Toshkent shahridagi yana yettita avtobus yo‘nalishi 9-iyundan boshlab naqd pul tushumlarini topshirish bo‘yicha kunlik reja bekor qilingan holda brutto-shartnomalar asosida ishlashga o‘tkazildi. Bular 27, 51, 69, 94, 100, 131 va 185-yo‘nalishlar, deb xabar berdi “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi matbuot xizmati.

Bundan tashqari, 27 va 185-yo‘nalishlarda harakatlanuvchi tarkib Isuzu`dan past polli SAZ LE-60`ga o‘tkaziladi, 61-yo‘nalishda esa siqilgan gazda harakatlanuvchi beshta Yutong avtobusi ish boshlaydi.

Eslatib o‘tamiz, 5-maydan boshlab 5, 11, 18, 19, 37, 44, 67, 77, 83, 136, 139, 142, 72 va 81-yo‘nalishlar brutto-shartnomalarga o‘tkazilgandi.

Brutto-shartnomalar yo‘lovchi tashishni tashkil etish modeli bo‘lib, unda barcha tushumlar shahar budjetining maxsus hisobraqamiga o‘tkaziladi va shahar ma’muriyati tashuvchiga yo‘nalishlar bo‘yicha tashuvlarni amalga oshirgani uchun bajarilgan ishlar hajmidan kelib chiqqan holda ularning sifatini nazorat qilish sharti bilan haq to‘laydi. Bu haqda “Gazeta.uz” batafsil yozgandi.

“Toshshahartransxizmat” avgust oyida barcha avtobus yo‘nalishlarida (160 dan ortiq) kunlik naqd pul topshirish rejasi bekor qilinishini ma’lum qilgan.

Brutto-shartnomalarga o‘tish O‘zbekiston prezidentining fevraldagi jamoat transporti tizimini isloh qilish to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq joriy etilmoqda.

Bu qarorda, shuningdek, Toshkent shahrida jamoat transportida harakatlanish bo‘yicha moslashuvchan tariflarni joriy etish ko‘zda tutilgan. Biroq shahar kengashi tariflarni oshirishga qarshi chiqdi va islohotni 1-avgustga qoldirdi.