Qanday qilib Malayziya universitetlariga o‘qishga kirish mumkin?
Rustam Yunusov hikoyasi
Neft konlari kompaniyasi menejeri Rustam Yunusov 2023-yilda Malayziyaning Petronas universitetiga o‘qish uchun jo‘nab ketdi. “Xorijiy diplom” loyihasi doirasida u universitetni tanlash jarayoni, qat’iy dars jadvali va milliy ta’lim tizimi, bepul davolanish va arzon yashash xarajatlari xususida so‘zlab berdi.
Neft konlari kompaniyasi menejeri Rustam Yunusov 2023-yilda Malayziyaning Petronas universitetiga o‘qish uchun jo‘nab ketdi. “Xorijiy diplom” loyihasi doirasida u universitetni tanlash jarayoni, qat’iy dars jadvali va milliy ta’lim tizimi, bepul davolanish va arzon yashash xarajatlari xususida so‘zlab berdi.
Xorij diplomi
“Xorij diplomi” — bu dunyoning turli mamlakatlariga o‘qishga ketgan o‘zbekistonlik talabalarning hikoyalaridan iborat loyihadir. Ular universitet va grantlar topish, imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rish, hujjatlar topshirish, xorijda o‘qish va yashashning o‘ziga xos xususiyatlari, shuningdek, xorijdagi ta’limning ularning hayotiga ta’siri haqida so‘zlab berishadi.
ERIELL xalqaro neft konlari kompaniyasi menejeri Rustam Yunusov 2023-yil yanvar oyida dengizda burg‘ulash yo‘nalishi bo‘yicha magistratura bosqichida tahsil olish maqsadida Malayziyaning Petronas texnika universitetiga jo‘nab ketdi.
Xorijga o‘qishga topshirishning sabablari haqida

2010-yilda neft va gaz ishi yo‘nalishi bo‘yicha Toshkent davlat texnika universitetini (TDTU) tamomladim. Shundan so‘ng Rossiya oliy o‘quv yurtlarida tahsil olib, yana ikkita diplomga ega bo‘ldim: 2014-yilda neft va gaz ishi ixtisosligi bo‘yicha Uxta davlat texnika universitetini bitirdim, 2022-yilda esa Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetida energetika biznesini boshqarish bo‘yicha MBA darajasini oldim.
Kursdoshlar bilan
Uchta diplom menga neft va gaz quduqlarini burg‘ulash sohasida o‘z kar’eramni qurishim uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qildi. 12 yil davomida Rossiyaning Uzoq Shimoli va O‘zbekistonda ERIELL Group neft konlari kompaniyasida faoliyat olib bordim va loyihalarga raharlik qildim. Biroq, uzoq xorijda ta’lim olish haqida ilgari sira o‘ylab ko‘rmagandim. Yosh, oila qurish va barqaror ish haqidagi stereotiplar ushbu tavakkalning amalda imkonli ekanligiga ishonishimga halaqit qilgan. Qolaversa, atrofimda xorijda o‘qigan va menga namuna bo‘la oladigan kishilar bo‘lmagan.

2022-yil men uchun burilish nuqtasi bo‘ldi. Kompaniyadagi faoliyatimni davom ettirish va xorijiy loyihalarda ishtirok etish uchun malakam va ingliz tilini bilish darajamni oshirish vaqti kelganini angladim. Buning eng yaxshi yo‘li xorijda o‘qish edi. Rahbariyat bilan maslahatlashib, faoliyatimda tanaffus oldim va munosib variantlarni izlay boshladim.
реклама
реклама
Nega Malayziya?

Dunyo bo‘yicha dengizda burg‘ulash yo‘nalishiga ixtisoslashgan universitetlar unchalik ko‘p emas. Eng mashhur va nufuzlilaridan biri — Malayziyadagi Petronas Texnika Universitetidir (UTP). U xuddi shu nomdagi milliy neft va gaz kompaniyasiga tegishli.

Universitetda ko‘p yillik tajribaga ega professor-o‘qituvchilar faoliyat olib boradi va talabalarga tanlangan yo‘nalish bo‘yicha imkon qadar amaliy bilimlar beradi. Shuningdek, e’tiborimni tortgan jihatlardan yana biri shu bo‘ldiki, universitet talabalarni Schlumberger, Halliburton, Valesto va Sapura Energy kabi xalqaro kompaniyalarga amaliyotga yuboradi, qolaversa, Shell va Exxonmobil`dan rekruterlarni taklif etadi.

Sifatli va hamyonbop ta’lim berishdan tashqari, Malayziya meni xorijlik talabalar uchun mamlakatda yashash xarajatlarining arzonligi, mahalliy aholi ingliz tilida gaplashishi va shariat qonunlari asosida yashaganligi bois sog‘lom turmush tarziga amal qilishi bilan o‘ziga tortdi. Bundan tashqari, bu yerning iqlimi qulay va xavfsiz.
Malayziya universitetlari yiliga uch marta qabul e’lon qiladi: may-iyun, noyabr-dekabr va fevral-mart. Hujjatlarimni oktabr oyi oxirida abituriyentlarga xorijiy universitetlarga kirishda yordam ko‘rsatuvchi agentlik orqali topshirdim. Mendan kerakli hujjatlar to‘plamini yig‘ish va xizmat haqi sifatida 150 dollar to‘lovni amalga oshirish talab etildi. Biroq, universitetning rasmiy sayti orqali mustaqil ravishda ariza topshirish ham mumkin.
O‘qishga topshirish uchun hujjatlar to‘plami
Malayziya universitetlariga topshirilayotgan barcha hujjatlar ingliz tiliga tarjima qilingan va notarial tasdiqlangan bo‘lishi zarur.
1
Pasport nusxasi
2
Tegishli diplom yoki shahodatnoma baholar transkripti bilan birgalikda
3
Ingliz tilini bilish sertifikati
Qabul uchun talab etiladigan minimal daraja — IELTS 6.5 yoki boshqa tizimlarda aynan shu ekvivalentdagi ball
4
Stipendiya yoki moliyaviy to‘lov layoqatini tasdiqlovchi ma’lumotnoma
5
Tavsiyanomalar
6
Motivatsion xat
7
Rezyumeli portfolio
Dekabr oyining oxirida universitetdan o‘qishga qabul qilinganim to‘g‘risida xat oldim. Talabalik vizasini e-visa platformasi orqali onlayn tarzda rasmiylashtirdim. Uch hafta o‘tgach, pochtamga tasdiqlanganlik to‘g‘risida xat keldi va shu xat bilan Malayziyaning O‘zbekistondagi elchixonasiga murojaat qildim. Uch kun ichida viza tayyor bo‘ldi. Malayziyaga 7-yanvarda uchib ketdim va uch kundan keyin universitetda darslar boshlandi.
Kursdoshlar bilan
Malayziya ta’lim tizimi haqida

Malayziyada ta’lim ko‘plab G‘arb va Osiyo mamlakatlaridagiga qaraganda sezilarli darajada arzon. Xususiy ta’lim muassasalarida o‘qish narxi 25 ming dollardan oshishi mumkin, davlat universitetlarida esa undan ikki baravar arzonroq. Davlat universitetlarida bakalavriatda bir yillik o‘qish narxi o‘rtacha 3−8 ming dollar, magistraturada — 5−10 ming dollar. Narxlar universitet va mutaxassislikka qarab farq qiladi.
Barcha Malayziya universitetlarini davlat, xususiy va xorijiy, masalan, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Irlandiya va Xitoy universitetlarining filiallariga bo‘lish mumkin.
Shu bilan birga, davlat universitetlari orasida ko‘p tarmoqli, ilmiy-tadqiqot va ixtisoslashtirilgan universitetlar faoliyat olib boradi. Birinchi toifadagi universitetlar turli sohalarda, xususan, gumanitar, ijtimoiy, tabiiy va aniq fanlar hamda boshqa yo‘nalishlardagi kurslarni taklif qiladi. Ikkinchi va uchinchi toifadagilar ko‘proq ilmiy-tadqiqot faoliyatiga yo‘naltirilgan va talabalarni akademik kar’eraga tayyorlaydi.
реклама
реклама
Bakalavriat to‘rt yil davom etadi. Birinchi yil Foundation Year deb nomlanadi va talabalarni universitetga tayyorlash bo‘yicha majburiy dasturni o‘z ichiga oladi, bu esa ularga mamlakatga moslashish, til ko‘nikmalarini oshirish va mahalliy ta’lim tizimini yaxshiroq tushunishga yordam beradi. Shundan so‘ng talabalar majburiy tarmoq fanlari hamda qo‘shimcha fanlarni tanlashadi va o‘rganishadi.

Magistraturada o‘qish muddati odatda muayyan kurs va fan sohasiga qarab bir yildan ikki yilgacha davom etadi. Mening universitetimda o‘quv dasturi bir yilga mo‘ljallangan bo‘lib, shundan to‘qqiz oyida talabalar universitetning o‘zida tahsil oladilar, qolgan uch oy davomida esa mahalliy yoki xorijiy kompaniyalarda amaliyot o‘taydilar. Diplom olish uchun talabalar o‘z ilmiy-tadqiqot loyihalarini tayyorlaydilar va topshiradilar.
Dengizdagi neft platformasiga jo‘nab ketish
Malayziya universitetlarida o‘quv yili ikki semestrdan iborat: yanvardan maygacha va iyundan noyabrgacha. Katta hajmdagi ma’lumotlar va tig‘iz dars jadvallari sabab o‘qish davri talabalar uchun juda qiyin kechadi. Mening mashg‘ulotlarim ertalab soat 9 da boshlanadi va kechki soat 5 da tugaydi. Tushlik uchun faqat bir soat vaqt beriladi.

Haftada to‘rt kun ma’ruzalar tinglaymiz, juma kuni esa imtihon topshiramiz. Mashg‘ulotlardan so‘ng talabalar odatda dars mavzularini o‘zlashtiradilar, qo‘shimcha adabiyotlar o‘qiydilar va testlarga tayyorgarlik ko‘radilar — testda aniq ifodalangan yozma javoblar talab etiladi. Bundan ko‘zlangan maqsad — talabalar darsda o‘tilgan materialni qay darajada o‘zlashtirganini tekshirish. Har bir semestr oxirida yakuniy imtihonlar o‘tkaziladi. Imtihondan yiqilgan taqdirda, talaba o‘qishdan chetlatilishi mumkin.
Malayziyadagi ta’lim tizimi korrupsiyaning hech qanday ko‘rinishiga o‘rin qoldirmaydi. Bu yerda hech kim bilan “kelishib” bo‘lmaydi. Misol uchun, sessiyalar davomida imtihon varaqalari siz va sizning akademik muvaffaqiyatlaringiz bilan qiziqmaydigan nazoratchi tomonidan qabul qilinadi va tekshiriladi. Bundan ko‘zlangan maqsad — barcha baholar imkon qadar holisona qo‘yilishini ta’minlash.

Guruh rahbari, yoki bu yerdagidek tyutor deb ataydigan bo‘lsak, hech kimga yordam bermaydi va bahoingizni ko‘tarib qo‘yishni so‘ramaydi. Mashg‘ulotlar paytida o‘qituvchi auditoriyani tark etgan taqdirda, birorta ham talaba ko‘chirish yoki yordam berish uchun o‘z joyidan qimirlamaydi. Qilish mumkin bo‘lgan yagona ish — barchasini o‘zingiz o‘rganish va imtihonlarni mustaqil topshirish. Agar siz o‘qishga yetarlicha vaqt va e’tibor ajratmasangiz, universitetni tamomlay olmaysiz.
Guruhdoshlar bilan
Talabalik hayoti haqida

Mening universitetim shahar chekkasida, jungli o‘rmoni orasida joylashgan, lekin Ipox shahridan unchalik uzoq emas. Bu bor diqqat-e’tiborimni o‘qishga qaratish, bo‘sh vaqtimda esa ham toza havoda, ham shaharda birdek dam olish imkonini beradi. Aksariyat talabalar dam olish kunlari talabalar avtobuslarida shaharga borishadi. Qolgan kunlari esa kundalik ehtiyojlar uchun zarur bo‘lgan hamma narsani kampusda topish mumkin. Bu yerda do‘konlar, kafelar, sport zallari, kutubxona va hatto istirohat bog‘i ham bor.

Universitet o‘z talabalariga darsdan tashqari mashg‘ulotlarning keng tanlovini taklif etadi — taekvondodan tortib, rasm chizish kurslarigacha. Uning hududida futbol stadioni, basketbol maydoni, badminton zali, tennis korti, basseyn va boshqa sport seksiyalari mavjud. Talabalar asosan jang san’atini afzal ko‘rishadi.

