻri keladi. Dam olish uchun eng qulay vaqt esa oktyabrdan va aprel oʻrtalarigacha. Demak, qish sayohat uchun ajoyib vaqt.
Dubay nega "dunyo poytaxti"?
Ushbu megapolis dunyoning turli nuqtalaridan kelgan muhojirlar uchun boshpana. Shaharda yashovchi xorijlik fuqarolarning aksariyatini hindistonlar, pokistonliklar, bangladeshliklar, afgʻonistonliklar va filippinliklar tashkil qiladi. Koʻchalarda, jazirama quyosh ostidagi qurilishlarda, xizmat koʻrsatish sohalarida, umuman, hamma yerda arablardan ham koʻproq ularni uchratasiz. Aholining atigi 15 foizini mahalliy arablar tashkil qiladi.

"Dunyo poytaxti"da AQSH, shuningdek, Buyuk Britaniya, Fransiya kabi Yevropa mamlakatlari hamda MDH davlatlari fuqarolari ham bor, ularning aksariyati neft sanoati, taʼlim, biznes va boshqa shu kabi sohalarda faoliyat yuritadi.

Har yili Dubayga 15,3 mln sayyoh tashrif buyuradi. 2023-yilning dastlabki sakkiz oyida shahar 8,5 mln sayyohni qabul qildi. Yanvar-iyul oylarida Dubayga kelgan chet elliklarning salkam 71 ming nafari oʻzbekistonliklar edi.
Foydali eslatmalar
Shahar boʻylab harakatlanishda qiynalmaslik uchun:
  • Bu yerga kelish uchun arab tilini bilish shart emas, odamlar inglizchada bemalol muloqot qiladi. Rus tilida soʻzlashuvchilarni topish mushkul.
  • Alkogol mahsulotlari faqat 21 yoshdan oshganlarga pasport bilan beriladi. Jamoat joylarida, plyajlarda spirtli ichimliklar ichish mumkin emas. Bunga faqat mehmonxonaning ayrim xonalarida, barlarda va restoranlarda ruxsat beriladi.
  • BAA milliy valyutasi – dirham, AQSH dollarida savdo-sotiq qilish qiyinroq. Istalgan joyda bankomat va ayirboshlash shoxobchalari topiladi. Pulni ayirboshlash uchun pasport kerak. Xalqaro toʻlov kartalari (masalan, VISA) hamma yerda oʻtadi.
  • Messenjerlar orqali aloqa va videomuloqot qilishga taqiq oʻrnatilgan (mazkur muammoni VPN bilan aylanib oʻtish mumkin, biroq bu ham qonun bilan taqiqlangan). WhatsApp, Skype va Viber blokda.
  • Metro bekatlarida ovqatlanish, ichimliklar ichish, saqich chaynash, chekish taqiqlanadi. Chekish uchun maxsus joylar ajratilgan.
  • Kiyinish borasida aniq bir cheklov yoʻq, koʻchada hamma oʻziga qulay kiyimda yuradi (diniy muassasalar, rasmiy tashkilotlar va boshqalar mustasno).
  • Foto va videoga olishda baʼzi cheklov va taqiqlar bor: mahalliy aholini, ayniqsa ayollarni tasvirga olish mumkin emas. Biroq ruxsat soʻrash orqali bu muammoni hal qilish mumkin.
  • Jamoat hojatxonalarini muzeylar, savdo markazlari va parklardan topasiz.
Diqqat! Sayohat boshlanmoqda!
Dubayga tashrif buyuruvchilarning aksariyati dunyodagi eng gavjum aeroportlardan biri hisoblangan Dubay xalqaro aeroportiga (DXB) qoʻnadi. Shu sababdan ham aeroport doim yoʻlovchilar bilan gavjum. Lekin shahar janubida yana bir boshqa tayyoragoh — Al-Maktum aeroporti (DWC) ham boʻlib, unda harakatlanish erkinroq, navbatda turmasdan nazoratlardan bemalol oʻtish mumkin. Shahardan 30 daqiqalik masofada joylashgani uchunmi, bu aeroportda reyslar nisbatan kam.

Pasport nazorati vaqtida qoʻlingizga ichida 24 soat davomida foydalansa boʻladigan, 1 Gb internet paketi bor bepul sim-karta tutqaziladi. 1 sutkadan soʻng uning hisobini oʻzingiz toʻldirib, bemalol foydalansangiz boʻladi.

