O‘zgidromet xizmati agentligi mamlakatda 25-iyundan 3-avgustgacha davom etadigan qirq kunlik davr — yoz chillasi paytida jaziramadan saqlanish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Oyning uchinchi o‘n kunligida issiq qisqa muddatga biroz kuchsizlanish davrlari bilan harorat asosan +36…+39 daraja, respublikaning shimolida, janubida va cho‘l hududlarida +42 daraja atrofida bo‘ladi.

“Umuman olganda, iyun oyi me’yordan 2−3 darajaga iliqroq bo‘ladi. Ayrim kunlarda ba’zi joylarda biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin, iyun oyidagi yog‘ingarchilik miqdori me’yordan kam bo‘lishi kutilmoqda. Iyul va avgust oylari uchun ob-havo prognozlari faqat ehtimollik shaklida tuzilishi mumkin — bu uzoq muddatli prognozlarga eng to‘g‘ri va aniq yondashuvdir”, — deyiladi xabarda.

Meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari davomida eng issiq iyun oyida havo harorati ko‘pchilik viloyatlarda ba’zi joylarda +44…+46 darajagacha, Qizilqum cho‘lida 47 darajagacha, respublikaning eng janubida +48…+49 darajagacha ko‘tarilgan.

Shu o‘rinda yozning issiq kunlarida xatti-harakatlarning ba’zi asosiy qoidalari bo‘yicha eslatma berib o‘tilgan. Ular quyidagilar:

  • Quyoshda uzoq vaqt qolmaslikka harakat qiling, ayniqsa kunning o‘rtasida. Agar buning iloji bo‘lmasa, tanani va boshni to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlaridan himoya qilishga harakat qiling.
  • Ko‘p suyuqlik iching. Muzlatkichdan muzli ichimliklar emas, balki iliq suv yoki eng yaxshisi ko‘k choy ichish tavsiya etiladi.
  • Ko‘proq meva, sabzavotlar iste’mol qiling. Juda achchiq va yog‘li ovqatlarni ite’mol qilmaslikka harakat qiling.
  • Sovitish moslamalari bilan jihozlanmagan do‘konlardan mahsulotlar xarid qilmang — ular quyoshda qancha vaqt bo‘lganini bilib bo‘lmaydi.
  • Konditsionerli xonada bo‘lganingizda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri sovuq havo oqimi tagida o‘tirmang va konditsionerni 18 darajadan past bo‘lmagan haroratga tushiring.

Shuningdek, yurak-qon tomir kasalliklari bor insonlar dori-darmonlarni qabul qilish bo‘yicha shifokor bilan maslahatlashishlari kerak.

Bundan tashqari, Sog‘liqni saqlash vazirligi ham yoz chillasini qanday o‘tkazish kerakligi bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Unga ko‘ra, issiq havoda tabiiy, yorqin rangdagi, paxta matosidan bo‘lgan kiyimlarni kiyish maqsadga muvofiq. Mavsumga mos bunday liboslar terining nafas olishiga imkon yaratadi, tana qizib ketishining oldini oladi.

Iloji boricha to‘g‘ri tushayotgan quyosh nuridan saqlanishga harakat qilish va bosh kiyim kiyib yurish lozim.

Quyosh nuri soat 12:00 dan 16:00 gacha juda faol holatda bo‘ladi. Shuning uchun bu vaqt oralig‘ida ko‘chaga chiqishni rejalashtirmagan ma’qul. Ammo tashqariga chiqishga zarurat bo‘lsa, tananing ochiq joylarini quyosh nuridan asrashga harakat qilish kerak.

Issiq ob-havoda organizmda suv balansi buziladi hamda ko‘p namlik yo‘qotiladi. Shuning uchun jaziramada kuniga 3 litrdan kam bo‘lmagan miqdorda suyuqlik ichish zarur. Yoz kunlari chanqoqni olcha, olma va nordon mevalardan tayyorlangan sharbatlar, ayron hamda limonli suvlar bosadi.

Jazirama kunlarda qahvadan voz kechgan ma’qul. Chunki u issiq kunda charchoqni oshiradi. Shirin va gazlangan ichimliklar ham tavsiya etilmaydi. Issiq ob-havoda spirtli ichimliklardan tiyilish kerak.

Avvalroq avtomobilni jaziramadan saqlash uchun nimalar qilish kerakligi bo‘yicha ba’zi maslahatlarni keltirib o‘tgandik.