Toshkent ramzlariga chizgilar: "Quyoshli" maktab bozori
"Quyoshli" ("Solnechniy") idora mollari bozori tanlovning kattaligi va narxlari xamyonbopligi bilan ko'p yillardan buyon xaridorlarni o'ziga jalb qiladi. Yangi o'quv yili oldidan shu yerdan bozorlik qilish ko'pchilik uchun odatga aylangan. "Gazeta.uz" muxbiri Jahongir Azimov bozorda bo'lib, yangi urfga kirgan avokadoli muqovalar va "Quyoshli" fenomeni haqida sotuvchilar bilan suhbatlashdi.
"Quyoshli" ("Solnechniy") idora mollari bozori tanlovning kattaligi va narxlari xamyonbopligi bilan ko'p yillardan buyon xaridorlarni o'ziga jalb qiladi. Yangi o'quv yili oldidan shu yerdan bozorlik qilish ko'pchilik uchun odatga aylangan. "Gazeta.uz" muxbiri Jahongir Azimov bozorda bo'lib, yangi urfga kirgan avokadoli muqovalar va "Quyoshli" fenomeni haqida sotuvchilar bilan suhbatlashdi.
O'zbekistonda an'anaviy Sharq bozoridan-da ajabtovurroq narsa — bu idora mollari va maktab anjomlari sotishga ixtisoslashgan sharqona bozor bo'lishi mumkin. Shunday maktab bozorlaridan biri — xalq orasida "Solnechniy" ("Quyoshli") nomi bilan tanilgan savdo markazi Toshkent janubi-g'arbida joylashgan.

Bozorga kirish joyi ko'rimsizgina, boz ustiga xavfli ham. Har qanday Sharq bozori kabi, "Quyoshli" ham yo'l yoqasida joylashgan. Bozor darvozasiga "zebra" tortilgan, lekin svetofor yo'q. Katta va kichik xaridorlar mana shunday xavfli joyni yugurib o'tishga majbur. Shunda ham haydovchilarni Xudo yorlaqab, ular piyodalarni o'tkazib yuborishni lozim topib to'xtasa. Bu yerdagi tartibsiz avtoturargoh esa vaziyatni yanada chigallashtiradi.
Chang va mashinalardan chiqayotgan tutun sabab bu yerda havo og'ir, ammo bozor devorining narigi tomonida ancha sokin va baharnav nafas olsa bo'ladi.

Shu yerdagi taksistlarning aytishlaricha, avvallari ahvol bundan ham battar edi. 15−20 yil avval sotuvchilar hozirgidek do'konlarda emas, balki ochiq maydonda temir rastalarda (xuddi "Moviy gumbazlar" xiyobonidagi kitoblar qatoridagi kabi) oldi-sotdi qilardi. Iqtisodiy o'sish sharofati bilan rastalar o'rnida shlakobloklardan ko'tarilgan do'konlar paydo bo'ldi va bozor hozirgi, nisbatan qulay ko'rinishini oldi.
Hozir bozor markazida to'rtta do'konlar qatori bor. Har biri ruchkalar, qog'oz, ryukzaklar va ota-onalarning xotiralari bilan limmo-lim to'lgan. O'tish joylari daftar to'la qutilar bilan band qilingan. Nazar eng oxirgi bo'lib tushadigan joylar shiftgacha penallar bilan to'ldirilgan. Qatorlar oralab yukxonasi qog'oz bilan to'ldirilgan motorollerlar hatto shunday kichik bozorning tor yo'laklariga-da o'rnatilgan "yotiq politsiyachilar"ni ohista bosib o'tib, g'izillaydi.
Mana shunday g'ala-g'ovur ichida bolalar ota-onalaridan: "Ada, menga mana bu daftarni olib bering, uni olib bering, buni olib bering", deb tinmay qistaydi. Kattalar yo xotirjam: "Xo'p, bolam", deya yoki tanbeh bergandek: "Jim turgin", deb javob qaytaradi.
реклама
реклама
Maktab bozori bolalar uchun shunchaki o'quv anjomlari tanlanadigan bir makon emas, balki o'zining yap-yangi daftar-qalamlari bilan sinfdoshlari oldida maqtanish imkonini beradigan bo'lajak o'quv yilini o'ylab, zavqlanish onlari hamdir.

Bu yerda "Quyosh tizimi" sotuvchilarning sa'y-harakatlari evaziga aylanib turadi. Ko'p yillik tajribasi samarasi o'laroq, ular bo'lajak maktab mavsumida bolalar orasida qanday ruchkalar urfga kirishini, qaysi multfilm qahramonining surati tushirilgan ryukzak tez sotilishini oldindan biladi. Sotuvchilarning aksariyati jurnalistlarning keldi-ketdisiga o'rganib qolgan. Ba'zilari televideniye yo gazetadan ko'rinib qolarman deya suratga ham tushib beraveradi, boshqalari esa kamtarlik bilan: "Qo'y, bolam, menga tinchlik kerak", deb iltimos qiladi.
Hadicha Po'latova bu bozorda besh yildan beri savdo qiladi. Uning oilasiga tegishli uncha katta bo'lmagan, kamtarona do'kon qatorlardan birining salkam oxirida joylashgan.

