Pulning “ta’mi” dizayn bilan
Yangi so‘mlarning nimasi yomon va o‘zi chiroyli pullar qanday bo‘ladi?
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘zbek so‘mining yangi banknotlari uchun tanlangan va unchalik ham muvaffaqiyatli chiqmagan dizayn ustidan ancha-muncha e’tiroz bildirdi. Ranglarning o‘xshashligi va nollarning yopishib ketgani bois odamlar har xil qiymatdagi pullarni adashtirib yuboryapti. Dizayner Azamat Shamuzafarov pulda dizayn nima uchun muhimligi, tarixan bu masala qanday shakllangani va yangi so‘mlarning kamchiliklari haqida hikoya qiladi.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘zbek so‘mining yangi banknotlari uchun tanlangan va unchalik ham muvaffaqiyatli chiqmagan dizayn ustidan ancha-muncha e’tiroz bildirdi. Ranglarning o‘xshashligi va nollarning yopishib ketgani bois odamlar har xil qiymatdagi pullarni adashtirib yuboryapti. Dizayner Azamat Shamuzafarov pulda dizayn nima uchun muhimligi, tarixan bu masala qanday shakllangani va yangi so‘mlarning kamchiliklari haqida hikoya qiladi.
O‘zbek so‘mining yangi banknotlari iste’molchilar uchun pul bilan bog‘liq yangi tashvishga aylandi. Turli qiymatdagi so‘mlarning tashqi ko‘rinishidan bir-biriga juda o‘xshash ekani ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Orasida bo‘shliq (probel) qoldirilmagan nollar va banknotlar ranglarining o‘xshashligi ortidan, masalan, 20 ming so‘m o‘rniga 200 ming so‘m to‘lab yuborganlar kam emas. Bundan boshqa banknotlarda ham shu kabi muammolar bor.

Yangi so‘mlarning dizaynerlari qanday xatolikka yo‘l qo‘yganini tushunish uchun turli mamlakatlarning qog‘oz pullari avvallari qanaqa ediyu, hozir qanday ko‘rinishda — shuni bir ko‘rib chiqsak.

Qog‘oz pullarning juda qisqa tarixi

Metall o‘rniga qog‘oz puldan foydalanish VII asrda Xitoyda boshlangan. O‘shanda qog‘oz pul tilxat vazifasini bajargan: fuqaro bir shaharda bir kilo tangani topshirib, evaziga tilxat olishi, so‘ng boshqa shaharga oson va xavfsiz yetib olib, u yerda boyagi tilxat asosida bir kilo pulini qaytarib olishi mumkin. Tilxat maqomidagi qog‘oz pullar Yevropada oradan ming yil o‘tibgina paydo bo‘ldi.
XI asrga mansub Xitoy banknoti. Manba.
Shvetsiyaning 1666-yilgi banknoti. Manba.
Yevropaning ilk kupyuralaridagi imzolar, muhrlar va ramziy naqshlar pulni qalbakilashtirishdan himoya qiluvchi unsurlar hisoblanardi. Qalbaki pullar sezilarli ko‘paygach, banklar pullarni kalligraf (xattot)larga chizdira boshladi — ular buyurtmachi talabi asosida qog‘oz pulga venzellar chizib berishi kerak edi.

Chop etish, bosma texnologiyalari rivojlanishi ortidan XIX asr o‘rtalarida kupyuralarda gilyosh — biri-biriga qorishib ketgan chiziqlardan tashkil topgan murakkab naqshlar paydo bo‘ldi, bunday naqshinkor chiziqlarni original bosmasiz takrorlash ancha mushkul edi.
1862-yilgi dollardagi gilyoshlar. Manba.
Bunday naqshlar ancha vaqtgacha pullarni qalbakilashtirishdan asrashda qo‘l keldi. Shu bois ham dunyo bo‘ylab naqshlari murakkab, shu bilan birga nazokat bilan chizilgan qog‘oz pullar ommalashib ketgan.
Rossiyaning 1892-yilgi rublidagi gilyoshlar. Manba.
Zamonaviy qog‘oz pullar sharhi
Gilyoshning jimjimadorligi juda qimmat to‘yxonaning bezatilishiga o‘xshab ketadi, shu bois vaqt o‘tishi bilan bunday dizayn ma’nan eskirdi, boz ustiga texnologiyalar jadal rivojlanishi ortidan endi gilyoshli pullarni ham qalbakilashtirish imkoni paydo bo‘lgandi.

Pulni qalbakilashtirishdan himoyalash yo‘llari o‘zgara boshladi. Bugungi kunda bu borada polimer pullar ayniqsa ishonchli hisoblanadi. Hozirda 55 ta mamlakat o‘z pullarini shunday ko‘rinishda chiqaradi. Aksariyati bir-ikki banknotlarinigina polimerga o‘tkazgan, ammo Avstraliya, Vyetnam, Ruminiya va yana boshqa bir qator mamlakatlar barcha nominaldagi kupyuralari polimerda.
Bunday pullar plastik matoga o‘xshaydi. Ularni yirtish qiyin, ancha vaqtgacha eskirmaydi, ishlab chiqarish nisbatan oson, lekin tayyorlanishi shu qadar qimmatki, bunday pullarni inflyatsiya darajasi past valyutalar uchun chiqargan afzaldir.
реклама
реклама
Gilyoshlardan voz kechilishi munosabati bilan qog‘ozda bo‘sh joy ko‘paydi. Bu joylarni davlat uchun ahamiyatga ega narsalarning suratlari bilan to‘ldirishga qaror qilindi. Bunda asosan foydalaniladigan syujetlarni bir necha turkumga ajratish mumkin: odamlar va jonivorlar, yutuqlar va voqealar, arxitektura va nomoddiy boyliklar.

So‘mlar dizayni

So‘m-kuponlar
O‘zbekistonning ilk pullari 1993-yili so‘m-kupon ko‘rinishida muomalaga kiritilgan. Ular “normal” pullar chop etilguniga qadar foydalanilgan vaqtinchalik bir vosita edi, shu bois ularga ko‘p e’tibor qaratib o‘tirmaymiz.

Faqat ranglar gammasi bo‘yicha so‘m-kuponlar bir-biridan keskin farqlanganini qayd etib o‘tish joiz. 10 minglik banknotda oxirgi uchta nolni guruhlashtirib qo‘yish qarori ham qiziq ko‘rinadi.
So‘mlar
1994-yil 1-iyul kuni haqiqiy pullar muomalaga chiqarildi. O‘shanda dizaynerlar yanada yaxshiroq ishlasa bo‘lardi, ammo shunda ham dastlabki so‘mlar bizning hozirgi, zamonaviy pullarimizdan-da ko‘proq ustunliklarga ega edi. Kichik, o‘rta va yirik qiymatdagi banknotlar bir-biridan o‘lchamlari bilan farq qilardi. Bu yaxshi qaror ularni adashtirib yubormaslik va ayrim pullarni qaramasdan, qo‘l bilan ushlab, his qilib ham farqlash imkonini berardi.
Dizayn konsepsiyasi tushunarli edi: old tomonda uch tabaqali format, orqa tarafda esa otkritkasifat manzara. 1997-yilgacha barcha banknotlarning old tomoniga me’moriy kompozitsiyalar joylashtirilardi, ammo 1997-yili konsepsiya buzilib, avvaliga 200 so‘mlikda yo‘lbars, so‘ng — 1999-yili — 500 so‘mlikda Amir Temur haykali paydo bo‘ldi.
реклама
реклама
Davlat gerbi 1000, 5000, 10 000 va 50 000 so‘mlik banknotlarning markaziy elementiga aylandi. Ularning orqa tarafi esa, aftidan, bizning buyukligimizni namoyon etishi kerak bo‘lgan bir-biriga o‘xshash ustunli binolarning suratlaridan iborat edi.
Pulda markaziy element sifatida gerbdan foydalanish — yaxshi dizaynerlik yechimi emas. Gerbda mayda detallar shu qadar ko‘pki, kichikroq masshtabda u ichi doiralarga to‘la bir doiraga aylanib qoladi. Ha, u e’tiborni o‘zigaqarata oladi, lekin ko‘proq qora tuynukdek ko‘rinadi. Nollari yopishib ketgani va dizaynerlarning boshqa o‘xshamagan yechimlariga qaramay, bu pullar rangi bo‘yicha bir-biridan sezilarli farq qilardi.

2019-yili 100 000 so‘mlik banknot chiqarildi. U, ehtimol, eng qiziq kupyura bo‘lsa kerak. Xuddi Villi Vonkaning oltin chiptasiga o‘xshagani bois uni boshqa banknotlardan oson ajratib olish mumkin. Aynan shu kupyuradan boshlab pullarimiz “ramka”siz chiqa boshladi, shu sababli undagi obyektlar nisbatan erkinroq “nafas oladi”. Bu banknot o‘z yo‘nalishida takrorlanmas, qiyosi yo‘q, chunki keyingi, yangi so‘mlarda boshqacha konsepsiyadan foydalanilgan.
Yangi so‘mlar
2021-yili 2000, 5000, 10 000, 20 000, 50 000 va 100 000 so‘mlik, 2022-yili esa 200 000 so‘mlik baxtsiz yangi banknotlar muomalaga chiqarildi. Ularning dizaynida bir juftgina yaxshi yechim bor — shularning sharofati bilan pulga qaraging keladi.
Muvaffaqiyatli yechimlar
Ikat dekorativ va himoya elementi sifatida
Ikatning ko‘rinishi original, teksturasi yetarli darajada murakkab, tasviri ko‘pchilikka tanish va dunyoning sanoqli mamlakatlaridagina ishlatiladi. Undan puldan foydalanish g‘oyasini yanada rivojlantirish mumkin edi, axir u hatto dunyo miqyosida ham original yechim.

