9-iyun kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda dastlab O‘zbekiston prezidenti sayloviga doir saylov byulletenining shakli, matni va tavsifi tasdiqlandi. O‘zbekiston prezidentligiga nomzodlarning familiyasi, ismi va otasining ismi saylov byulleteniga, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqish natijalari hamda saylov okrugi bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash to‘g‘risidagi bayonnomalarga lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi tartibida kiritiladi.

Saylov byulleteni o‘rtasida och ko‘k fonda O‘zbekiston davlat gerbining 88,5 millimetrli o‘lchamdagi tasviri va uning och ko‘k rangli chiziqli naqshi tushirilgan bo‘ladi. Saylov byulletenida uni to‘ldirish tartibi keltiriladi.

Byulletenda 4 nafar nomzodning familiyasi, ismi va otasining ismi alifbo tartibida joylashtiriladi. Uning ro‘parasida “plyus”, “iks” yoki “qushcha” belgisini qo‘yish uchun bo‘sh katak bo‘ladi.

Shuningdek, majlisda ayrim saylov uchastkalarida saylov jarayonini video-translyatsiya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, saylov kuni ovoz berish jarayonini real vaqt rejimida (onlayn) video-translyatsiya qilish maqsadida respublikaning barcha tuman va shaharlari hududida joylashgan ikkitagacha saylov uchastkalarida videokamera va boshqa zarur qurilmalar o‘rnatish yuzasidan aniq choralar belgilab berildi va tegishli qaror qabul qilindi.

Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ovoz berish jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish maqsadida saylovni o‘tkazuvchi 14-Toshkent shahar okrug saylov komissiyasining tavsiyasiga asosan Toshkent shahrining tumanlari hududida joylashgan ayrim saylov uchastkalarida saylov kuni saylovchilarni biometrik identifikatsiya qilish tizimi tajriba-sinov tariqasida joriy etilmoqda. Majlisda tajriba-sinov tariqasida ayrim saylov uchastkalarida saylovchilarni biometrik identifikatsiya qilish tartibi tasdiqlandi va qaror qabul qilindi.

Bundan tashqari, muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti saylovida xalqaro tashkilotdan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish to‘g‘risida MSKning qarori bilan YeXHT DIIHB, MDH kabi kuzatuvchi missiyalarning 43 nafar vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Shuningdek, mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi. Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar asosida 25 ta ommaviy axborot vositasining 124 nafar vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Xozirgi kunga qadar akkreditatsiyadan o‘tgan OAV vakillarining soni 353 nafarni tashkil etmoqda.