10-iyundan 10-sentabrgacha Toshkent shahrida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etiladigan “Gustav Klimt va buyuk impressionistlar” nomli yangi multimedia ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.

Bungacha “Van Gog bo‘lmoq” va “Monedan Kandinskiygacha. San’atdagi inqilob” multimedia ko‘rgazmalari o‘tkazilgan.

Yangi ekspozitsiya ikki qismdan iborat: mashhur badiiy harakatga bag‘ishlangan “Impressionistlar” va avstriyalik rassomning hayoti va ijodi haqida hikoya qiluvchi “Gustav Klimt”.

густав климт, impressionistlar, multimedia кўргазма

Birinchi qism ushbu badiiy yo‘nalishning asoschisi hisoblangan Eduard Manening ijodi bilan boshlanadi. Shuningdek, tashrif buyuruvchilar Klod Mone, Edgar Dega, Ogyust Renuar, Anri de Tuluza-Lotrek va Anri Russo asarlarini ham ko‘rishadi.

“Raqamli texnologiyalar sharofati bilan impressionistlarning durdona asarlarini go‘zal musiqa, ulkan ekranlar va zamonaviy raqamli aks-ta’sirlar uyg‘unligida tomosha qilish mumkin”, — deydi tashkilotchilar.

Ekspozitsiyaning ikkinchi qismi Gustav Klimt hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan. Ko‘rgazmada rassomning 100 dan ortiq suratlari taqdim etilgan.

Pavilyon har kuni soat 10:00 dan 20:00 gacha ochiq, oxirgi sessiya 19:10 da boshlanadi. Juma kunlari ko‘rgazmaga kirish bepul. Qolgan kunlarda uning narxi 20 ming so‘m. Maktabgacha yoshdagi bolalar va maktab o‘quvchilari uchun kirish bepul. Talabalar va pensionerlar uchun 50 foizlik chegirma mavjud.