Toshkent davlat transport universiteti o‘tkazgan 1 mlrd 219 mln 300 ming so‘mlik davlat xaridi bekor qilindi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining xabar berishicha, 30-may kuni o‘tkazilgan xaridda ishtirok etgan 2 nafar tadbirkorning barcha hujjatlari xarid komissiyasi foydalanilgan kompyuterning IP-manzili orqali elektron platformaga yuklangani aniqlangan.

Jarayonda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 10-moddasi (raqobat va xolislik prinsipi), 14-moddasi (manfaatlar to‘qnashuvi), 46-moddasi (davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar) talablari buzilgan va boshqa qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgan.

To‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rilishi uchun Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborilgan. Bundan tashqari, holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazish uchun Transport vazirligiga so‘rovnoma kiritilgan.

Agentlikning taqdimnomasiga binoan Toshkent davlat transport universiteti tomonidan 5-iyun kuni xarid komissiyasining bayonnomasi bekor qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Energetika vazirligi quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha qariyb 2 trln so‘mlik tanlov bekor qilingan edi. Tanlovning barcha — 6 ta lotida ikkita kompaniya g‘olib chiqqan, tanlov noto‘g‘ri tashkil etilgani uchun energetika vaziri ichki tekshiruv e’lon qilgandi.