"Qatorlar oxirida mijozlar kamyob mahsulotlarni topishlari mumkin. Shoshayotganlarning ko'pi ko'pincha darvozadan beri kelmaydi. Tezda bozorligini qilib, ketadi, topolmagan narsasini izlab o'tirishga vaqti ham yo'q ularning", — deya tushuntiradi Hadicha opa.

U oila a'zolari bilan birga yil o'n ikki oy kanselyariya mollari sotadi, lekin bu sohada ham savdo o'z cho'qqisiga chiqadigan vaqtlar bor. Odatda, bu yangi o'quv yili yoki maktablarda yangi chorak boshlanishi oldidan kuzatiladi.

"Har yili har xil yangi narsalar urfga kiradi. Shundan kelib chiqib, biz ham mahsulot olib kelamiz. Masalan, bu yil avokado surati tushirilgan albomlar, penallar, o'chirg'ichlar, umuman, shunday tasvirli hamma narsa "moda"da. Lekin bolalar eng ko'p BTS'ni (Janubiy Koreya pop-musiqa guruhi — tahr.) so'rashyapti. Bunday trendlar internetdan kelyapti. Odamlar keladi, so'raydi. Biz esa ular so'ragan narsani yetkazib beramiz," — deydi Hadicha opa.
Sotuvchining tushuntirishicha, trendlardan tashqari, ular sotilgan mahsulotlarning soni va turini ham tahlil qiladi. Bu bo'lajak mavsumga tayyorlanish uchun kerak. Xaridorlarning xohish-istaklari o'zgarib turgani bois har bir yangi mahsulot — bu yangi bir sinovdek gap.

"Hozirgidek mavsum avjida ishlash qiyin. Do'konga bir vaqtning o'zida bolalari bilan bir necha oila kiradi. O'ziga yoqqan, kerakli narsani izlab, do'konni ag'dar-to'ntar qilib tashlashlari ham hech gap emas. Ba'zi bolalar nima xohlayotganini aniq biladi. Ota-onasi boshqa variant taklif qilsa ham, faqat o'zi xohlaganini oladi", — deya davom etadi u.

Hadicha opaning aytishicha, bu ishdagi qiyinchiliklar ko'pincha tashqi omillar bilan bog'liq.

"Masalan, boshqa bozorlardan ham sotuvchilar keladi — maktab bozorlari deyarli har bir bozorda ochiladi-ku. O'sha bozorlarda idora mollari bilan savdo qiluvchi sotuvchilar kelib, bizdan 500 so'mdan daftar va 2000 so'mdan yelim olib ketadi. O'zining bozorida esa daftarni, deylik, 100 so'mdan, yelimni esa 10 ming so'mdan sotadi. Bizning oldimizga kelgan xaridorlar esa — ular odatda shahardagi narxlarni o'rganib keladi — faqat daftar narxlarini so'raydi. Biz shahardagidan besh barobar qimmat qilib „500 so'm" desak, ular bozorimizdagi hamma narsa shunday qimmat ekan, degan xayolga boradi. Vaholanki, shahardagi 100 so'mlik daftar — bu aslida olib-sotarlarning o'ziga xos o'yini", — deydi sotuvchi.
"Quyoshli do'konlar" orasida rus va ingliz tillaridagi o'quv va badiiy adabiyotlar bilan savdo qiluvchisi ham bor. Qizig'i, bu yerdagi narxlar shahardagi kitob do'konlari yoki onlayn-marketpleyslar taklif qilayotganidan ko'ra pastroq. Ismi sir qolishini so'ragan sotuvchining ta'kidlashicha, so'nggi yillarda ingliz tilidagi kitoblarga bo'lgan talab faqat o'smoqda.
реклама
реклама
"Nafaqat inglizcha, balki xitoy va koreyscha kitoblarga bo'lgan talab ham oshmoqda. Odalmar o'zi so'rab kelyapti. Ular so'ragan kitob bizda bo'lmasa, nomini yozib olamiz va boshqa xaridor ham o'sha kitobni so'rab kelib qolar degan umidda olib kelib qo'yamiz", — deydi u.

Uning aytishicha, avvallari kitobga bo'lgan talab sustroq edi. Butun bozorda o'zbek tilida kitob sotadigan uchta do'kon bo'lardi, xolos. Inglizcha kitoblarga talab-ku umuman yo'q edi. Hozir esa bozorda kamida 25 ta do'kon kitob sotadi.
"Bir vaqtlar asosan rus tilidagi kitoblarni sotardik va ingliz tilidagi adabiyotlar savdoning bor-yo'g'i 5 foizini tashkil qilardi. Hozir esa talab qariyb tenglashgan. O'zbekistonliklarning ko'pi chet elga chiqyapti, IELTS topshiryapti, til kurslari ko'paygan, shularning ta'siri sezilyapti", — deydi u.

"Atomic Habits" (amerikalik yozuvchi Jeyms Klirning "Atom odatlar" kitobi) kabi o'z-o'zini rivojlantirish bo'yicha ommabop adabiyotlar bilan bir qatorda kitob tokchalarida Aflotun va Uilyam Folkner asarlari ham bor. Sotuvchining aytishicha, kitoblarning bir qismi xorijdan olib kiriladi, yana bir qismining qayerdan kelishi esa — "sir". Lekin hech kim sotib olmaydigna kitoblar ham bo'ladi. Ularni nima qilasizlar degan savolga u yelka qisib: "Sotilmagan kitob ketadi, bu yerda kitoblar qoldirilmaydi", — deydi.

Kitob do'konidan 30 metr narida Baxtiyor Xudoyberdiyev ishlaydi — u ryukzak sotadi. U hozirgina kelib tushgan mahsulotlarni narxi bo'yicha ustalik bilan saralayapti.

"Mana bunisi — 100 ming so'mlik, bunisi — 200 minglik. Bunisi esa — arzoni", — deydi u dushanbadan bolalarning yelkalarida bo'ladigan sumkalarni konveyer misoli taxlarkan. U ishidan chalg'imay, xaridorlarning savollariga javob berishga ham ulguradi.
«Аслида мен Абу-Сахийда ишлайман, «Солнечний»га ҳар йили «сезон»да келамиз. Маҳсулот Хитойдан келади. Дизайн ҳар йили ўзгаради. Ўзимизга ёққанини танлаб оламиз», — дейди у.

Бахтиёр аканинг айтишича, баъзи сумкалар бизнинг «менталитетимизга тўғри келмайди».

«Биз кўриниши сипороқ нарсалар олиб келамиз. BTS гуруҳининг суратлари туширилган ола-була сумкалар бизга тўғри келмайди. Одамлар ҳам сотиб олмайди. Йўқ, сотиб оладиганлар ҳам бор, лекин кам. Бизда асосан бир хил тусли моделлар яхшироқ сотилади», — дейди у.

Рюкзаклар нархи 50 мингдан 700 минг сўмгача фарқланади. Харидорларнинг кўпи 200 ёки 300 минг сўм деган гапни эшитиб, хомуш тортади ва сумкани олган жойига қўяди. Бахтиёр аканинг айтишича, кўпчилик 100−150 минг сўмлик рюкзакларга харидор бўлиб келади.

«300 минг сўмлик сумка оладиганлар ҳам бор, лекин бунақаси камдан-кам», — дея қўшимча қилади у.

«Болалар югуриб келиб, ўзига сумка танлаётганини кўриб, кайфиятим кўтарилади. Сал инжиқ болалар бор, оғир-вазмин болалар ҳам бор. Лекин ким бўлса ҳам, нима олса ҳам, кўзидаги қувончни кўрсам, хурсанд бўлиб кетаман», — дейди Бахтиёр ака.
реклама
реклама
Ulgurji bozorda rassomlar uchun mo'ljallangan do'kon ham bor. U har xil o'lchamli mo'yqalam (kist)lar, bo'yoqlar, har xil qalinlikdagi vatmanlar, akvarellarga to'la. Do'kon egasi Dilshod aka "Quyoshli"da 12 yildan beri ishlaydi. U marhum otasining ishini davom ettirmoqda.

"Boshida biz mayda narsalar bilan savdo qilardik. Ishimiz kengayavergani sari rassomlik anjomlariga ixtisoslashishga qaror qildik. Rassomlar va ijodkor bolalar butunlay boshqa Quyosh sistemasida yashaydi. Biz esa ularga quvvat yetkazib beramiz", — deydi u.
"Avgustning boshidan oxirigacha asosan bolalar ijodiyoti mahsulotlariga talab yuqori bo'ladi, 10-sentabrlardan keyin esa rassomlik anjomlari uchun kela boshlashadi. Eng yaxshi savdo yilning mana shu davrida bo'ladi", — deya tushuntiradi u.

"Quyoshli" — O'zbekistonda muqobili yo'q hodisa. Bu bolalar va ularning o'quv anjomlariga mo'ljallangan butun boshli bozor. Sotuvchilardan qanday qilib Toshkentdan uncha uzoq bo'lmagan mana shunday joyda alohida ulgurji maktab bozori paydo bo'lib qolgan, deb so'rasangiz, ular shunday javob beradi: "Xalqimiz bilimcha chanqoq-da". Bir ayol shu savolga yuzida tabassum bilan shunday javob berdi: "O'zbekistonda bolalarni yaxshi ko'rishadi, shuning uchun shunday bozor ham bor".
Matn va fotosuratlar muallifi — Jahongir Azimov.
Matn va barcha grafik materiallarga bo'lgan huquqlar "Gazeta.uz" nashriga tegishli. "Gazeta.uz" internet-nashrida e'lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O'z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting