Foto: Shohruh Haydarov / “Gazeta.uz”
Grozniy: Checheniston
yuragiga sayohat
Checheniston respublikasining poytaxti Grozniy — osmono‘par binolari, muhtasham masjidlari, go‘zal ko‘chalari va bog‘lariga ega shahar. Shimoliy Kavkaz mintaqasidagi ushbu hudud o‘zining notinch o‘tmishiga qaramay, boy tarixi, madaniy merosi va zamonaviy taraqqiyot uyg‘unligini namoyish etuvchi jonli shahar sifatida o‘sib bormoqda. O‘zbek meʼmori loyihalashtirgan Yevropadagi eng katta masjid, Kavkaz tog‘laridagi eng chuqur ko‘l ham ayni shu yerda.

Uzbekistan Airways aviakompaniyasi 10−14-iyul kunlari bir qator o‘zbekistonlik jurnalistlar va blogerlar uchun Grozniyga media-tur tashkil etdi. “Gazeta.uz” muxbiri Shohruh Haydarov Grozniyga sayohati chog‘ida o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan maskanlar, ovqatlar, qoidalar va baʼzi foydali maslahatlar bilan bo‘lishadi.
Grozniy turli mojaro davrlarning, jumladan, 1990-yillar va 2000-yillarning boshidagi chechen urushlarining guvohi bo‘lgan. Halokatli oqibatlardan so‘ng poytaxtni qayta qurish bo‘yicha jiddiy harakatlar amalga oshirilgan. Grozniy yirik neft va gaz markazi bo‘lib, aholisi 300 ming kishidan oshadi.

Shahar zamonaviy infratuzilma, jumladan, yangi turar joy binolari, savdo markazlari va madaniy obidalar bilan qayta qurilgan. Ushbu maqolada biz sizni Grozniyga sayohat qilishga, uning diqqatga sazovor manzillari hamda betakror tog‘ yonbag‘irlarini kashf qilishga taklif etamiz.
Grozniyga qanday borish mumkin?
Uzbekistan Airways 26-iyundan boshlab Toshkent — Grozniy — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘ydi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar haftasiga ikki marta: dushanba/seshanba va payshanba/juma kunlari (ortga qaytuvchi reyslar keyingi kunga o‘tadi) amalga oshiriladi.

Toshkentdan uchib ketish: 21:30 (Toshkent vaqti) — Grozniyga yetib kelish: 22:40 (Grozniy vaqti);
Grozniydan uchib ketish: 00:10 (Grozniy vaqti, keyingi kunga o‘tuvchi reys) — Toshkentga yetib kelish: 04:45 (Toshkent vaqti, keyingi kunga o‘tuvchi reys).

Aviachiptalar narxi Toshkent — Grozniy 1 724 000 so‘mdan boshlanadi. Toshkent — Grozniy — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha esa 2 775 000 so‘mdan boshlanadi.
реклама
реклама
Checheniston va Rossiya bayroqlari
Shahar haqida nimalarni bilish kerak?

Dastlab shahar aeroportiga kirishingiz bilan sizga 2 nusxada migratsion karta beriladi, uni to‘ldirib, pasport nazorati bo‘limiga topshirasiz, birini esa saqlab qo‘yib, qaytishingizda berishingiz kerak bo‘ladi.

  • Mamlakatda rus tili ham chechen tili kabi davlat tili hisoblanadi. Mahalliy aholi ikki tilni yaxshi biladi, shuning uchun siz tortinmasdan ular bilan muloqot qilishingiz mumkin.
  • O‘zbekiston fuqarolari uchun mamlakatga kirishda viza talab etilmaydi.
  • Shahar mo‘tadil iqlim zonasida joylashgan, harorat yoz oylarida +28…+32 daraja atrofida bo‘ladi.
  • Chechenistonda aholining asosiy qismi Islom diniga e’tiqod qiladi. Shu bois shahar bo‘ylab ochiq kiyimlarda yurish tavsiya etilmaydi — bu nafaqat ayollarga, balki erkaklarga ham tegishli.
  • Erkaklarga ayollar, bolalar va yoshi kattalar oldida chekish mumkin emas.
  • Mamlakatda rubl muomalada, AQSH dollari bilan savdo-sotiq qilish biroz mushkul.
Ha, aytgancha, Grozniyda jamoat transporti — avtobuslar, mikroavtobuslar soat 20:00 gacha ishlaydi, undan keyin taksidan foydalanish mumkin.

“Checheniston yuragi” masjidi

Ahmad Qodirov nomidagi “Checheniston yuragi” masjidi Rossiya va Yevropadagi eng yirik masjidlardan biri hisoblanadi. Uni ko‘rishingiz bilan Istanbuldagi Ayo Sofiya masjidi ko‘z oldingizdan o‘tadi. Masjid qurilishi 2006-yilning aprel oyida boshlanib, 2008-yilning oktyabr oyida nihoyasiga yetgan. U 14 gektarli bog‘ o‘rtasida, Sunja daryosi bo‘yida klassik usmonli uslubida bunyod etilgan.
Masjid oq marmarlardan qurilgan, uning 63 metrli to‘rtta minorasi bor. Markaziy zal 10 ming kishini sig‘dira oladi. U Rossiyadagi Moskva sobori masjidi va Qozondagi Qul Sharifdan keyingi uchinchi yirik masjid hisoblanadi. U chechen xalqi uchun katta ahamiyatga ega hamda ularning madaniy va diniy o‘ziga xosligining ramzi bo‘lib xizmat qiladi.

Gullar bog‘i

Gullar bog‘i (Moʻjizalar bog‘i, Sevishganlar bog‘i) Grozniy markazida Grozny city majmuasi yonida joylashgan. Bog‘ 2017 yil 17 sentyabrda Chechen ayoli kunida ochilgan. Uning maydoni 4,5 gektarni tashkil etadi. Bog‘ning nomi uning hududida ekilgan 467 ta metall konstruksiyaga o‘rnatilgan 150 ming tup gul nomi bilan bog‘liq.
реклама
реклама
Bu yerda gullardan tashqari 18 ming tup buta va 500 dan ortiq daraxt (qayin, chinor) o‘sadi. Ularni parvarishlash uchun zamonaviy sug‘orish tizimi qo‘llanadi. Bog‘da 18 metr balandlikdagi milliy minoralar bilan bezatilgan favvora, kafe, bolalar maydonchasi ham mavjud.

Bog‘ aholi uchun dam oladigan, kechki payt hordiq chiqaradigan, do‘stlar va yaqinlar bilan sayr qiladigan shahar markazidagi ajoyib maskanlardan biri.
Shahar panoramasini tomosha qilish uchun esa Gullar bog‘idan biroz yurib, 30 qavatli osmono‘par biznes markazi tomida joylashgan tomoshagohga chiqish kerak. Kuzatuv maydonchasi ikki qavatdan iborat.

U yerdan butun Grozniyni (prezident Ramzan Qodirovning qo‘riqlanadigan rezidensiyasi joylashgan hudud bundan mustasno) ko‘rish mumkin. Bir qarashda butun poytaxtni ko‘rish imkonini beruvchi hudud mahalliy va xorijiy sayyohlar bilan to‘lib-toshgan.

Maydon, shuningdek, vertolyot maydonchasi sifatida ham ishlatiladi.
Esambayev bulvari
Bulvar Grozniyning markaziy ko‘chalaridan biri. Unga taniqli balet va sahna raqqosi, xoreograf, baletmeyster, jamoat arbobi Mahmud Esambayev nomi berilgan. 2018-yilda qayta ta’mirlangan ko‘cha poytaxtning markaziy maydonidan Chechen drama teatri binosigacha cho‘ziladi.

Bulvar bo‘ylab qator restoranlar va savdo do‘konlariga kirib o‘tish mumkin. Bir-biridan ajralib turadigan uslub va rang-baranglikda qurilgan binolar kishiga xush kayfiyat bag‘ishlaydi.
Xoy tarixiy-me’moriy majmuasi

Shahardan 100 km uzoqlashib, Kavkaz tog‘lari orasida joylashgan Xoy tarixiy-me’moriy majmuasiga borish mumkin. Manzilda ilgari jangchilar va ularning oilalari istiqomat qilgan, shuning uchun uni jangchilar qishlog‘i deb ham atashadi. Qishloq xavf tug‘ilganda hududlarni himoya qilish uchun tuman bo‘ylab jangovar otryadlarni jo‘natgan.
Qishloqda 200 ga yaqin turar joy, ikkita jangovar va to‘rtta yarim jangovar minora bo‘lgan. Butun tarixiy majmua restavrasiyadan so‘ng iloji boricha asliga yaqinroq ko‘rinishga qaytarilgan. Bu yerda chechenlarning uzoq davrlardagi hayotiga sho‘ng‘ishingiz, ularning ruslar bilan qadimiy aloqalari haqida bilib olishingiz mumkin.

Hozirgi kunda majmuada madaniy tadbirlarni tomosha qilish, tabiatdan ilhom olayotgan rassomlarni uchratish mumkin. Tog‘lar orasida joylashgan ushbu manzil ijodkorlar uchun ilhom manbaidir.
Kezenoyam ko‘li
Xoy qishlog‘i yaqinida Kavkaz tog‘lari orasidagi eng chuqur — Kezenoyam ko‘li joylashgan. Dengiz sathidan 1854 metr balandlikdagi moviy ko‘l havzasining maydoni 38,8 km kvadratni tashkil etadi. Uning suv sathi yog‘ingarchilik miqdoriga qarab yil davomida o‘zgarib turadi.
Ko‘ldagi suv sovuq, yozda sirtdagi harorat +17...+18 darajadan oshmaydi. Pastki qatlamlarda harorat taxminan +7...+8 darajani tashkil qiladi. Qishda ko‘l muzlaydi, uning qalinligi ba’zi yillarda 70−80 santimetrga yetadi.

Ko‘l yoqasida 58 xonali mehmonxona, 40 kishiga mo‘ljallangan kottejlar, restoran, hammom, sport maydonchalari va qayiq stansiyasidan iborat sayyohlik va rekreasion klaster qurilgan.

U yerda cho‘milish taqiqlanadi, biroq siz oyoq kiyimingizni qo‘lga olib, ko‘l yoqalab yalangoyoq yurish, salqinlikni his qilish imkoniyatiga egasiz.
“Ona yuragi” masjidi
Ayman Qodirova (birinchi prezident Ahmad Qodirovning rafiqasi, Ramzan Qodirovning onasi) nomidagi “Ona yuragi” masjidi Chechenistonning Argun shahrida qad rostlagan. U 2014 yilning 16 mayida ochilgan.

Bino turkiyalik mutaxassislar tomonidan loyihalashtirilgan va turk me’mori Deniz Baykan loyihasi bo‘yicha Rossiyadagi ultra zamonaviy shaklda qurilgan birinchi masjid hisoblanadi. Kun davomida ob-havoga qarab masjid tom qismi o‘z ranglarini och kulrangdan firuzagacha o‘zgartirib turadi.

Masjidga kirish eshigi oldida Islom ramzi — yulduzli yarim oy o‘rnatilgan. Ayman Qodirova nomidagi masjid to‘rt qavatdan iborat bo‘lib, ulardan uchtasi oval gumbaz ostida erkaklar uchun mo‘ljallangan. Masjidning yuqori qavati ayollar uchun ajratilgan va alohida kirish eshigi bor.

Bino yaqinida bog‘ ham bo‘lib, u yerdagi mini ko‘lda dengiz toshbaqalari, baliqlar suzib yuradi.
“Musulmonlar iftixori” masjidi

Muhammad (s.a.v.) nomidagi “Musulmonlar iftixori” masjidi Shali shahri markazida qurilgan bo‘lib, u o‘z ichiga 30 ming kishini, yon-atrofi bilan 70 ming kishini sig‘dira oladi va shuning uchun ham Yevropadagi eng katta masjid hisoblanadi.
Loyiha muallifi o‘zbek me’mori Abduqahhor Turdiyev bo‘lib, u Toshkentdagi Hazrati Imom majmuasi loyihachilaridan biri ham bo‘lgan.
“Musulmonlar iftixori” masjidi
Shuning uchun ham masjidni ko‘rishingiz, unga kirishingiz bilan Toshkentdagi masjidlarda yurgandek bo‘lasiz. Binoning tashqi va ichki tomoni oq rangdagi toshlar, o‘zbekona uslubdagi ornament va naqshlar bilan bezatilgan, sharqona bezaklar bilan uyg‘unlashib ketgan. Uning qiyofasi qadimiy Buxoro va Samarqand masjidlari uslubiga o‘xshash.
U 2019-yil 23-avgustda respublikaning birinchi prezidenti Axmat-Xoji Qodirovning tavallud kuni munosabati bilan ochilgan. Masjid atrofidagi 5 gektar maydonda 12 favvoradan iborat park maydoni mavjud. Bu yerda 2000 tupga yaqin daraxt, ko‘plab atirgul ko‘chatlari ekilgan.

Masjidning kirish eshigi fors ayvonlari uslubida yasalgan bo‘lib, Mir Arab madrasasi, Toj Mahal va boshqa inshootlar kabi temuriylar va mo‘g‘ullar arklarini eslatadi. Uni har birining balandligi 63 metrli to‘rt minora o‘rab turadi.
Nixaloy sharsharalari

Chanti-Argun daryosining o‘ng irmog‘ida Nixaloy qishlog‘i yaqinida joylashgan va bir nechta sharsharalardan iborat.
Ulardan eng kichigining balandligi 2 metr, eng balandi esa 32 metrni tashkil etadi. Eng balandi tomon zinapoyalar orqali chiqib borish mumkin.

Sharsharalar yaqinida yog‘och kottejlar, yozgi maydonlar, restoran, sport zali, mehmonxona, mini futbol maydonchasi, tennis kortlaridan iborat majmua joylashgan. U 200 nafargacha sayyohni qabul qila oladi.

реклама
реклама

Jismoniy va reabilitatsion tibbiyot innovatsiya markazi


Argun shahridagi Jismoniy va reabilitasion tibbiyot innovasiya markazi 100 o‘ringa mo‘ljallangan, kunduzi 130 kishiga xizmat ko‘rsata oladi. Muassasada jarrohlik amaliyotidan so‘ng tibbiy yordamga muhtoj bo‘lganlar, shuningdek, nogironligi bor insonlarga reabilitasiya va tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi. Termoterapiya, magnetoterapiya, massaj, fizioterapiya xonalari shular jumlasidandir.
Markaz ma’muriy bino, yotoqxonalar, oshxona, ijtimoiy va tibbiy reabilitasiya bo‘limi, sport zali, ochiq va yopiq suzish havzalari, madaniy-ko‘ngilochar maydon, masjid va dam olish maskanlaridan iborat. Ushbu markaz orqali mamlakat tibbiyot turizmini rivojantirish maqsad qilingan.
Chechen milliy taomlari

Chechen oshxonasining asosini go‘sht, sarimsoqpiyoz, pishloq, qovoq, tvorog, makkajo‘xori kabilardan tayyorlangan taomlar tashkil qiladi.
Xamirli taomlar ham ushbu xalq taomnomasidan yetarlicha joy olgan. Ulardan biri esa jijig-galnash. Chechen tilida “jijig” so‘zi “go‘sht”, “galnash” — «chuchvara” degan ma’noni anglatadi. U suyakli tovuq, qo‘zichoq yoki mol go‘shtidan tayyorlanadi.

Go‘sht katta bo‘laklarga bo‘linib, tuz qo‘shilgan holda qaynatiladi, uning yoniga bug‘doy yoki makkajo‘xori unidan tayyorlangan tabiiy makaron solinadi. Ovqat dasturxonga oddiy sho‘rva va sarimsoqpiyozli sho‘rva bilan birga tortiladi.

Yana bir milliy taom — xingalsh, chepalgash. U ichida tvorog yoki qovoq solingan xamirli yegulik. Pechda pishirilgan xingalsh ustiga eritilgan sariyog‘ surtiladi. Ko‘pchilikka uning qovoqlisi manzur bo‘lishi ehtimoli yuqori.
Press-tur yakunida Uzbekistan Airways kompaniyasi va Checheniston Turizm vazirligi vakillari hamda mamlakatdagi bir qator tur agentlik rahbarlari ishtirokida muloqot tashkil etildi. Tadbirda kompaniya vakillari tomonidan O‘zbekistonning turizm salohiyati, shaharlari va sayyohlik yo‘nalishlari borasida ma’lumotlar berildi, filmlar namoyishi o‘tkazildi.

Agentliklar Toshkent, Buxoro, Samarqand shaharlariga e’tibor qaratdi, sayyohlar uchun qanday sharoit yaratilgani, yo‘lga qo‘yilgan aviaqatnovlar narxi bilan qiziqdi.
Materialni Shohruh Haydarov tayyorladi.
Fotosuratlar muallifi: Shohruh Haydarov/ «Газета.uz».

«Газета.uz» muallifligidagi grafik materiallar, shuningdek, matnga bo‘lgan huquqlar «Газета.uz»ga tegishli. «Газета.uz» internet-nashri saytiga joylashtirilgan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting