Hafta salqin bo‘ladi
O‘zbekistonda dam olish kunlari kuzatilgan salqin ob-havo juma kungacha davom etadi. Harorat +30…+35 daraja atrofida bo‘ladi. Hafta o‘rtasiga borib kunlar biroz isishi mumkin. Ayrim joylarda qisqa yomg‘ir bo‘lishi kutilmoqda.
Afg‘oniston 67 ta vagondagi neftni sifatsiz deb O‘zbekistonga qaytarmagan, xaridor pulini 100% to‘lagan — “O‘zbekneftgaz”
Afg‘oniston standart agentligi O‘zbekistondan import qilingan 67 ta vagon neftni sifatsiz deb qaytarilganini ma’lum qildi. “O‘zbekneftgaz” esa neftni O‘zbekiston emas, xaridor o‘zi Afg‘onistonga olib kirgani, neft uchun pul 100% to‘langanini qayd etdi.
Hukumat budjet defitsitini belgilangan chegarada ushlab turolmayapti. Daromadlardan ko‘ra xarajatlar 2,5 mlrd dollar ko‘p
O‘zbekiston davlat budjeti xarajatlari daromadlaridan 29 trln so‘mga (2,5 mlrd dollar) ko‘proq bo‘ldi. 2023-yilda profitsit prognoz qilinganiga qaramay defitsit deyarli 6,2 foizni tashkil etdi. Bu ma’lumotlarni e’lon qilayotib Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov “defitsit” so‘zini ishlatmadi.
O‘zbekistonga 6 oy davomida 3,1 mln sayyoh keldi
2023-yilning dastlabki 6 oyida O‘zbekistonga 3,1 mln nafar chet el fuqarosi turistik maqsadlarda tashrif buyurdi. O‘tgan yilning ushbu davrida ko‘rsatkich salkam 1,9 mln nafarni tashkil etgandi.
Urganch shahri IIO FMB boshlig‘i YTH oqibatida vafot etdi
Urganch shahri IIO FMB boshlig‘i YTH oqibatida vafot etdi. Mashina yo‘lning qatnov qismidan chiqib ketib, beton ustunga urilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Tayinlovlar:
Ra’no Jo‘rayeva Uzbekistan Airports raisi lavozimini tark etdi
Uzbekistan Airports kompaniyasi raisi Ra’no Jo‘rayevaning 2022-yil noyabrida 3 yilga uzaytirilgan shartnomasi bekor qilindi. “Gazeta.uz” bir kun avval uning lavozimidan bo‘shatilishi mumkinligi haqida xabar bergandi. AJ raisi v.b. etib Javlonbek Umarxo‘jayev tayinlandi.
Bekobod tumaniga yangi hokim tayinlandi
“Qishloq qurilish bank"da departament boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Shuhrat Mirzayev Toshkent viloyati Bekobod tumaniga hokim bo‘ldi. Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev avvalgi tuman hokimini nima sababdan ishdan bo‘shatganiga izoh berdi.
Vazir o‘rinbosari Dilshod Sultonov Yangiyo‘l hokimi v. b. bo‘ldi
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov Yangiyo‘l shahar hokimi v. b. bo‘ldi. Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev energiya ta’minoti va chiqindilarni olib chiqib ketish shaharning asosiy muammolari ekanini aytib, shaharni tozalash bo‘yicha keng ko‘lamli aksiya tashkil etishga va’da berdi.
Qo‘rg‘ontepa tumaniga yangi hokim tayinlandi
Andijon viloyati hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi lavozimida ishlab kelgan Alisher Halilov Qo‘rg‘ontepa tumaniga hokim bo‘ldi. Tumanning avvalgi hokimi prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bo‘yicha ishdan bo‘shatilgan edi.
Xovos tumaniga hokim tayinlandi
Sirdaryo viloyati Xovos tumaniga Ulug‘bek Yo‘ldoshev hokim etib tayinlandi. Tayinlovga qadar u Sardoba tumani hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
“Gazeta.uz"da e’lon qilingan maqola:
O‘zbekistonda piyodalarni urib yuborgan haydovchilar qanday jazolanmoqda? Sud qarorlari sharhi
O‘zbekistondagi YTHlarning qariyb yarmi piyodalarni urib yuborish bilan bog‘liq. Shunday qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan haydovchilar qanday jazolanmoqda? Shu savolga javob topish maqsadida “Gazeta.uz” sudlarning tasodifiy 50 ta qarorini o‘rgandi. Spoyler: piyoda o‘limi uchun biror bir haydovchi qamalmagan.