Dubay toʻqqizta tumanga boʻlingan, ularning har biri oʻnlab kichik hududlardan iborat: tarixiy va zamonaviy, goʻzal va oddiy, boy va qashshoq, xavfsiz va xatarli. Umuman olganda, shaharni bir nechta shartli zonalarga boʻlish mumkin:

Downtown — boshni aylantiruvchi osmonoʻpar binolar, goʻzal xiyobonlar va ulkan savdo markazlari joylashgan hudud;

Jumeirah — toza dengiz va uning boʻyidagi turar-joylar, keng qumli plyajlar va rivojlangan infratuzilma hududi;

Jumeirah palma oroli — besh yulduzli mehmonxonalar, hashamatli restoranlar va komfort plyajlar hududi;

Deira — sharq bozorlarini oʻzida jamlagan eng qadimiy hudud;

Bur Dubai — anʼanaviy bozorlar va etnik restoranlari bilan mashhur boʻlgan hudud;

Marina va Jumeirah — shunchaki plyajdagi dam olishni, zamonaviy restoranlarni va suv mashgʻulotlarini xoʻsh koʻruvchilar hududi;

Al Barsha va Barsha hududlari — butun oila uchun koʻplab qiziqarli tadbirlar topsa boʻladigan, jumladan, brend doʻkonlar, restoranlar, karting va yopiq changʻi kurorti uchun mos hududlar.
    реклама
    реклама
    Jamoat

    Transporti
    Dubayda jamoat transportining istalgan turi: metro, tramvay, qayiq, avtobus va taksidan foydalanish mumkin. Tizim sizni shaharning barcha qiziqarli manzillariga olib bora oladi. Dubay metrosi texnologik jihatdan anchayin rivojlangan, yaʼni u avtomatlashtirilgan va mashinstsiz boshqariladi. Poyezdlar tonggi 05:00 dan tungi 00:00 gacha harakatlanadi.

    Metroda 3 turdagi vagonlar mavjud: "kumush" (barcha uchun), "ayollar" (faqat ayollar va 12 yoshlgacha boʻlgan bolalar uchun) hamda "oltin" (alohida oʻrindiqda ketishni istaganlar uchun). Metroga kirish qismida turli tarifdagi kartalarni sotib olasiz. Standart biletlar 2 dollardan boshlanadi.

    Avtobuslar 05:00 dan, tramvaylar 06:00 dan harakat boshlaydi. Tramvaylarda ham metrodagi kabi tariflar mavjud. Taʼkidlash kerakki, bekatlarning aksariyati konditsionerli.

    Davlat tomonidan yoʻlga qoʻyilgan taksilar oq yoki qaymoq rangda boʻladi. Uber, Careem va Yandex ilovalaridan ham foydalanish mumkin, lekin ular qimmatroq. Faqat ayollar uchun moʻljallangan taksi mashinalari shifti pushti rang va unda ayol haydovchilar boʻladi.
    Ibn Battuta Mall savdo markazi
    Dunyoga mashhur marokashlik jahongashta Ibn Battutaning sayohatlari asosida bunyod etilgan dunyodagi eng yirik tematik savdo markazi. Markaz alohida dekoratsiyalangan oltita — Andalusiya, Tunis, Misr, Fors, Hindiston va Xitoy pavilyonidan iborat boʻlib, ularda 270 dan ortiq doʻkonlar oʻrin olgan. Har bir pavilyonning oʻziga xos tematikasi bor. Undagi elementlar sizni oʻsha hudud muhitiga tushiradi.

    Markazda xarid qilish (shopping), 50 dan ortiq restoran va kafelarda ovqatlanish, shuningdek, kinozallarda film tomosha qilish mumkin. Ibn Battuta Mallʻga borish juda oson — u xuddi shu nomdagi metro bekatidan bir necha qadam narida joylashgan.

    "Burj al-Arab" mehmonxonasi
    Yetti yulduzli "Burj al-Arab" mehmonxonasi Dubayning eng taniqli ramzlaridan biridir. 1999-yilda mazkur mehmonxonaning ochilishi bilan Dubayda hashamatli turizm rivojlanishiga start berilgan.

    Balandligi 321 metr boʻlgan yelkan shaklidagi ramziy bino sunʼiy orolda qurilgan va u orqali Arab koʻrfazining panoramik manzaralarini tomosha qilsa boʻladi. Unda restoranlar, atrofida xususiy plyajlar va keng terrasa mavjud. Bino dunyoga mashhur yulduzlar uchun sevimli dam olish maskani boʻlib xizmat qiladi.
    Madinat Jumeirah bozori
    "Burj al-Arab"dan uzoqlashmasdan uning yonidagi Madinat Jumeirah bozoriga kirib oʻtish mumkin. Xuddi shu nomdagi kurort hududida joylashgan kichik bozorcha tashrif buyuruvchilarni Yaqin Sharq atmosferasiga shoʻngʻishga undaydi. Bu yerda parfyumeriya, arab chiroqlari, kiyim-kechaklar, zargarlik buyumlari, ziravorlar va qoʻlda yasalgan suvenirlar sotiladi.

