First Republic Bank bankida rahbarlik lavozimlarida ishlagan Hafize Erkan Turkiya Markaziy bankining yangi rahbari etib tayinlandi. Hafize Erkan bu lavozimdagi birinchi ayol rahbar bo‘ldi deb xabar berdi Anadolu agentligi.

Erkan mamlakat Markaziy bankiga 2019-yildan beri rahbar etib tayinlagan beshinchi odam hisoblanadi. Financial Times nashrining yozishicha, AQSh sobiq bankirining Turkiya Markaziy banki rahbari etib tayinlanishi yashash narxini inqiroz darajasiga olib kelgan va lira kursini rekord darajada pasaytirgan noan’anaviy siyosat o‘zgarganining so‘nggi belgisi hisoblanadi.

Hafize Erkan Erdog‘anning buyrug‘i bilan foiz stavkalarini keskin pasaytirgan Shahap Kavjio‘g‘lining o‘rnini egallaydi. Kavjio‘g‘lining o‘zi esa Turkiyaning Banklar faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish agentligi rahbari bo‘ladi.

Shahap Kavjio‘g‘lining Markaziy bank raisi sifatidagi faoliyati davomida mamlakatda lira kursining qulashi va inflyatsiyaning 85 foizdan oshib ketishi kuzatilgan.

Ma’lumot o‘rnida, Hafize Erkan Turkiyaning Bog‘ozichi universitetini tamomlagan, keyinchalik AQShning Prinston universitetida o‘qishini davom ettirgan. Erkan o‘zining professional faoliyatini Goldman Sachs’da boshlagan, keyinchalik First Republic Bank bankiga o‘tgan va u yerda vitse-prezident lavozimida ishlagan.