Xalqaro valyuta jamg‘armasi boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva O‘zbekiston Markaziy bankidagi yoshlar bilan uchrashuvida mamlakatdagi suv taqchilligi bo‘yicha savolga javob berib, XVJ mamlakatlarga birinchi navbatda suv resurslarining to‘g‘ri narxlanganiga ishonch hosil qilish borasida tavsiya berishini aytdi. Shuningdek, u Markaziy Osiyo mamlakatlarining suv bo‘yicha hamkorligi muhimligini ta’kidladi va Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratovdan O‘zbekistondan suv bo‘yicha narx siyosati qanday ekanini so‘radi.

Uchrashuv ishtirokchilaridan biri Kristalina Georgiyevaga Markaziy Osiyo mintaqasida jiddiylashib borayotgan suv tanqisligi muammosiga XVJning nuqtai nazari qanday ekani bo‘yicha savol berdi. Shuningdek, XVJ boshqaruvchi direktoridan mahalliy hokimiyat organlari ushbu muammoning salbiy oqibatlarining oldini olish uchun qanday choralar ko‘rishi kerakligi bo‘yicha shaxsiy fikri so‘raldi.

Kristalina Georgiyeva dastlab global iqlim o‘zgarishi bu muammoni jiddiylashtirayotgani haqida gapirdi.

“Biz global miqyosda keskin ob-havo hodisalarining ko‘payishiga duch kelmoqdamiz. 2020-yil barcha qit’alarda iqlim bilan bog‘liq ofatlar kuzatilgan birinchi yil bo‘ldi. Hech qaysi qit’a bundan chetda qolmadi. Va, albatta, iqlim o‘zgarib borayotgan dunyoda shundoq ham tanqis bo‘lgan suv yanayam tanqislashishi oydinlashib bormoqda”, — dedi u.

XVJ boshqaruvchi direktori tashkilot mamlakatlarga birinchi navbatda bu resursning to‘g‘ri narxlanganiga ishonch hosil qilishni tavsiya qilishini aytdi. “XVJda biz suv iqtisodiyotini o‘rganyapmiz va mamlakatlarga doimiy ravishda tavsiya qiladiganimiz birinchi navbatda ushbu resurslarning to‘g‘ri narxlanganiga ishonch hosil qilishdir. Chunki, agar bunday bo‘lmasa, u isrof qilinadi”, — dedi Kristalina Georgiyeva.

Ikkinchi masala sifatida u Markaziy Osiyo mamlakatlari suv masalasida bir-biriga bog‘langaniga e’tibor qaratdi.

“Ikkinchidan, Markaziy Osiyo mintaqasida suvni o‘zaro bo‘lishasizlar va sizda shunday noyob vaziyat mavjudki, O‘zbekiston Qirg‘iziston va Tojikiston suv manbalarining quyi oqimiga bog‘liq hisoblanadi. Sog‘lom huquqiy asosga va o‘zaro kelishuvga asoslangan hamkorlik bu resurslarni joylashtirishda strategik yo‘nalish ekani uchun juda muhim. Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston manfaatlarini ta’minlovchi, bu umumiy resursdan birgalikda foydalanish imkonini beruvchi ba’zi qo‘shma loyihalar haqida eshitganimdan xursand bo‘ldim”, — dedi u.

Shuningdek, Kristalina Georgiyeva jamoatchilikni bu muammoga jalb qilish, suvni asrash, shuningdek, suvni boshqarishni jamiyat darajasiga yetkazish, suvning qadr-qimmati haqida jamoatchilikni xabardor qilish kampaniyalari kerakligi haqida ham gapirib o‘tdi. Nutqi davomida u yomg‘ir suvlarini yig‘ish masalasiga ham to‘xtaldi.

“Yomg‘ir suvlarini yig‘ish masalasida ham hali ko‘p ish qilish mumkin. Undan so‘ng yig‘ib olingan suvning eng yaxshi usulda joylashtirilishi uchun eng yaxshi shaklda yo‘naltirilganiga ishonch hosil qilish kerak. O‘zbekistonda ham bu masalada bir qancha ishlar qilinayotganini ko‘ryapman. Lekin yanada ko‘proq narsa qilish mumkin. Umuman olganda, sizga suv bo‘yicha iqtisodiy, siyosiy nuqtai nazardan kelajakda qanday choralar ko‘rish yuzasidan to‘g‘ri yo‘lni o‘z ichiga oluvchi yaxlit yondashuv zarur. Tinch Markaziy Osiyo suv qadrlanadigan va adolatli taqsimlanadigan Markaziy Osiyo bo‘ladi”, — dedi XVJ boshqaruvchi direktori.

Shundan so‘ng Kristalina Georgiyeva Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratovdan O‘zbekistonda suv bo‘yicha narx siyosati qandayligini so‘radi.

крисtaлина георгиеva, марказий bank, suv tanqisligi, хвж

“Bir so‘z bilan aytganda, bozorga hali o‘tilmagan. Hozircha suvning narxi bozorda shakllanishiga o‘tishni o‘ylayapmiz. Hozircha faqat birinchi qadamlar qo‘yildi”, — deb javob berdi bu savolga regulyator rahbari.

Javobining yakunida Kristalina Georgiyeva suv qadrlanmasa, yaxshi natijalarga erishish qiyin bo‘lishini bildirdi.

“Bu, albatta, islohoti kutilayotgan soha. Buni juda ehtiyotkorlik bilan, ijtimoiy oqibatlari haqida o‘ylab amalga oshirish kerak. O‘zbekistonda aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha yaxshi targetlangan tajriba mavjud. Bu suv masalasida ham amalga oshirilishi mumkin. Ammo shuni aytmoqchimanki, agar o‘zimiz suvni qadrli deb hisoblamasak va ko‘rsatmasak, yaxshi natijalarga erishish qiyin bo‘ladi”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq MHTI ekspertlari O‘zbekiston suv tanqis bo‘lgan 33 ta davlat qatoriga tushib qolish ehtimoli borligini qayd etgandi. Shuningdek, Qirg‘iziston energetika va sanoat vaziri o‘rinbosari Taalaybek Ibrayev 2021-yilda Toqtogul suv omborining suv sathi “o‘lik chegara” darajasigacha tushishi ehtimoli kattaligi tufayli Markaziy Osiyo davlatlarini kutilayotgan suv tanqisligidan ogohlantirgandi.