O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 8−9-iyun kunlari Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan Ostona xalqaro forumida nutq so‘zlab, keyingi yillarda Markaziy Osiyoda yangi hamkorlik bosqichiga o‘tilganini ta’kidladi va uni rivojlantirish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi. Bu haqda “Kazinform” xabar berdi.

“Hozir biz iqlim o‘zgarishi, suv va tabiiy resurslarning yetishmasligi, pandemiyaning ijtimoiy-iqtisodiy ta’siri va energiya inqirozi kabi muammolarga duch kelmoqdamiz. Bu omillar barqaror rivojlanishga jiddiy tahdid solmoqda. Bu masalalar ham og‘ir ahvolga tushib qolgan jahon iqtisodiyotining rivojlanishiga to‘siq bo‘lmoqda”, — dedi Abdulla Aripov.

абдuлла арипов, Ostona xalqaro форuми, Orol muammosi

O‘zbekiston bosh vaziri, bundan tashqari, yuklarni tashish uchun ilgari mavjud bo‘lgan yo‘nalishlarda ham o‘zgarishlar mavjudligi, hozirgi bosqichda hamkorlikda ishlash va konstruktiv muloqot o‘rnatish hamma uchun muhimligini ta’kidladi. Shu o‘rinda hamkorlikning yorqin namunasi sifatida Markaziy Osiyo mamlakatlarini misol qilib keltirdi.

Uning fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari tomonidan taklif etilayotgan tizimli siyosiy yechimlar mavjud muammolarni o‘z vaqtida hal etishga xizmat qilmoqda.

“So‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda butunlay boshqacha va yangi hamkorlik rivojlandi. Bu, o‘z navbatida, mintaqadagi eng murakkab muammolarni hal qiladi”, — dedi u.

O‘zbekiston bosh vaziri Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi bir necha barobar ortgani va avvalgi ko‘rsatkichlardan oshishiga yaqin qolganini bildirdi.

абдuлла арипов, Ostona xalqaro форuми, Orol muammosi

Aripov, shuningdek, xorijiy investorlarni Orol dengizining ekologik muammolariga e’tibor qaratishga chaqirdi.

“Ushbu platformadan foydalanib, xalqaro hamkorlar va investorlar e’tiborini Markaziy Osiyodagi ekologik muammolarga qaratmoqchiman. Shu nuqtai nazardan, Orol halokati oqibatlariga e’tibor qaratish zarur. Shuningdek, dunyoning boshqa davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmini kengaytirishga qaratilgan Markaziy Osiyo davlatlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari ham kun tartibidan o‘rin olgan. Bundan tashqari, investorlar bilan birgalikda biz qishloq xo‘jaligi va transport-logistika sohalarini rivojlantirishdan manfaatdormiz”, — dedi Abdulla Aripov Ostona xalqaro forumida so‘zlagan nutqida.

Uning qayd etishicha, O‘zbekiston 2030-yilgacha aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar toifasiga kirishga intilmoqda. Shu maqsadda Markaziy Osiyo davlatlari bilan birgalikda tovar ayirboshlash hajmini oshirish, mintaqada mavjud foydali qazilmalar zaxiralaridan samarali foydalanish mexanizmlari ishlab chiqiladi.

Forum doirasida Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev ham Orolni qutqarish masalasiga e’tibor qaratdi.

“Mintaqamizning ikkita yirik daryosi — Sirdaryo va Amudaryodagi suv sathi 2050-yilga borib qariyb 15 foizga kamayadi. Mintaqada ekologik halokatning oldini olish maqsadida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasini qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘proq mablag‘ ajratishga chaqiramiz”, — dedi prezident.

абдuлла арипов, Ostona xalqaro форuми, Orol muammosi

Uning ta’kidlashicha, suv muammosi va iqlim o‘zgarishi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Markaziy Osiyo mintaqasi suv xavfsizligiga “faqat yaqin hamkorlik va to‘g‘ri tanlangan qo‘shma chora-tadbirlar orqali” erishish mumkin.

Qozog‘iston rahbari, shuningdek, iintaqadagi iqlim bilan bog‘liq shu va boshqa masalalarni muhokama qilish uchun Olmaota shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun loyiha ofisini tashkil etish va 2026-yilda Qozog‘istonda BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar shafeligida mintaqaviy iqlim sammitini o‘tkazishni taklif qildi.