    Bugungi kunda Madinat Jumeirahʻda 25 ga yaqin doʻkonlar, galereyalar va restoranlar joylashgan boʻlib, derazalari va terrasalaridan kurort suv yoʻllarining goʻzal manzaralari koʻrinib turadi.

    Dubai Mall savdo markazi
    Dubai Mall dunyodagi eng yirik savdo markazi boʻlib, taxminan 1300 ta savdo doʻkoni, ikkita yirik univermag, attraksionlar, bogʻlar, yuzlab restoran va kafelarni oʻz ichiga oladi. Umumiy maydoni 1 mln kvadrat metrdan oshadi — bu 200 ta futbol maydoniga teng hudud, degani.

    Markaz haqiqiy moda ixlosmandlari uchun yaratilgandek. Unda deyarli barcha dunyo brendlarining filiallari, jumladan, Fashion Avenue boʻlimida moda sanoatining yetakchi kompaniyalari — Versace, Burberry, Gucci va boshqalar oʻrin olgan. Shunga yarasha bu yerda savdo qilish uchun "yaxshigina" mablagʻ ham kerak.

    Umuman olganda, Dubai Mall oilaviy tashriflar uchun juda yaxshi manzil. Chunki unda ulkan akvariumni tomosha qilish, suvosti hayvonot bogʻiga ekskursiya uyushtirish, muz maydonida uchish va boshqa koʻplab koʻngilochar mashgʻulotlar bilan vaqtichogʻlik qilish mumkin. Lekin uni aylanib chiqishga bir kun kamlik qiladi.
    Aytgancha, savdo markaziga Dubai Mall metro bekati orqali kirib borish mumkin.
    Oʻzbekistonda yaqinda ochilishi kutilayotgan Tashkent Mallʻda ham xuddi shunday qulaylik — "Paxtakor" metrosi orqali oʻtish imkoniyati yaratilishi aytilmoqda.
    "Burj Xalifa" osmonoʻpar binosi
    Dubai Mallʻdan tashqariga chiqishingiz bilan sizni rekord darajadagi baland minora — "Burj Xalifa" kutib oladi. Afsonaviy "Burj Xalifa" nafaqat dunyodagi eng baland bino va muhandislik durdonasi, balki zamonaviy Dubayning asosiy ramzlaridan biri.

    Balandligi 828 metr, 163 qavat (2909 zinapoya)dan iborat boʻlgan mazkur inshoot 2010-yilda ochilgan. Solishtirish uchun u uchta Eyfel minorasi bilan teng. Minora ichida turar-joy binolari, mehmonxonalar, biznes ofislari, savdo maydonchalari, koʻngilochar markazlar, restoran va kafelar, sport zallari, kuzatuv maydonchalari va basseynlar mavjud. Binoga 57 ta lift xizmat koʻrsatadi, biroq ulardan faqat bittasi birinchi qavatdan osmonoʻpar bino tepasiga koʻtarilish imkoniyatiga ega.

    Bu yerda kechayu kunduz turistlar qadami arimaydi. Hatto qoq jazirama payti ham odamlar bilan gavjum. Binoga kirish pullik. Kuzatuv maydonchasi uchun chiptalar 43 dollardan boshlanadi. Osmonoʻpar binoning tagida esa musiqali favvora joylashgan.

    U dunyodagi eng baland musiqali favvora hisoblanadi. 120 ming kvadrat metr maydondagi favvora har soniyada 830 ming litrdan ortiq suvni 140 metr balandlikka otadi.

    Namoyishlar har kuni soat 18:00 dan boshlanib, har 30 daqiqada takrorlanadi. Rangli chiroqlar bilan yoritilgan suv oqimlari musiqa sadolari ostida navbatma-navbat yuqoriga koʻtariladi va raqsga tushadi. Namoyish davomida siz dunyoga mashhur xitlarni eshitasiz. Bu goʻzallik tomoshasi butunlay bepul.

    Agar uning yaqinida sayr qilishni yoki qayiqda suzishni istasangiz, narxi 13 dollardan boshlanadigan chipta sotib olishingiz kerak.
    реклама
    реклама
    Dubay panoromasi va kema boʻylab sayohat
    Dubai Creek bandargohida joylashgan tomoshagoh Dubay va undagi koʻlning panoramik manzarasini koʻrish uchun eng qulay manzil. Bu yerda siz shaharning turli tomonlariga nazar tashlashingiz, kema va qayiqlarning harakatlarini kuzatishingiz va quyosh botganidan soʻng tungi goʻzal manzaraga guvoh boʻlishingiz mumkin. Ayni shu manzil esdalik fotosuratlar uchun muqobil variant boʻla oladi. Biroq professional kamerada suratga olish uchun ruxsatnoma kerak.