Talabalar darsdan bo‘sh vaqtlarida til kurslari, musiqa, raqs, adabiy-badiiy to‘garaklarga faol qatnashadi. Tashabbuskor talabalar xohlovchilar uchun munozara klublarini tashkil qilishadi. Agar siz ilgari bularning hech biri bilan shug‘ullanib ko‘rmagan bo‘lsangiz ham, universitetda o‘zingizni yangi yo‘nalishlarda sinab ko‘rish uchun ajoyib imkoniyat bo‘ladi.
Kutubxona — universitetdagi eng gavjum joy. Mashg‘ulotlar tugagandan so‘ng, barcha talabalar joy band qilishga ulgurish maqsadida kutubxonaga chopishadi. Bu yerda ular uy vazifalarini bajarishadi yoki darslardan dam olishadi.
Universitet kutubxonasi
Malayziyada talabalar universitet yotoqxonalarida yashashadi. Kampuslar erkaklar va ayollar kampuslariga ajratilgan va qattiq qo‘riqlanadi. Xonalar ikki kishiga mo‘ljallangan, umumiy oshxona va hammom mavjud. Butun hududda cheksiz internet mavjud. Men pokistonlik talaba bilan yashayman. Yotoqxona uchun oyiga 100 dollar atrofida pul to‘layman. 50 dollarga, nisbatan arzonroq variantlarni ham topish mumkin.

Vaqt va jihozlar yetishmasligi sababli oshxonada kamdan-kam ovqat tayyorlayman. Universitet oshxonasida mazali va arzon narxda ovqatlanish mumkin. To‘yimli tushlik 2−3 dollarga tushadi. Shuningdek, yotoqxonalar yonida joylashgan talabalar kafelariga ham kirish mumkin. Kundalik xarajatlar uchun kuniga o‘rtacha 10 dollar, oyiga esa 200 dollar sarf bo‘ladi.
Universitet binosida maxsus klinika mavjud bo‘lib, kechayu kunduz navbatchi shifokor topiladi. Talaba shifokor ko‘rigi uchun ID-karta yordamida onlayn ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Talabalar uchun davolanish hatto mahalliy shifoxonalarda ham bepul.
Malayziyadagi talabalik hayoti menga ingliz tili ko‘nikmalarimni yaxshilash va asosiy mutaxassisligim bo‘yicha malaka oshirish, shuningdek, dengizda burg‘ulash sohasida zarur bilimlarni egallash imkonini berdi. Qolaversa, ma’lumotlarni tahlil qilish va Python dasturlash tilini o‘zlashtirdim.

Lekin qayerda bo‘lmayin, hamisha jonajon va serquyosh O‘zbekistondan yaxshiroq joy yo‘qligini tushunaman. Hozir neft-gaz korporatsiyalarida ishga joylashish bo‘yicha muzokaralar olib borayapman. Kelajakda ona vatanimga qaytib, ERIELL Group`dagi faoliyatimni davom ettirish niyatidaman.
Petronas Texnika Universiteti
Shaxsiy tajribamdan kelib chiqib, xorijda o‘qish istagidagi barchaga ingliz tilini chuqur o‘rganishni maslahat bergan bo‘lardim, chunki universitetda siz ilmiy terminologiya, murakkab grammatik gap qurilishi va o‘qituvchilarning turli xil talaffuzlariga duch kelasiz.

O‘qishga kirish uchun tayyorgarlikni bir yoki hatto ikki yil oldin boshlashni maslahat beraman. Va eng muhimi, vaqt va imkon borida o‘qish kerak. Talabalik yillaringizni o‘yin-kulgi, ish va keraksiz mashg‘ulotlarga sarflamang. Ko‘proq o‘qing va o‘zingizni rivojlantiring. Shunday gap bor: odam talabalik yillarida qanchalik kambag‘al bo‘lsa, o‘qishni tamomlaganidan keyin shunchalik boy bo‘ladi, ya’ni barcha sa’y-harakatlaringiz karrasiga o‘zini oqlaydi. Esingizda bo‘lsin, yoshingizdan qat’i nazar, o‘zingizni sinab ko‘rish va ta’lim olish uchun hech qachon kech bo‘lmaydi.
Matnni Farzona Hamidova tayyorladi.
Rus tilidan Nazarbek Nazarov tarjimasi.
Illyustratsiya: Eldos Fozilbekov / “Gazeta.uz”.
Fotosuratlar Rustam Yunusovning shaxsiy arxividan.
“Gazeta.uz” muallifligidagi grafik materiallar, shuningdek, matnga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz”ga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashri saytiga joylashtirilgan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni

sp@gazeta.uz

elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting