Farg‘ona shahrida faoliyat yurituvchi turistik firma xodimi 2 fuqaroni Haj ziyoratiga yuborish evaziga 20 ming dollar talab qilib, shundan 10 ming dollar olganda ushlangani ma’lum qilindi.

Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Jarayonda Farg‘ona shahrida faoliyat yurituvchi turistik firma xodimi Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1987-yilda tug‘ilgan fuqaro va uning o‘g‘lini 20 ming dollari evaziga Saudiya Arabistoniga Haj ziyoratiga yuborishni va’da qilib, bu summadan 10 ming dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Surishtiruv harakatlari davomida u ushbu pul mablag‘ini turistik firma rahbarining ko‘rsatmasi asosida olgani ma’lum bo‘ldi, deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.