    Bandargohda 700 ga yaqin hashamatli yaxta va qayiqlarni uchratasiz. Ulardan birini oldindan band qilib, bir soat sayohat va kechki ovqatni shu yerda tanovul qilishingiz mumkin. Bu sizga oʻrtacha 80 dollarga tushadi.

    Sahro boʻylab safari
    Dubay choʻllari oʻziga xos va adrenalinga boy mashgʻulotlari bilan tanilgan. Mislsiz qumlar hashamati odamni hayratga soladi va ilhomlantiradi.

    Avtomashinalarda sahro boʻylab ekstremal sayyohat, tuya minish, sahro koʻchmanchi xalqlarining taomlaridan tanovul qilish va kechki shouni koʻrish kishiga yangicha taassurotlar hadya etadi.

    Tilla taqinchoqlar va ziravorlar bozori
    Dubayga keldingmi, albatta, oʻzing bilan iPhone yoki tilla ola qaytishing kerak, degan qarash mavjud. Oʻsha tillani esa amirlikdagi eng qadimgi va qiziqarli anʼanaviy bozorlardan biri boʻlgan mashhur Gold Souk bozoridan olasiz. Dunyoning turli burchaklaridan keltrilgan turli karatlardagi dizaynlar sizni oʻziga mahliyo etadi, koʻzni qamashtiradi.

    Bir tarafdan esa ziravorlar hidi butun bozor boʻylab taralib turadi. Ayrim savdo rastalarida hurmoning xilma-xil turlari, esdalik sovgʻalari, milliy kiyimlar, ayollar uchun bejirim abayalarni ham uchrtasiz.

    Barcha zargarlik buyumlari hukumat tomonidan nazoratga olingani, sifatiga shubha bildirmaslik aytiladi. Biroq narxlar biroz qimmat, savdolashgan maʼqul, albatta.

    Barchasi 10 dirham
    Tilla bozorida uchratgan baʼzi mahsulotlarni 2 baravar arzon narxda olishingizni istasangiz, Gift village savdo markaziga boring. Bu yerda oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar, oʻquv qurollari, parfyumeriya, kiyim-kechaklar, esdalik sovgʻalari, umuman, barcha kerakli narsalar 1 dan 10 dirhamgacha (3 dollargacha), narxiga yarasha sifat asosida sotiladi. Bu yerda suvenirlar, esdalik magnitlari, shirinlik va arab hurmo (finiki)larini maqbul narxda sotib olish mumkin.
    La perle akvashousi
    La perle — bu mukammal xoreografiya mahoratini, yuqori did bilan ishlangan dekoratsiyalar va eng yangi texnologiyalarni birlashtirgan mintaqadagi birinchi raqamli shou hisoblanadi. Shou maydoni Al Habtoor Cityʻda joylashgan va 1300 oʻrindiqqa ega.

    Afsonaviy rejissyor Franko Dragon tomonidan tayyorlangan mazkur shou BAAda marvarid qazib olish anʼanalariga bagʻishlangan. Qiz tushida marvarid izlab, xayoliy dunyoga tushib qoladi. Spektakl maxsus qurilgan, oʻziga xos akva-sahnaga ega teatrda 90 daqiqa davom etadi: avval uning ustiga sharsharalar va yomgʻir tushadi, soʻngra suv bir necha soniya ichida yoʻqoladi.

    Havo akrobatikasi elementlari, bosh aylanadigan balandlikdan shoʻngʻish va ekstremal harakatlar qiladigan mototsikllar kishida unutilmas taassurot qoldiradi. Chipta narxi 70 dollardan boshlanadi.

    реклама
    реклама
    Quyida ayrim mehmonxonalarni sizga tavsiya qilishimiz mumkin (koʻrsatilgan narxlarda nonushta ham hisobga olingan).

    Muhim: Dubayda qanday mehmonxonada tunashingizdan qatʼiy nazar 4-8 dollar atrofida turistik soliq toʻlashingiz shart.
    Dubayda sayohat qilish mumkin boʻlgan, diqqatga sazovor joylar talaygina va bunday nuqtalarning soni tobora ortmoqda. Balki yuqoridagi roʻyxatda ularning ayrimlari kiritilmagan boʻlishi mumkin.

    Shahar dunyo koʻz oʻngida kengayib borishda davom etarkan, albatta, Dubayni oʻzingiz borib koʻring. Sayohat qiling!
    Matn va suratlar muallifi — Shohruh Haydarov / "Gazeta.uz".
    "Gazeta.uz" muallifligidagi grafik materiallar, shuningdek, matnga boʻlgan huquqlar "Gazeta.uz"ga tegishli. "Gazeta.uz" internet-nashri saytiga joylashtirilgan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

    Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz?
    Oʻz hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

    Materialga izohlar

    Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
    "Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

    Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting