Human Rights Watch (HRW) xalqaro inson huquqlari tashkiloti 2022-yil iyulida Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar bo‘yicha jinoiy ish bo‘yicha 16 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Dauletmurat Tajimuratovni ozod qilishga chaqirdi.

Birinchi instansiya sudi Tajimuratovni yanvar oyida bir qancha ayblar, jumladan, hokimiyatni ag‘darib tashlash yoki hokimiyatni qo‘lga olish maqsadida fitna uyushtirish bo‘yicha aybdor deb topdi. Apellyatsiya sudi iyun oyi boshida uning hukmini o‘z kuchida qoldirdi. Tajimuratovning advokati Sergey Mayorov apellyatsiya sudi qarorini “adolatsiz” va “noqonuniy” deb atadi.

HRW Tajimuratovning iyuldagi tartibsizliklar bo‘yicha “inson huquqlari yuzasidan xalqaro qonunchilikka ko‘ra jinoiy deb kvalifikatsiyalanishi mumkin bo‘lgan” bayonotlari haqida ma’lumotga ega emasligini bildirdi.

“Siyosiy pozitsiyani ifodalash va tinch namoyishlarga chaqirish ushbu normalar bilan himoyalangan bayonotlar qatoriga kiradi”, — deyiladi unda.

HRW, shuningdek, “sudning pushaymonligini bildirgan mahkumlar bilan bir paytda aybsizligini ta’kidlab, o‘zini faol himoya qilgan Tajimuratovga bo‘lgan munosabatidagi farq”qa to‘xtalib o‘tgan. “Gazeta.uz” apellyatsiya shikoyati bergan boshqa barcha mahkumga ozodlikni cheklash yoki muddatlarni qisqartirish kabi yengillik berilgani haqida yozgandi.

Tashkilotga ko‘ra, Tajimuratov ustidan o‘tkazilgan sud jarayoni “odil sudlov standartlariga javob bermagan”. HRW Tajimuratovning hukmi sud-tibbiyot ekspertizasi xulosalari va guvohlar ko‘rsatmalariga asoslanib, apellyatsiya sudida Sergey Mayorov tomonidan “ishonchli tarzda e’tiroz bildirilganini” ta’kidladi.

“Hokimiyat ham Tajimuratov hibsga olinganidan keyin uning qiynoqlar haqidagi da’volarini samarali tekshirib chiqmadi”, — deyiladi HRW xabarida.