Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida elektrobus va Cobalt ishtirokida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar qilmoqda poytaxt IIBB YHXB matbuot xizmati.

Hodisa 6-iyun kuni soat 15:20 larda Mirzo Ulug‘bek tumani Durmon yo‘li — G‘azalkent ko‘chalari kesishgan chorrahasida, 1958-yilda tug‘ilgan L.S. boshqaruvida bo‘lgan Yutong elektrobusi hamda 2003-yilda tug‘ilgan Y.F. boshqaruvidagi Cobalt ishtirokida sodir bo‘lgan.

YTH oqibatida Cobalt haydovchisi olgan tan jarohatlari sabab tibbiy muassasaga olib borilgan. Tibbiyot xodimlarining sa’y-harakatlariga qaramasdan Y.F. vafot etgan. Shuningdek, Cobalt avtomashinisining bir nafar yo‘lovchisi ham olgan tan jarohatlari oqibatida shifoxonaga yotqizilgan, hozirda u shifokorlar nazoratida.

йтҳ, yutong, elektrobus

“Toshshahartransxizmat”ning ma’lum qilishicha, Cobalt haydovchisi svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘iga harakatlanib, Do‘rmon yo‘li ko‘chasidan G‘azalkent ko‘chasiga chorrahadan chapga burilayotgan elektrobusning old yon qismiga kelib urilgan.

Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, 5-iyun kuni ham Yutong elektrobusi ishtirokida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgandi. Unda ham YTHga yengil avtomobil svetoforning taqiqlovchi chirog‘iga harakatlangani sabab bo‘lgan.