Samarqand shahridagi Kongress markazida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va davlat tashrifi bilan mamlakatda bo‘lib turgan Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning muzokaralari bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Uchrashuvda siyosiy muloqot va madaniy-gumanitar almashinuvni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgani qayd etildi.

Diplomatik munosabatlar tarixida birinchisi bo‘lgan ushbu oliy darajadagi tashrif ikki tomonlama hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi hamda uni keng qamrovli sheriklik darajasiga ko‘tarishga xizmat qilishi qayd etildi.

қаtaр

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Qatarni nafaqat Yaqin Sharq mintaqasida, balki butun arab-musulmon olamida o‘zining istiqbolli hamkori sifatida bilishini aytib, muloqotlar bois munosabatlarda katta siljish kuzatilayotganini ta’kidladi.

Toshkentda Qatar elchixonasi ochilgani ikki tomonlama hamkorlikni faol ilgari surishda muhim o‘rin tutgani ta’kidlandi. Qatar tomoni Dohada O‘zbekiston elchixonasi ochilishi ushbu jarayonga kuchli sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirdi.

Tomonlar o‘zaro savdo ko‘rsatkichlarini oshirish, qo‘shma investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini amalga oshirishga tayyor ekani ta’kidlandi.

қаtaр

Qatarning yetakchi kompaniyalari energetika, gaz-kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, logistika, turizm va boshqa tarmoqlarda umumiy qiymati 12 milliard dollardan ziyod yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etishi yuzasidan kelishuvga erishildi.

Loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida shu yil sentabr oyida O‘zbekiston-Qatar investitsiya forumini o‘tkazish hamda qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini yaratish masalasini ko‘rib chiqish taklif etildi.

Davlat rahbarlari Markaziy Osiyoni Ko‘rfaz mamlakatlari bilan bog‘laydigan eng qisqa, ishonchli va xavfsiz yo‘laklarni shakllantirish muhimligini qayd etdi.

Madaniyat, ta’lim va turizm sohalaridagi almashinuvlarni faollashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, shu jumladan, birgalikda madaniyat kunlari, konsert dasturlari, ko‘rgazmalar, hunarmandchilik va pazandachilik namoyishlarini o‘tkazishga kelishib olindi.

Mamlakatlar poytaxtlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilayotgan muntazam aviaqatnovlar ishbilarmonlik aloqalari va o‘zaro sayyohlar oqimining ortishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Tomonlar Afg‘onistonga nisbatan pragmatik siyosat yuritilishi, mamlakat iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash va afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatilishi muhimligini ta’kidladi.

Transafg‘on temiryo‘lini barpo etish bo‘yicha strategik loyihani amalga oshirishni birgalikda ilgari surish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunlangach, Shavkat Mirziyoyev va shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy huzurida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan 15 ta ikki tomonlama hujjatni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

қаtaр

Jumladan, quyidagilar qabul qilindi:

  • Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
  • Ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish hamda daromad va mulk soliqlarini to‘lashdan bosh tortishni bartaraf qilish to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
  • Bojxona ishlarida o‘zaro ko‘mak ko‘rsatish to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
  • Mehnat munosabatlari sohasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
  • Diplomatik pasport egalarini viza talablaridan ozod etish to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
  • Oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo memorandum;
  • Madaniyat sohasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo memorandum;
  • Savdo sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
  • Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
  • O‘simliklar karantini va himoyasi sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
  • Sport va yoshlar ishlari sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
  • Toshkent va Doha shaharlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum.

Shuningdek, tashqi ishlar va adliya vazirliklari o‘rtasida 2023−2025-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturlari hamda Ustuvor investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun qo‘shma platforma yaratish to‘g‘risida kelishuv imzolandi.

O‘zbekiston-Qatar sammiti yakunida rahbarlar Samarqanddagi Kongress markazi bog‘ida birgalikda daraxt ekdi.

Shu bilan Qatar amirining O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunlandi. Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni bosh vazir Abdulla Aripov kuzatib qo‘ydi.