Barcha kupyuralarda ikat faqat tusiga ko‘ra farq qiladi, faqat 20 000 so‘mlikda uning o‘rniga birdan qoraqalpoq yozuvi joylashtirilgan (to‘g‘ri, kupyuraning orqa tarafidagi ikat baribir saqlab qolingan).
“Spark layv”
Ushbu himoya elementi 50 000 va undan katta qiymatdagi banknotlarda ishlatilgan. U darhol e’tiborni tortadi, chunki kontrastli va o‘ziga xos jilolanadi. Bunday element uchta: qush, ijtimoiy tarmoqlarda “Betmenning logotipi” deya ta’riflangan qandaydir milliy naqsh va ko‘pchilikka ma’qul kelgan anor.
O‘xshamagan yechimlar
Banknotlar o‘lchami
Yangi banknotlarning o‘lchami bankomatlar uchun sezilarli, ammo inson ko‘zi va qo‘li uchun emas. Pulning eni o‘zgarmaydi, ammo uzunligi 5 millimetrdan o‘zgarib boradi.
Dizayn konsepsiyasi
Yangi pullarni bir umumiy mavzu — Buyuk Ipak yo‘li bog‘lab turadi. Ammo vizual jihatdan kupyuralar bizga eski binolar va singan idishlar haqidagina ma’lumot beradi, xolos.
O‘xshash ranglar
Bu yangi pullarning eng asosiy muammosi bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlardagi foydalanuvchilar ham asosan shundan norozi edi. 10, 20 va 50 ming so‘mlik banknotlar ko‘k-binafsharang gammada ishlangan bo‘lib, tuslanishi bir-biriga yaqin. Bu holat esa ularni adashtirib yuborishga sabab bo‘lmoqda.
O‘xshash suratlar
O‘zbekiston pullarida hech qachon portretlar bo‘lmagan. Jahonda ko‘p qo‘llaniladigan, ammo majburiy hisoblanmagan ushbu amaliyot o‘z Navoiy va Beruniylarining qiyofasi qanday chizgilarga ega bo‘lgani haqida batafsil hikoya qila oladigan va ularning birini boshqasi bilan adashtirib yubormaydigan mamlakatlarga xos.

Iqtisodiyoti zaif, ammo tabiati chiroyli mamlakatlarning kupyuralarida ko‘pincha jonivorlar aks ettiriladi. Bizda namoyish etgulik bunday narsalar yo‘q, shu bois pullarimizning orqa tomoniga ko‘rinishidan unchalik ham e’tiborga molik bo‘lmagan, bir-biriga o‘xshash siniq tuvaklarning suratlarini joylashtirib chiqqanmiz.
реклама
реклама
Idishlar qandaydir qal’alar fonida tasvirlangan bo‘lib, bu qal’alar shu qadar uzoqdaki, u yerga bir yarim kishi yetib borganmi-yo‘qmi, noma’lum. Qal’alarni ham ham bir-biridan farqlay olmaysan.

Pullarning old tomoniga minorali, ustunli va arkali bir xil binolarni joylashtirganmiz. Ko‘kaldosh madrasasi bilan Sherdor madrasasi qanday ko‘rinishida ekanini biladigan va ularni bir-biridan ajrata oladigan odamlar qancha o‘zi?
Nominalda bo‘shliq (probel)ning yo‘qligi
Mingni bildirish uchun sonlar orasida bo‘shliq qoldirish — ishlab chiqarishda hech narsa talab qilmaydigan, ammo pul qiymatidagi nollarni sanashni osonlashtirib, uni boshqa banknotlar adashtirib yubormaslikka imkon beradigan oddiy bir narsa. Orasida bo‘shlig‘i bor 100 000 shunday bo‘shlig‘i yo‘q 100000 dan ko‘ra tushunarliroq.

Jahon amaliyotida ham probelga ehtiyojmand banknotlar kam emas, borlikka bor. Lekin bu faqat va faqat dizaynerlarning noprofessionalligidan darak beradi, xolos. Bunday ish qilgan dizaynerning ish haqini bitta noli yo‘q va probeli ham yo‘q pul bilan to‘lash mumkin.
Bepul shrift
So‘m dizaynini ishlab chiqishayotganda hatto shrift masalasida ham ziqnalik qilishgan. Yangi bir shrift o‘ylab topilmagan yoki biror pulli shriftni sotib olishga urinib ham ko‘rilmagan. Dizaynerlar tinchgina bepul ikki shrift — “Arial” va “Miriad Pro”dan foydalanib qo‘ya qolgan.

