Toshkent shahri Mirobod tumanida 17 yoshli qizga hujum qilgan erkakka nisbatan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi xabar berdi.
8-avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida O.O. (1997-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, ishsiz, muqaddam sudlanmagan)ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlangan.
Sud hukmiga muvofiq O.O. Jinoyat kodeksining 25,118-moddasi (Nomusga tegishga suiqasd qilish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. U endi jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘taydi.
Oliy sud birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahri sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqliligini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu erkak 19-aprel kuni 2005-yilda tug‘ilgan Z.B.ning orqasidan kelib, quchoqlab, yuzidan o‘pib, qo‘yib yuborgan va voqea joyidan qochib ketgan, shundan so‘ng tezkor tadbir natijasida ushlangan.