Bu shriftlarning birinchisi bilan men “Vord”da mana shu maqolani yozdim, ikkinchisi esa Adobe kompaniyasining eng ommabop mahsulotlarida keng qo‘llanilgani sababli mashhur. Aftidan, bu shriftlarni ular neytral xarakterda bo‘lgani, u hammaga, xususan, uyoqdagilarga ️☝️ ham yoqqani uchun tanlagan bo‘lishsa kerak. Boz ustiga — tekin ham.

Yangi O‘zbekistonga — yana bir yangi so‘m

Bizda ko‘rinishidan zamonaviy yangi va qiziqarli pullar chiqarish imkoniyati bor edi. Garchi nimadir “Markaziy bank hali bu so‘mlarning dizaynini yangilagisi kelib qoladi”, deb shipshitayotgandek bo‘lsa-da, hozircha shu boridan boshqasi yo‘q. Keling, aynan qanday dizayndagi pullar zamonaviy hisoblanishini ko‘rib chiqsak.
Noan’anaviy
Avvalo an’anaviy “pul ko‘rinishi”dan qochish maqsadga muvofiqdir: ko‘plab mayda detal va elementlarni olib tashlash, dizaynning markaziy, muhim elementi sifatida foydalanilayotgan portretlar va me’moriy obidalarni minimalistikroq yechimlar bilan aks ettirib, yengillashtirish kerak.
Kontrastli
So‘mlar dizaynida har bir banknot uchun faqat bitta rang va uning tuslaridan foydalanilgan, shu bois ular “Monopoliya” o‘yinidagi pullarni eslatib yuboradi. Agar nisbatan to‘qroq ranglar va kontrast uslubidan foydalanilsa, “pardoz-andoz” borasida pulimiz faqat yutgan bo‘lardi.
Futuristik
Norvegiyaning 2017-yilgi kronalarini, ta’bir joiz bo‘lsa, eng radikal dizaynga ega kupyuralar deb aytish mumkin. Orqa tomonida ustiga mayda naqsh solingan rangli to‘rtburchaklardan foydalanilgan. Bunda piksellar quruqlik va dengiz o‘rtasidagi chegara yuvilib, qorishib ketganini anglatadi.
Qiziqarli usulda chizilgan tushunarli suratli
Yangi so‘mlarda barcha markaziy elementlar metall o‘ymakorligini eslatuvchi uslubda ishlangan. Bu uslub banknotlarni bir-biriga yanada o‘xshash qilib qo‘yadi. Rassomlik san’ati va grafikada pullarda o‘rinli ko‘rinishi mumkin bo‘lgan talay boshqa usullar ham bor. Masalan, Fransiyaning Tinch okeani franklarida himoya vazifasidagi murakkab naqshlardan foydalanilmagani holda, an’anaviy uslubdagi ajoyib suratlar aks ettirilgan.
Yangi so‘mlardagi suratlar shunday xilma-xil qilish va tasvirlash kerakki, pulni “kiyimi”ga qarab ham farqlash mumkin bo‘lsin. Bitta mashhur minora osh bilan somsa hamda Toshkent teleminorasining orasida yo‘qolib qolmaydi. Ayniqsa, metall o‘ymakorligi bilan birga o‘zbek miniatyura san’atidan ham foydalaniladigan bo‘lsa.
Original shriftli
Pul birligining shrifti dizayni — butun banknot dizaynidagi eng muhim narsalardan biri, chunki u pulning qiymatini bildiruvchi asosiy elementdir. Shu bois nominal raqami yaxshi ko‘rinishi va to‘g‘ri o‘qilishi muhim ahamiyatga ega. Bu masalani hal qilishga yordam beradigan ko‘plab dizaynerlik yechimlari bor. Ammo funksional yuklamadan tashqari dizaynda estetik talablar ham mavjud, shuni ham unutmaslik kerak.

Fikri ojizimcha, Avstraliya banknotlari — dunyodagi eng yaxshilaridan biri. Uning shrifti dizayni qanday ekanini bir ko‘ring-a!
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

Matnni Azamat Shamuzafarov tayyorladi.

Materiallarga bo‘lgan barcha huquqlar muallif va “Gazeta.uz” nashriga tegishli.

“Gazeta.uz” va uchinchi shaxslarga tegishli bo‘lgan va www.gazeta.uz saytiga joylashtirilgan foto-, grafik va boshqa turdagi materiallardan har qanday ko‘rinishda foydalanish taqiqlanadi.


Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting